Buxoroni kuylamay bo'lmas!

Bu cheksiz davlati ma'mur — Buxorodan, Buxorodan.

Bu tengsiz san'ati manzur — Buxorodan, Buxorodan.

Jamol KAMOL

Yozilmagan shunday qoida bor: yaxshi narsa-hodisalar, mo''tabar manzil-makonlar, fazilatli insonlar haqida hammaning yozgisi, hammaning gapirgisi keladi. Buxorodek sharif shahar, uning fozil odamlari haqida-ku aytmasa ham bo'ladi!

Taniqli shoir Xushboq Rahim qalbida ham Buxoroga ana shunday oshuftalik bor. Bu oshuftalikning omillari ko'p.

Avvalo, Buxoroning olamaro sharafi bunga kafil. Zotan, Buxoro haqida yozmagan yoxud yozishni orzu qilmagan ijodkorni topish mushkul. Bu sharif shaharni ozmi-ko'pmi bilgan, uning tarixidan xabardor inson qalbida chuqur ehtirom bilan birga teran iztirob ildiz otadi. Bu faxr va iztirob tuyg'usi beixtiyor qo'lga qalam olishga, hayajonlarni qog'ozga tushirishga undaydi. Buxoro va buxoroliklar haqida bitilgan yuzlab she'r, bag'ishlov hamda qasidalar, o'nlab hikoya, qissa va romanlar, ocherk va maqolalar — ana shunday hayajonlar mevasi.

Buxoro Xushboq Rahimni yoshlik chog'idayoq o'ziga maftun etgan. Bu maftunlik u o'tgan asrning oltmishinchi yillarida Buxoro davlat pedagogika institutida tahsil olgan yillarda yangicha mazmun va taassurotlar bilan boyidi. Surxon tog'lari bag'rida, baxshilar sasini tinglab, kengliklar nafasini jismu jonida his etib voyaga yetgan navqiron yigit qadim va muhtasham Buxoroda — o'tmish va yangi davr tutashgan manzilda azim chinordek qad ko'tardi.

Buxoro uni nafaqat ilmu ma'rifati, balki mehru muhabbati bilan ham siyladi. Tahsil yillarida ko'ziga olovdek ko'ringan va bir umrlik yo'ldoshi sifatida qabul qilgan ayoli Mahmudaxon uni Buxoroga bir umrga bog'ladi. Shu tariqa Xushboq ota Surxonu Buxoro uchun birdek aziz farzandga, Surxonu Buxoroni birdek suyib-ardoqlovchi kuychi-shoirga aylandi.

Asli kasbi matematika fani o'qituvchisi bo'lgan, falsafadan nomzodlik ishini yoqlagan Xushboq otaning tarixga, shuning barobarida, she'riyatga mehr qo'yishi tasodif emas. Falsafa — fanlarning otasi. O'tmish ajdodlar yagona fan o'laroq falsafani bilishgan va boshqa barcha fanlarni uning bag'rida idrok etishgan: matematika, ya'ni riyoziyot, kimyo, tibbiyot, falakiyot, musiqa, tarix — xullas, bari-barini. Ularning qomusiyligi, tafakkur dunyosining kengligi siri ham shunda bo'lsa kerak. Ular qay bir sohani egallashmasin, bu soha manziliga boshqa sohalar “ichidan o'tib kelishgan”, shu tariqa ular tafakkurida qomusiylik qaror topgan, ular faoliyatida ilm va fan mushtarakliklari bo'y ko'rsatgan.

Xushboq Rahim qalbida ham shunday orzu kurtak otganini, u ham dunyoni o'tmish ajdodlar singari raqamlar, narsa-hodisalar, sabab va oqibatlar in'ikosi o'laroq idrok etishga intilib kelayotganini keksa shoir ijodidan ozmi-ko'pmi xabardor inson yaxshi anglaydi. Zotan, Xushboq Rahimning bitiklarida falsafa ham, tarix ham, raqamlar ham, til, millat, qadriyat ham — bari-bari mujassam. Bu — yillar davomida ko'ngildan kechgan dard va iztiroblar mevasi, orttirilgan tajribalar, kuzatish va xulosalar mahsuli. Muhimi, bu dard va iztiroblar ham, kuzatish va xulosalar ham cho'ng va yukli. Shu bois ularga shunchaki ko'z yugurtirib qo'yish mushkul: o'ylatadi, xayolga toldiradi, qalbga og'riq beradi ular. Chunki adolat yuzasidan aytganda, yurtimiz tarixi — iztirob va fojialar tarixi, uning solnomasida quvonchdan ko'ra qayg'uli onlar bisyor. Va, tabiiyki, bu iztirob va fojialarni qog'ozga tushirish ham, mutolaa asnosida ularga ro'baro' kelish ham og'riqli. Ammo ahli qalam ham, kitobxon ham bundan ranjimaydi. Zotan, adabiyotning o'zi dard, so'zning o'zi iztirobdir.

Ayniqsa, tarixiy mavzuga qo'l urganda, bu dard va iztiroblar yana va yana yolqinlanadi. Zero, dard va iztirob tarixi yagona bo'lgani bilan, uning har bir qalbda inkishof etiladigan aks-sadosi turfadir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, dunyoda jafokash mulku mamlakat ham, millatu elat ham, el-ulus ham bisyor. Jafokash shaharlar ro'yxati ham salmoqli. Inchunin, Movarounnahrning ko'hna shaharlari jafokashligi bilan doimo diqqat-e'tiborda bo'lib kelgan. Ammo to'rt ming yildan ziyod tarixga ega bo'lgan Buxoro kechmishi ulardan-da og'riqliroq.

“Menga Buxoroda yashamoq sharaf, menga Buxoroda yashamoq azob” deb yozgan edi qadim shaharning otashnafas kuychisi Toshpo'lat Ahmad. Buxoroda yashashning sharafi barchaga ayon, ammo azobning sababi nimada?

Gap shundaki, qadim Buxoro ko'p muhorabalarni ko'rdi. Buyuk Narshaxiy shahodaticha, to'rt ming yildan kam bo'lmagan tarixga ega bu shahar dastlab Eronu Turon bahslari maydoniga aylandi. Keyinchalik arab va mo'g'ul bosqini, undan so'ng rus chorizmi va bolsheviklar armiyasi shaharni ko'pdan-ko'p qadriyatlaridan, noyob merosidan mosuvo etdi. Ha, dunyoda jafokash shaharlar ko'p, biroq Buxoro bu bosqinlardan nafaqat moddiy, balki bemisl ma'naviy zarar ham ko'rdi. Bu zararlarni birgina asarda ifoda etib tugatish mushkul. Shu bois Xushboq Rahim ularning mushtarak jihatlariga, ayniqsa, ma'naviy yo'qotishlarimizga ko'proq urg'u bergan. Va har gal Buxoroning o't ichidagi samandar misol qayta-qayta qad ko'targanligini faxr-iftixor bilan ta'kidlashga muvaffaq bo'lgan.

Badiiy adabiyot tarixidan ma'lumki, shaxs va jamiyat tarixi haqida hikoya qiluvchi asarlarda, jumladan, doston va qasidalarda sof lirika tabiatidan ko'ra epik ifoda va bayon ustuvorlik qiladi. “Buxoro qasidasi” mutolaasi jarayonida bunga guvoh bo'linsa, aslo hayron bo'lmaslik kerak. Zotan, muallifning maqsadi faqat ko'hna va boqiy shaharni vasf etish emas, balki uning dard va iztirobi tarixini she'riy satrlar orqali tasvirlashdan iboratdir.

Shu ma'noda asarga xos yana bir fazilatni ta'kidlash lozim: qasidaning deyarli har bir sahifasi ostida havolalar bor. Buxoroga bevosita va bilvosita aloqador bo'lgan shaxslar, hodisalar, manzil-makonlar sharhu izohi aks etgan bu havolalar asarni o'ziga xos qomusga aylantirgan. Ya'ni kitobdan Buxoro va Movarounnahr tarixiga oid, ham she'r vositasida, ham sharhu izohlar vositasida taqdim etilgan mingga yaqin qimmatli ma'lumotni olish mumkin.

Ammo bu ma'lumotlarni topish va bir maxrajga keltirish, ularni badiiy asar arxitektonikasiga jo etish ham katta mehnat talab qiladi. Xushboq Rahim buni ustalik bilan uddalagan. Bir-birini to'ldiruvchi bu ikki vosita asarning yaxlit badiiy va ma'rifiy-publitsistik yaratmaga aylanishini ta'minlagan.

Darvoqe, “Buxoro qasidasi” Xushboq Rahim ijodidagi Buxoro haqida bitilgan birinchi asar emas. Uning “Milliyat” (2007), “Buxoro qasidasi” (2010), “Ko'ngil falsafasi” (2013), “Qorako'lnoma yoxud qalb qo'ri” (2014) kitoblari hamda boshqa qator majmualaridan o'rin olgan o'nlab she'rlarida ko'hna va boqiy shaharga mehr va ehtirom o'z ifodasini topgan.

“Buxoro qasidasi” — ana shu beg'ubor tuyg'ularning mevasi. Uning mutolaasi Olam-olam taassurot qoldirishiga, xalqimizning asriy orzu-intilishlari va zakovati asroriga oshno aylashiga ishonaman.

Shodmon SULAYMON,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi

Buxoro viloyati bo'limi rahbari,

filologiya fanlari nomzodi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + 19 =