Samarqandga borsam men agar…

Samarqand – tarixning ming bir zarbasini ko'rgan va o'zida cheksiz haqiqatlarni, ne-ne xilqatlarni saqlovchi boqiy shahar. Bu maskanga qadam qo'ygan inson uchun yangi bir dunyo ochiladi. Qad rostlagan binolar o'zining tengsiz go'zalligi va mahobati bilan nimadir demoqchidek tuyulaveradi.

Shubhasiz, Samarqand sayohatini istagan  odam borki, ko'hna Registon maydonini, Amir Temur va uning yaqinlari mangu qo'nim topgan Go'ri Amir, Shohi Zinda, Bibixonim ziyoratgohlarini, Hazrati Hizr maqbara va masjidlarini ziyorat qiladi.

Samarqand ko'chalarida yurar ekansiz, mana shu yo'llardan bir paytlar Buyuk Amir Temur, Mirzo Ulug'bek va boshqa ulug' insonlar yurganini, jangu jadal, sulhu obodlik, rasmu rusum, yana nedir buyuk ishlar uchun o'tganini his qilasiz.

Ro'yi zamin sayqali bo'lmish bu shaharga to'rtinchi bor yo'l oldik. Oilamdagilar turli yumush va tashvishlar bahonasida kelganlar. Men bo'lsam, ularga Samarqand ziyorati uchun qo'shilganman. Bu shaharni yanada teranroq his qilishga urinaman. Naqshinkor binolar va ularning moviy gumbazlaridan o'zimcha sir-sinoat, haqiqat izlayman…

Samarqandga kirib kelar ekanmiz, shaharning markaziy va qadimiy savdo maskanlaridan biri Siyob yaqinidan o'tamiz. U yerdan uncha uzoq bo'lmagan masofada, shahar ichida oq devor bilan o'ralgan qum tepaliklar e'tiborimizni tortdi. Dastlab Samarqandning poytaxt bo'lgani va qadimiy obidalarning ko'p qismi yaxshi saqlanib qolganligi, turizm markazlaridan ekanligi sabab ham zamonaviy shahar ichidagi qum tepaliklar biroz o'ylantirib qo'ydi. Qanday sirlarni o'z qa'rida saqlab kelmoqda ekan bu qumtepalar?

Shahararo sayohatimizni odatdagidek Registon ansamblidan boshladik. Maydonda o'z davrining yirik ilmiy markazlari bo'lgan Ulug'bek, Tillakori, Sherdor madrasalari joylashgan bo'lib, ular olis tarixdan so'zlayotgandek. Registonning yon tomonida birinchi prezidentimiz Islom Karimov haykali qad rostlagan. Ikki ob'yekt o'rtasidagi ko'cha bilan Siyob bozoriga chiqiladi. Ma'lumotlarga ko'ra, ushbu bozor nafaqat O'zbekistonda, balki O'rta Osiyoda ham eng katta va qadimiy bozorlardan sanalar ekan. Maydoni 7 gektarni tashkil etadigan bu joyda avvallari Yer yuzida birinchi bora qog'oz ishlab chiqarilgani va sotilgani haqida ma'lumotlar mavjud. Siyob yaqinidan Siyob daryosi oqib o'tadi va bozor nomi ham shundan kelib chiqqan bo'lib, “qora suv” degan ma'noni anglatadi. Yilning to'rt faslida ham ushbu bozordan dunyoning turli tomonlaridan kelgan mehmonlarning qadami uzilmaydi.

Bozor aylanishni keyinroqqa  surib taxminan 2 km sharq tomonga yurilsa, panjara devorlar bilan o'ralgan keng maydon sahni va Samarqand davlat tarixi muzeyi ko'zga tashlanadi. Shu yerning o'zidan ko'p asrlik tarixni yashirib yotgan Afrosiyob yodgorliklariga kirish imkoni bor.

Afrosiyob qal'asi – O'zbekistonning tarixiy-arxeologik yodgorliklaridan biri bo'lib, VII-XIII asrga tegishli shahar qoldiqlaridan iborat. Bir qaraganda shunchaki baland-past tepaliklar va sayhonlikdan iborat maydon. Ana shu yerda bir vaqtlar shahar bo'lganiga ishonish qiyin. Lekin tuproq ostida qolgan kent asta-sekin bizga sirlarni ocha boshladi.

O'tgan davrlarda Afrosiyob shahri Samarqandning markazi bo'lgan. Afrosiyob so'zining izohli ma'nosiga to'xtalsak, “afro” – shahar, “siyob” – daryo “ daryo ustidagi shahar” ma'nosini anglatadi. 219 gektardan iborat keng sayhonliklar, tepaliklarda hanuz qazilma ishlari olib borilmoqda. Chunki shaharning dastlabki tarixi haqida yozma manbalarda ham yetarli ma'lumotlar mavjud emas. Faqatgina XVII asrdan keyingi manbalarda bu yerlarni  “Hisori Ko'hna”, “Qal'ai ko'hna” nomlari bilan atashgani va shaharda sug'diylar yashagani aytiladi. Uning butunlay xarobaga aylanib, qum ostida qolishiga sabab sifatida XII asrda mo'g'ullarning ayovsiz bosqini ko'rsatiladi. Ushbu tarixiy ahamiyatga ega yodgorliklar hozirgi kunda xalqaro Yunesko ro'yxatiga kiritilgan.

Arxeologik qidiruvlar davomida shahar aholisining o'sha davrdagi  yashash sharoiti, urf-odatlari, savdo-sotiq markazlari, ko'cha va maydonlari, hunarmandchilikning qanday bo'lgani haqida ma'lumotlar to'planmoqda ekan. Xususan, Samarqand tarixigi oid masalalarga oydinlik kirituvchi topilmalar ham aynan shu qal'adan topilgan. Masalan miloddan avvalgi V-VI asrlarga tegishli mudofaa devorlari ostidan guvaladan qurilgan yanada qadimgi devor qoldiqlari ochilib, Samarqandning yoshi  miloddan avvalgi VIII asr o'rtalariga oid ekanligi o'z isbotini topgan. Shaharning arki a'lo qismida milodiy VIII asrga oid murabba shaklidagi Samarqand ixshidlarining mahobatli saroyi qoldiqlari topilishi shular jumlasidandir.

So'g'diyonaning markazi Maroqand (hozirgi Samarqand) shahri bo'lgan. Maroqandning qoldiqlari sifatida hozirda “Afrosiyob shahri xarobalari” nomi bilan saqlanadigan me'moriy yodgorliklar tushuniladi.

Tepaliklarning shundoq yonginasida 1970 yilda Samarqand shahrining 2750 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan “Afrosiyob – Samarqand shahri tarixi” muzeyi mavjud bo'lib, shaharning shimoli-sharqiy qismida joylashgan. Afrosiyob shahri qoldiqlari va topilmalari aynan shu muzeyda saqlanar ekan. Umuman, jamiki muzeylar vatanimizning boy tarixi va dunyo tamaddunidagi o'rni haqida so'zlaydi, hikoya qiladi. Ko'plarning e'tiborini tortmaydigan, lekin qadim Samarqandning o'zidan-da qadimiy kechmishdan darak berayotgan bu moziyxona katta ilmiy o'rganishlarga manba bo'ladigan  tarix sahifalaridir.

Muzey ikki qavatdan iborat bo'lib, ekspozitsiya zallarida miloddan avvalgi birinchi ming yillikdan XIII asrning boshlarigacha bo'lgan davrdagi Samarqand tarixiga oid osori-atiqalarni o'zida mujassam etgan. Muzeyda ko'hna Samarqandning madaniyatini yorituvchi sopol, shisha, tosh, metall, suyak, koroplastika va me'moriy naqshlardan iborat 20 mingdan ortiq eksponatlar bor.

Ushbu qadimiy shahar va muzey haqida batafsilroq ma'lumot olish maqsadida muzeyning katta ilmiy xodimi Dilnoza Iskandarova bilan suhbatlashdik:

— Ushbu muzey Afrosiyobning tarixi va moddiy madaniyatini yoritib beruvchi maskan hisoblanadi. Bu yerda umumiy hisobda 3 mingga yaqin eksponat mavjud. Ma'lumki, sug'diylar yashagan bu hudud Sug'diyona deb atalgan va Samarqand uning markazi bo'lgan. Shaharchada qidiruv ishlari ancha yillardan beri davom etib kelmoqda. 1965 yilda Afrosiyob yodgorliklaridagi qazishmalar chog'ida qadimiy qasr devorlaridan suratlar topilgan va shu yerda 1970 yili ushbu muhtasham arxeologiya va tarix muzeyi bunyod etilgan, – dedi D.Iskandarova.

Bu bilganlarimiz, eshitganlarimiz qanchalik haqiqat yoki yo'q, anglash mushkul, lekin yer ostini qazish vaqtida topilgan devorlardan ko'chirib olingan bo'laklar muzey eksponati sifatida saqlanib turar ekan, ularda VII-VIII asrlarda ishlatilgan mineral bo'yoqlarning hanuz saqlangani va ko'zni olishiga qarab, behad lol bo'ladi odam.

Shahar ichra shahar, tarix ichra tarix. Naqadar muazzam ilmdir, nurdir, hikmatlarga qorishiqdir xalqimizning kechmishi. Bu muqaddas tuproqda odamlar shunchaki yashab o'tmaganlari, yuksak madaniyatga ega bo'lgani, ilmu hunarda tengsiz bo'lgani, o'z yerini yovdan qattiq himoya qilgani, zako, idrok, iqtidor va mehnat bilan qanday ulkan inshootlar barpo qilganidan darak bermoqda bu tarix qoldiqlari. Afrosiyob shahrining xarobalarini kuzata turib, xalqimizning shoni va sha'ni yaqqol namoyon etilgan bir suronli voqelik manzarasi ko'zlardan tasmadek o'tadi. Ha, yaqiniga borib ko'rgan sari, o'zingiz manzaralarni, hodisalarni, tarixni, ajdodlar qiyofasini, hayot tarzini xayolingizda yaratasiz va o'zingiz xayolingizda tomosha qilasiz ekan.

Yurtdoshlarimizga Samarqand safarlariga chiqqanda, boshqa ziyoratlar qatori, ana shu me'moriy obidani ham ko'rib o'tishlarini tavsiya etgan bo'lardik. Zero, boshqa yodgorliklar qatori, u ham har birimizni ulug' ajdodlarga munosib bo'lishga chorlaydi. Kun kelib, xorijlik sayyohlardan, tarixshunos olimlardan eshitib bilgandan ko'ra, o'z ko'zimiz bilan borib ko'rganimiz yaxshiroq, albatta.

Shu o'rinda bir mulohaza. Sayohat davomida bugungi Samarqandda ham ko'pdan-ko'p yangi qurilishlar, jumladan, ko'p qavatli uylar va turli inshootlar bunyod etilayotganiga, yo'llarning ta'mirlanayotganiga guvoh bo'lish mumkin. Samarqandga tutash yangi shaharcha — “Samarqand city”ning qad rostlayotgani — yuksalish namunasi. Qolaversa, shaharning yanada kengayib, obod va ko'rkam bo'lib borayotgani yaxshi. Ammo… bir haqiqatni tan olaylik: butun dunyoni o'z tarixi, betakror obidalari, maydonlari, katta-kichik qadim yo'llari, yo'laklari bilan o'ziga chorlaydigan go'zal Samarqandi azimni hech kim birinchi navbatda 20 yoki 40 qavatli qurilgan zamonaviy uylarni ko'rish uchun kelmaydi. Hamma qadim Samarqandni ko'rgani, muborak qadamjolarni ziyorat qilgani keladi! Shuni unutmasak va shu bois, shahardagi birorta eski ko'cha, obidaga, ulardagi biror g'ishtga ham ziyon yetkazilmasa bo'lgani…

Gulnora IKROMOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × one =