Ko'ngilda hayratu hayajon

Mana bir necha kundirki, ichimga sig'may yuribman. Go'yoki, ruhim yettinchi falakdan ham yuksakda. Yuragim boshqacha urmoqda. Uning har bir zarbida turkiy nidolar bor, turkiy nolalar bor, turkiy navolar bor. Nidolar, nolalar, navolar – manim pokiza orzularim, o'ylarim, maqsadlarimdir. Bu nidolar hazrat bobolarimdan meros. Bu nolalar balki Hisor tog'laridan ham qadimiyroqdir. Bu navolar ko'hna va navqiron kentlarimda qad rostlab turgan – Oqsaroy, Registon gumbazlariyu devorlariga jilo bag'ishlab turgan ranglar misoli rangin, men uchun juda aziz va mukarram. Takror aytaman, hammasi rangin, hammasi nurli. Ko'ng­lingni quvontiradigan xayrli ishlar bo'lsa, qalbingni olam-olam hayratu hayajon maskan etib olar ekan. Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotning ta'sis etilgani bilan bog'liq xushxabar dilga shuncha xurramlik bag'ish­ladi. Bunday quvonch menga o'xshagan qalamkashlarniki deb o'ylagan edim. Yo'q, xato qilgan ekanman. Bu o'zbekman degan barcha kishining shodiyonasi ekan. Yo'q, yana yanglishdim, adabiyotni sevgan, uni hayot deb bilgan barcha kishilarning ayyomi ekan. Bu bayram barchamizga qutlug' bo'lgay, muborak bo'lgay!

Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning Minsk shahridagi byusti.

Esimda, o'quvchilik davrlarimda adabiyot o'qituvchimiz Xalil domla Navoiy hazratdan baytlar o'qib berar va satrlar qatidagi olamjahon mazmun va mohiyat to'g'risida so'zlab berar edi. Biz tushunsak-tushinmasak, afsuski, bu sho'ro zamoni so'z mulkining sultoni merosini tub mohiyati bilan o'rganishga va uni targ'ib etishga yo'l bermaydi, degan so'zlarni bir hazin armonu o'kinch bilan aytardi.   Mamlakatimizda 1991 yil – Alisher Navoiy yili deb e'lon qilingan chog'da shu ustozimiz benihoya quvongan edi. Shoyad, endi ulug' bobokalonimiz xazinasidan chinakamiga bahramand bo'lsak, degan gaplari hali-hamon qulog'im ostida jaranglaydi. Shunga ham o'ttiz yil bo'libdi. Xalil domla hozir pensiyada. Qishloqqa borgan paytlarimda ustozning ziyoratiga borib turaman. Rostini aytishim kerak, keyingi yillarda adabiyot va adabiyot ahliga berilayotgan yuksak e'tiborlardan ustozning boshi osmonda. Alloh bizga qanday saodatli kunlarni nasib etmoqda, Ilohim, ro'zi mahsharga qadar shunday bo'lsin, deb duo qiladi.

Ulug' mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy nomi va uning hayotbaxsh o'gitlari bolalik chog'larimizdan bizga hamroh bo'lib kelayotir.

Ishonch bilan aytaman, o'zbekman degan kishi borki, Alisher Navoiy nomini eshitishi bilan ko'ngli faxru iftixorga to'ladi. Hazrat Alisher Navoiy haqiqiy ma'noda butun bir millat, davlatning timsoliga aylangan o'zbekning buyuk farzandidir. Keyingi yillarda millatning bu kabi ulug'lariga ehtirom ko'rsatish va ularning meroslarini nafaqat mamlakat balki jahon miqyosida targ'ib etish ishlari haddi a'losiga yetmoqda. Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580, O'zbekis­ton Qahramoni va Xalq shoiri Abdulla Oripov hamda O'zbekiston xalq yozuvchisi O'tkir Hoshimovlar tavalludining 80 yilligi, O'zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to'g'risidagi Prezident qarorlari beqiyos tarixiy ahamiyatga ega. Ushbu muhim hujjatlarning ijrosi sabab ma'naviy-ma'rifiy hayotimizda ulug' o'zgarishlar bo'lishiga esa aslo shubha yo'q.

Mamlakatimiz rahbari jahonning eng katta minbarlaridan turib ulug' ajdodlarimiz haqida faxr ila so'z aytmoqda. Bu bilan bashariyat tamadduniga ulkan hissa qo'shgan ulug' bobolarimizga bo'lgan sof muhab­bat va ehtiromini namoyish qilmoqda. Prezidentimizning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 71-sessiyasida ulug' ajdodimiz, muhaddis bobomiz Imom Buxoriyni tilga olganini ulkan jasorat deya baholash mumkin. Yana jahonning eng katta minbaridan turib o'zbek tilida ma'ruza qilgani ona tilimiz – o'zi yuksak maqom va martabaga ega Navoiy tilining dunyo miqyosidagi nufuzini yanada oshirdi. Yana bir ma'lumot. 2019 yil 15 oktyabrda Ozarbayjon poytaxti Bokuda Turkiy tilli davlatlar kengashining yettinchi sammiti bo'lib o'tgan edi. Unda mamlakatimiz O'zbekiston ilk bor to'la huquqli a'zo sifatida ishtirok etgandi. Ana shu anjumanda Prezidentimiz savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda hamkorlik ko'lamini kengaytirish masalalarida muhim tashabbuslarni ilgari surar ekan, kengashga a'zo mamlakatlarning adabiyot va san'at, madaniyat sohalarida ulkan yutuqlarga erishgan ijodkorlarni rag'batlantirish maqsadida mukofot ta'sis etish g'oyasini ham o'rtaga tashlagan edi. Yaqinda bo'lib o'tgan Turkiy kengashning videokonferensiya shaklida o'tkazilgan norasmiy sammitida butun turkiy dunyoning faxru g'ururiga aylangan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy nomidagi Turkiy kengash mukofotini ta'sis etish to'g'risidagi taklif a'zo davlatlar rahbarlari tomonidan yakdillik bilan ma'qullandi. So'z mulkining sultoni Alisher Navoiy nomiga munosib bunday ehtirom, shubhasiz, davlatimiz rahbarining say'-harakatlari mevasidir.

Ha, Alisher Navoiy barcha turkiy xalqlarning ardoqli shoiridir. Bundan tashqari turkigo'y shoirlar Navoiyni o'zlariga ustoz deb biladilar. Fuzuliy, Abay, Maxtumquli kabi shoirlar Navoiyning ma'no xazinalaridan bahramand bo'lganliklarini e'tirof etishgan. Ta'kidlash kerak, Alisher Navoiy turkiy til imkoniyati benihoya ulkan ekanligini amalda isbot etib ketgan aziz va muhtaram zotdir. Uning qutlug' merosi – “Chor devon”, “Xamsa”, “Arba'in”, “Nazmul javohir”, “Muhokamat ul lug'atayn”, “Mahbub ul qulub” kabilar asrlar osha bu haqiqatni baralla aytib kelmoqda va aytaveradi. Shu ma'noda Navoiy nafaqat turkiy xalqlar adabiyotini yuksak maqomlarga ko'targani bilan ahamiyatli, balki jahon adabiyoti rivojiga bemisl xizmat qilgan ijodkor sifatida ham bunday ehtiromga albatta arziydi. Fransuz shoiri Lui Aragonning, “Navoiy jahon shoirlari orasida turib, baralla ovoz bilan o'z g'azallarini o'qimoqda. Zamonaning eng buyuk shoirlari – Neruda, Gilyen, Alberti, Longfello, Nozim Hikmat, Nezvallar bu zot qarshisida tiz bukadilar.

Navoiyning adabiy merosi dunyo xalqlari qalbida asrlar davomida yashab keldi va yashayveradi”, — deb yozgan fikrlari ham bizning fikrlarimizni tasdiqlaydi deb o'ylaymiz.

Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, bularning barchasi mamlakatimiz adabiy, ma'naviy hayotida yangi sahifa ochdi.

G'ayrat Majid,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o'rinbosari,

shoir

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − eight =