Yangi O'zbekiston — mangu O'zbekiston!

Xurshidbek RO'ZIYEV,

Ichki ishlar vaziri

maslahatchisi,

podpolkovnik.

O'zbekiston buyuk davlat bo'lmoqdadir,

Buni dunyo anglamoqda, bilmoqdadir.

 

Uzoq-yaqin, do'stu qardosh ellar bu choq,

Intilmoqda bizga tomon ochib quchoq.

 

Kimdir so'rar: “Qani aytgin, sen kim tomon?”

Yurtboshim der: “Hech shubhasiz — xalqim tomon!”

 

Ahli bashar yashasin deb dorilomon,

Tinchlik uchun ovoz berar O'zbekiston!

 

Ajdodlarim dunyo kezib bilim tergan,

Ilmu amal, adolatdan saboq bergan.

 

Mangu mayoq bobolarning tafakkuri —

Avlodlarning ishonchi, faxru g'ururi!

 

Allomalar kamol topgan kitob bilan,

Bir zot chiqdi “O'qing!” degan xitob bilan.

 

Ko'hna da'vat chorlab toza ko'ngillarni,

Kitobga do'st etmish uka-singillarni.

 

Fikri uyg'oq, yo'li ravon, ko'ngli ozod,

Oltin avlod ulg'aymoqda, oltin avlod!

 

Yurtga kelgan mehmon borki, daraxt ekmish,

Bu ishidan o'zi ham bir farah etmish.

 

Ko'chat ekmoq asli savob, ezgulikdir,

Tiriklik va oxiratga yetgulikdir.

 

O'zbek qayga borsa hadya — kitob bergan,

Ixlos bilan chin ko'ngildan oftob bergan.

 

Mehri ummon xalqim bugun dengiz bo'lib,

Qardoshlarga, qondoshlarga egiz bo'lib.

 

Necha dovon, tog'u toshu cho'llar oshdik,

Yurtlararo manfaatli yo'llar ochdik.

Bu zafarlar ko'tarmishdir yurt qaddini,

Eng avvalo, aziz bilib el qadrini.

 

Yashar bunda million-million ovoz, istak,

Tilaklari tugamaydi, she'rda bitsak.

 

Haqiqatni aytsak toza vijdon bilan:

Yuksaldik-ku davrim bergan imkon bilan.

 

Islohot — bu o'zni isloh qilmoq asli,

Yurt ishiga yeng shimarib kirmoq fasli.

 

El ishidan kim o'zini chetga olsa,

Yo saflarga shubha bilan nazar solsa.

 

Bunday kasni Xudoyim ham bandam demas,

O'z tuprog'in sevmasa kim — bizdan emas!

 

Xalq ishonchi, muhabbati chin zafardir,

Yangi avlod maydonlarda muzaffardir.

 

Shohsupadan tushmas endi polvonlari —

Olimpiya shahrin qizu o'g'lonlari!

 

Jahon uyqash hadik bilan, qo'rquv bilan,

Har kun to'qnash urush degan qayg'u bilan.

 

Iymoni but inson bunda berdi farmon,

Mazlumlarga xalqim mehri bo'ldi darmon.

 

Jabrdiyda jonga jonin tutar o'zbek,

Bag'rin ochib, oshu nonin tutar o'zbek.

 

Azal shunday — bag'rikenglik bizga odat,

Yiqilganga qo'l uzatmoq ham ibodat.

 

Fidoyilik — Vatan uchun jonni tikmoq,

Tinchlik uchun har fursatu onni tikmoq.

 

Vatan ishqi — sadoqatu mehnatdadir,

Yurt ishonchin oqlash halol xizmatdadir.

 

Bu bir chorlov qirq million qora qoshga,

Mamlakatda qadr topgan har yurtdoshga.

 

Shu el uchun xizmat qilib ulguraylik!

Vatan bag'rin sharaflarga to'ldiraylik!

 

O'zbekiston — katta yo'lga tushgan karvon,

Shiddatidan, haybatidan dunyo hayron.

 

Shukr deymiz Alloh bergan ne'matiga,

Ko'z tegmasin taraqqiyot sur'atiga.

 

Har kun hissa qo'shsam deyman el koriga,

Madad bo'lib gul Vatanning me'moriga.

 

Jahon aro bir jahon bu — nurli bo'ston!

Yangi O'zbekiston — mangu O'zbekiston!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − three =