Yuksalish

Sultonmurod OLIM,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan
madaniyat xodimi.
(Futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma
jamoasi a'zolari va murabbiylariga)
“Bag'rikeng o'zbekning o'chmas iymoni”1
Arab diyorida ko'rsatdi o'zin —
Ahli dun kartada O'zbekistonga,
Qayta-qayta qarar baqraytib ko'zin.
Temur Farg'onada tug'ilgan mahal
Sohibqiron ruhi bo'lgan bir tirgak.
Axir Kapadzening armonlari ham
Abu-Dabi shahrida ushaldi beshak.
Tenglar ichra biz ham teng bo'lmoq uchun
O'ttiz to'rt yil toza yugurdik, yeldik.
Xudo yorlaqadi, berdi omad ham —
Arafa kunida marraga keldik.
Qariybki yetmish bir yarim sotixda2
O'ttiz sakkiz million kishi jamlandi.
Tarixda ilk daf'a faxru quvonchdan
Yurtda million-million ko'zlar namlandi.
Qattiq xato qilar kimki o'ylasa:
“Berdi-ku rag'bat, — deb, — faqat futbolga!”
Bu yutuq dillarga qadab urug'lar,
Millatni chorladi oliy iqbolga.
Bu tun uxlamadi, chizdi odamlar
Buyuk maqsadlarning tarhin mustahkam.
Oxirga yetkazdim o'zim ham, rosti,
Tugamay yotgan huv kitobimni ham.
Har marra yangilar dilda orzuni,
Kattaroq so'rasang, baxting ham kular.
Hojiboy3 tinch yotsin — Amerikaga
Muzqaymoq yemoqqa bormaydi bular!
06.06.2025
1 O'zbekiston Qahramoni, O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov qalamiga mansub “O'zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi” matnidan olingan satr.
2 FIFA talabiga ko'ra, jahonda futbol maydonlarining uzunligi 105, eni 68 metr bo'lishi lozim. Bu 71,4 sotixni tashkil etadi.
3Hojiboy – atoqli qiziqchi Hojiboy Tojiboyev. U: “Futbolchilarimiz jahon chempionatiga borib, hech bo'lmaganda, bittadan muzqaymoq yeb kelishar”, – deya kulgi qilgan edi rahmatli.
Sayyora SAMANDAR
IFTIXOR
Tarixning kitobin har kim yozolmas,
Millatning duosin har kim ololmas,
Olamni hayratga har kim sololmas,
Mundial, qarshi ol, o'zbek boryapti!
Bo'lmagay shavkatli elning armoni,
Himmatli, davlatli elning armoni,
G'ayratli, savlatli elning armoni,
Mundial, qarshi ol, o'zbek boryapti!
Vatanni sevmoqning bilmay adog'in,
Yurakka tuggancha xalqning ardog'in,
Elkaga osgancha yurtning bayrog'in,
Mundial, qarshi ol, o'zbek boryapti!
2025 yil 5 iyun