Arashonbuloq

…Bolalik paytlarimda men tug'ilib o'sgan Qoraxitoy qishlog'ining o'rta va keksa yoshdagi insonlaridan ko'pincha: “Arashonbuvaga borib keldik va u yerda bir kecha tunadik, zo'r joy ekan, cho'mildik”, degan shirin suhbatlarini ko'p eshitardim. Endi bilsam, ular men tug'ilib o'sgan Qoraxitoy qishlog'idan bir yuz ellik kilometr olisda bo'lgan masofani otda yoki eshakda bosib o'tib, Arashonbuloqda ikki-uch kun tunab qolishar ekan.

Xalqimiz muqaddas joylar, buloqlarga hurmat-ehtirom keltirib va suyib, mehr bilan bu joylarning nomiga qarab “buva” so'zini qo'shishadi: aytaylik, Yalang'ochbuva, Xizrbuva, Buloqbuva, Arashonbuva kabi va biz ham o'shanda Arashonbuloqni Arashonbuva deb tushunardik.

Netongki, bir ulug' yoshlarga yetib, dunyoning ko'p go'shalarini ko'ribman-u, shunday yonginamdagi Arashonbuloqni ko'rishga hafsala qilmagan ekanman. Men Arashonbuloqni Qurama tizmalarida joylashgan va bizning qishloqqa yaqinroqda bo'lsa kerak deb yurardim, u esa Tyan-shan tog'ining Chotqol tizmalarida ekan.

Taniqli jurnalist Ismatilla Ne'matillayev shu yil yoz kelishi bilan menga tinmay qo'ng'iroq qilib: “Siz, Ozod, Ohangaronni yaxshi bilasiz. Raisimiz Rahmatilla Sheraliyevning: “Ozodga ayting, bir borib ziyorat qilib kelaylik”, degan taklifiga “erta-indin boramiz” deyaverib, mana, yoz ham tugab qoldi. Qachon boramiz axir?” degancha qistovga olaverdi.

Oxiri shu yil yozning so'nggi kuni — 31 avgustda yo'lga tushdik.

Keksalar va borganlarning aytishicha, Arashonbuloqni ziyorat qilish mavsumi yilning 15 iyunidan 15 sentyabrigacha, ya'ni mavsum uch oyga cho'zilar va undan keyin esa sentyabrning oxiri va oktyabr oyi boshida qor yog'ib, sovuq tushib, yo'llar loy, muz bo'lib, avtoulovlarning yurishi amrimahol ekan.

Gapning rosti, uyaldim. Negaki ohangaronlik bo'la turib, Arashonbuloq to'g'risida biror-bir tasavvurga ega emasligim hamda bu joyni o'z ko'zim bilan ko'rmaganligim uchun Ismatilla akaga bir nima deyishga iymanardim.

So'rab-surishtirib, tanishlarimdan Arashonbuloqqa Ohangaron tumanining Ertosh qishlog'i orqali borilishini bilib oldim. Bu qishloqdan Arashonbuloqqa olib borish uchun mavsumda doimo “Niva” yengil avtomashinalari shay turar ekan.

Shu kuni ertalab soat to'rt yarimda hamrohlarim — O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati bo'limi raisi, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi Rahmatilla Sheraliyev, “Mash'al” gazetasi bosh muharriri muovini Tolibjon Hakimov, jurnalist Ismatilla Ne'matillayev va kamina yo'lga otlandik.

Jazirama issiq ham chekingan, shekilli, mashinaning ochiq oynasidan badanni yayratadigan salqin va mayin shabada esyapti.

So'lim Chinor, Serkaqirildi, Tangatopdi, Chetsuv, Jiblon, Ko'ksaroy, Mashinato'p (joy nomlarini qarang qanday ajoyibligini! O.X.) kabi tog' qishloqlari ortda qoldi. Kumushrang Ohangaron suv ombori dengiz misol chayqalib yotibdi. Uni ko'rib, hali suvlarimiz serob ekan degan fikr ko'ngillarga taskin berdi.

Qamchiq dovoni orqali o'tgan, elimizning asriy orzusi va mustaqillik mevasi bo'lgan temir yo'lni va unda vodiy sari uchib borayotgan poezdlarni ko'rib, davlatimiz qudratiga tan beradi, g'ururlanadi kishi.

Zero:

 

Jannatmakon bog'lar,

tog'laring bugun

Ilhomlar bermoqda voizlaringga.

Chotqol va Qurama bo'lmoqda maftun,

Uchib borayotgan poezdlaringga.

 

Dengiz sathidan bir ming ikki yuz kilometr balandlikda joylashgan Ertosh qishlog'i ham Angren shahridan naq o'ttiz kilometr olisda ekan, bu qishloqqa yetib kelganimizda, tong yorishib, soat ertalabki olti bo'lib qolgandi.

Rost aytishibdi, Arashonbuloqqa eltuvchi “Niva” yengil avtomashinalari haqiqatan ham bisyor ekan. Jasur degan yoshi o'ttizlar atrofidagi qorachadan kelgan, norg'ul yigit bilan yo'lkira narxini savdolashib, kelishib oldik-da, “Niva”ga o'tirib yo'lni davom ettirdik…

Ertosh qishlog'i Ertoshsoyning o'ng va chap tomonida joylashgan bo'lib, tepalik tomon to'rt-besh kilometrga cho'zilgan. Ertoshsoyning zilol va sho'x suvlari toshdan-toshga urilib hayqirib yotibdi. Yo'lda pishgan qip-qizil, sariq tog'olchalarni ko'rdik, do'lanalar rang olib qolibdi. Tog' yonbag'irlarida esa ko'zni quvnatadigan yam-yashil archalar bisyor ekan. Tabiatning beqiyos go'zalligi va havoning musaffoligini ko'rib, Ertosh qishlog'i turizm markazi etib to'g'ri belgilanganiga ishonch hosil qildik.

To'rt kilometrlik tekis yo'ldan keyin tosh-shag'alli yo'llar boshlandi. Biroq “Niva” baquvvat mashina emasmi, buning ustiga, haydovchimiz Jasur mashina boshqarishga juda usta bo'lib, yo'l-yo'lakay joylarning nomlanishi va tarixi haqida bizlarga jo'shib so'zlab borardi.

Archalar ham bir yarim-ming metr balandlikdan keyingi qoyalarda o'smaydi, shekilli, bir ozdan so'ng yo'lda archalar va boshqa daraxtlar ko'rinmay qoldi va bundan bu yog'iga faqat cheksiz kulrang tog'lar bag'irlari ko'rinardi. Shu sabab, ilon izi yo'llardan yurdik.

Arashonbuloqqa borguncha yigirma sakkizta turli buloq va soylarni havas bilan ko'rdik. Yoz tugagan bo'lsa ham, ayrim soylarda suv hali serob: toshdan-toshga urilib, erkalanib oqyapti. Bu soylarning nomlari ham turlichadir. Aytishlaricha, Angren daryosining salmoqli irmoqlaridan biri bo'lgan birgina Ertoshsoy oltmishdan oshiq kichik-kichik turli soylar va buloqlardan paydo bo'lib, uning uzunligini o'n yetti kilometr deyishdi.

Yo'lning yarmida oyoqlarni yozib olish va bir oz hordiq chiqarish uchun kichikroq bir ayvon oldida to'xtadik. O'zini Saydali deb tanishtirgan yigirma besh yoshlardagi yigit tog' qatig'i, qurut, asal sotib o'tirgan ekan. O'zining aytishicha, u Namanganning Popidan bo'lib, shu atrofda bir yuz ellikta qo'yi bor ekan. Saydali bizlarni kichikroq yelim idishlarga solingan tog' qatiqlari bilan mehmon qildi. Bu kichik idishlardagi qatiqning bahosi besh ming so'm ekan, muzdek, shirin va shifobaxsh qatiqdan maza qilib ichdik. Men yana bir bor qatiqdan ichmoqchi bo'ldim-u, rahbarimiz: “Og'aynilar, hali yo'limiz ancha olis”, deb bizlarni shoshiltirganiga indamay qo'ya qoldim.

Eh, yo'llardagi soylar va buloqlarning bisyorligi! Sanadik, naq yigirma sakkizta! Har soylar borki, bir ariq zilol suv shovullab oqib yotibdi. Bu soylarning nomlari ham turlicha ekan, bu soylarning suvini tatib ko'rsangiz, rohatlanasiz. Agar ulardan qumg'onda tog' o'tinida choy qaynatib ichsangiz, bay-bay, maza qilasiz! Negaki toshdan-toshga urilib oqayotgan soy va buloqlarning suvi “pishib” qolgan bo'ladi va bu suvlardan tayyorlangan choy va sho'rva tanga darmon deyavering!

Shuni bildimki, Arashonbuloq Namangan viloyatining Pop tumanida joylashgan go'zal maskan. Shu kuni uyga keliboq, O'zbekiston Milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyotida 2000 yilda chop etilgan kitobning birinchi jildidagi 396-betni ochib o'qiy boshladim:

“Arashonbuloq. Toshkent viloyati O'rta Chirchiq tumanidagi buloq, 2500 metr balandlikda. Buloq suvi granit jinslarining tektonik yoriqlaridan oqib chiqadi, temperaturasi 37 daraja. Suvi minerallashganligi, kam radioaktivligi va sof azotni ajratib chiqarish xususiyatiga ega ekanligi uchun shifobaxsh”.

Bu yerda Milliy ensiklopediya qovun tushirganga o'xshaydi. Qiziq, Arashonbuloq qaerda-yu, O'rta Chirchiq tumani qaerda… Xususan, men o'zim 2003 yilda chop etilgan Milliy ensiklopediyaning oltinchi tomidagi 638-betda Ohangaron tumani 1926 yil 29 sentyabrda tashkil etilganligi o'rniga 1929 yil 29 sentyabrda tashkil etilgan degan xato so'zni to'g'rilash uchun, mana, uch oydan beri sarson bo'lib yuribman.

Vaholanki, 1926 yil 18 oktyabrida “Pravda Vostoka” gazetasida O'zSSR Sovetlari Markaziy Ijroiya Qo'mitasining 5-sessiyasi qarori bosilib, unda markazi Telov qishlog'i bo'lgan Angren (Qurama) tumani 1926 yil 29 sentyabrda tashkil topganligi bayon etilgan.

Savol tug'iladi: Milliy ensiklopediyada mana shunday qo'pol xatolarga yo'l qo'yilgani juda achinarli, albatta.

Bu haqda ma'lumot olish uchun Toshkent shahrining Navoiy ko'chasida joylashgan 30-uyda bo'lganimda, O'zbekiston Milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti tugatilib, “O'zbekiston nashriyoti” davlat unitar korxonasi bilan birlashtirib yuborilganligini ma'lum qilishdi.

Nachora.

Xullas, “Niva” ichida silkinib-silkinib va ichimiz tushib uch yarim soat deganda Arashonbuloqqa yetib keldik.

Shu joyda xizmat qilib yurgan yigit bizning dengiz sathidan uch ming metr balandlikda ekanligimizni ma'lum qildi.

Mashinadan tushib, bitta ko'ylakda emasmanmi, achchiqqina izg'irinni sezdim va darrov sovqota boshladim.

Tepalikda joylashgan ikkita hovuzdagi buloq suvi harorati 38 daraja issiq bo'lib, yelim quvurlardan oqib tushayotgan suvda bir to'p yigitlar maza qilib cho'milayotgan ekan.

— Bu buloq, ya'ni Arashonbuloqqa deyarli har yili kelaman, — deb o'zini tanishtirdi Dang'ara tumanidan kelgan Mahmudjon degan yigit. — Biz buloqqa kecha kelgandik, shu joyda tunab qoldik. Badanimda turli yoqimsiz dog'lar paydo bo'lib, meni bezovta qilayotgan edi. Mana, nihoyat, xalos bo'ldim bedavo darddan. Badanim Xudoga shukr, top-toza. Bu buloqning suvi o'ta shifobaxsh ekan. Ko'rib turibsiz, shifotalab hamrohlarim ham juda mamnun.

Arashonbuva tarkibiga kirgan ko'llar shifobaxsh buloqdan bir kilometr tepalikda joylashgan ekan.

Mening esa ichim qiziydi: qani, afsonaviy ko'llar qanday ekan-a?..

Mashinamiz zo'riqib, navbatdagi tepalikdan o'tganida oynaday yarqirab yotgan bir ko'l ko'zimizga yaqqol tashlandi.

Biz hayrat va quvonch bilan ko'lga tikildik.

Haydovchimiz mazkur ko'lni Tulporko'l deb tanishtirdi.

Ko'l shu qadar tiniq ediki, buning oldida hatto Qizil dengiz ham uyalib qolsa kerak.

Jasur: “Bu ko'lning chuqurligi o'n olti metr”, dedi. O'n olti metr-a! Besh qavatli uyning balandligi bilan teng.

Ko'l suviga qo'limizni tekkizdik: u qadar muzday emas. Biroq negadir suvda baliqlar yo'q.

Ko'l atrofida bizdan oldin sayyohlar ovqat pishirganga o'xshaydi. Toshdan qurilgan o'choqlardagi o'tin qoldiqlari ko'zga tashlanadi…

— Yetmish olti yoshga kirib, umrimda birinchi marotaba Arashonga kelishim, — dedi hayajonini yashira olmay Ismatilla Ne'matillayev. — Yurtimizda mana shunday ajoyib joylar bor ekan, bilmay yurgan ekanmiz. Bu joylarni har bir yurtdoshimiz kelib ko'rishi kerak va u shunga arziydi!

Keyingi ko'l — Yetimko'lga o'tib, yengilgina tushlik qildik. Mening esa ikki ko'zim maftunkor va jozibador ko'lda edi… Tushunishimcha, ko'ldan yer osti bulog'i orqali suvlar oqib turadi, shu sabab loyqa emas.

Bizni bu joylarga olib kelgan haydovchi yigit – Jasurning aytishicha, Arashonbuvada jami yettita ko'l bo'lib, ularning eng mashhurlari Tulporko'l, Oynako'l, Yetimko'l va Muzko'llar ekan.

Men esa xayolga cho'mdim.

Vaqti kelib, Arashonbuloq va undagi ko'llar yurtdoshlarimiz ko'plab keladigan go'zal bir maskanga aylanishi shubhasiz. Mana, hozir kuniga yigirmatacha “Niva” yengil avtomashinalari kelar ekan, demak, saksontacha odam. Faqat yo'l ancha olis, yangi asfalt yo'l qurish uchun katta mablag' ketsa kerak. Biroq bu davlatimiz uchun, e'tibor qaratilsa, sira cho't emas. Bir narsa faqat meni o'ylantiradi: odamlar mo'l kelsa, tabarruk bu joylar oyoq osti bo'lib ketmasmikan?..

Bu o'ylar meni ortga, Ohangaronga qaytayotganimizda ham tark etmadi. Uyga kelganimda, kechki soat o'n bo'lib qolgandi, shu kuni juda sokin va tinch uxladim…

Ozod XUShNAZARZODA,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

17 − 2 =