Vobkent – mo''jizalar makoni
Har safar Vobkent desam, bahri dilim ochilib, ruhimda bir yorug'lik paydo bo'ladi. Bu – avvalo, bolalik taassurotlarimdan…
Men Shofirkon tumaniga qarashli ota qishlog'im Chitkaronda tug'ildim. Vobkent tumaniga qarashli ona qishlog'im qo'shni Ko'lodinada o'sdim. Ko'lodina Hazrati pir Mahmud Anjir Fag'naviy so'nggi makon topgan Anjirboqqa tutash. Hozir ikki qishloq birlashib ketgan.
Qishlog'imiz ahli va qo'shni qishloqlar aholisi hamisha Vobkentga bog'lanib, unga talpinib yashagan. Hozir ham shunday, Sababki, o'rtada masofa yaqin. Bizga suv o'sha yoqdan, Zarafshonning Pirmast irmog'i orqali kelib, avval ariqlarga, keyin dalalarga tarqalardi. Qishloqdoshlarimiz bozor-o'charni Vobkentda qilishardi. Xalqning to'y-tantanasi vobkentlik hofizu sozandalarsiz o'tmas, ularning sozi, ovozi bilan qizir edi.
Esimda bor, sunnat to'yida birinchi kecha erkaklar bazmi bo'lar, hofizlarning tinimsiz “hoy-hoy”i jonga tegardi. Keyin bilsam, ular maqom aytishar, o'sha “hoy-hoy”lar ashulaning avj pardalari ekan… Biz, bolalar sho'x, o'ynoqi qo'shiqlarni xush ko'rardik. Ikkinchi kecha bo'ladigan ayollar bazmida shunday qo'shiqlarni tinglab, mazza qilardik.
Qo'shdoyraning ayni bir zarbda gumburlashi, ulardagi kumush halqachalarning mayin shildirashiga davrada raqs tushayotgan raqqosa qo'lidagi qayroqlarning “qars-qurs” sadolari qo'shilib, ohangga ayricha joziba bag'ishlar, maftun etardi meni… Keyin raqqosa ohangga moslab qo'shiq aytardi:
Aka, oting ko'kmidi,
Ko'k bedasi yo'qmidi?
Muncha menga qaraysan,
Sevgan yoring yo'qmidi?
Keyin yana bir qo'shiq:
Gul yaxshiyu gul yaxshi, hey,
Gulning popugi yaxshi, hey.
Tomda o'tirgan qizchalarning
Haydar kokili yaxshi, hey…
Shunda to'satdan, bir chekkada to'planib, tikka turgan yosh-yalang yigitlar to'pidan “Lu-lu-lu-lu!” qabilida bir mastona hayqiriq uchar, bu aroqmi, vinomi ichib, shirakayf tortib, sher bo'lib olgan sartarosh Latif tog'aning “hujum” oldidan o'kirishi edi. U qo'lida bir piyola may bilan o'tirganlarni oralab borarkan, yigitlar to'pidan: “Latif tog'a, bo'sh kelmang!” degan nidolar eshitilardi. Latif tog'a o'rtaga tusharkan, doyralar taqa-taq to'xtar, Latif tog'a bir yoqda, raqqosa ikkinchi yoqda, muxammas aytish boshlanardi. Muxammas ba'zan shiru shakar shaklda tojikchayu o'zbekcha qilib aytilardi.
Latif toga: Ehhey, vohhey!..
Labat qandu labat
qandu labat qand,
Buxoroyu Xurosonu Samarqand!
(Ma'nosi – bir podsho qaysi o'lkalarni in'om etay senga, tila tilagingni, deganda, qizi Buxoroyu Xurosonu Samarqandni bering, degan ekan).
Raqqosa “Sad rahmat!” der, o'rin almashinar, Latif tog'a nariga, raqqosa beriga o'tardi.
Latif tog'a:
Yuzingni ko'rdim ul chortoq ichinda,
Ochilmish lolagul yaproq ichinda.
Tabassum aylasang, la'li labingdin
Misoli bol tomar qaymoq ichinda…
Labat qandu labat qandu
labat qand,
Buxoroyu Xurosonu Samarqand…
Raqqosa: Sad rahmat!..
Xullas, shu yo'sinda davom etar, u yog'i esimda yo'q, oxirida Latif tog'a piyolani raqqosaga tutar, raqqosa labini piyolaga teggizib, mayni “shirin” qilib, Latif tog'aning o'ziga ichirarkan, haligi yosh yalanglar qiyqiriq, suron solib, chapakvozlik qilishardi. Keyin to'ychi ona boshliq ayollar tizilishib, raqqosaning yelkasiga ipak matolar yopishardi… Ertasi kun butun qishloqda duv-duv gap, kechagi to'y hangomasi. Biz, bolalar yana qachon to'y bo'larkan deb orziqib kutardik.
Xullas, Vobkent biz uchun ham ma'muriy, ham tijoriy, ham madaniy markaz edi. Hozir ham shunday. Yoshim ulg'aygan sari Buxoromizning boshqa tumanlarini kezib, qiyoslab, Vobkentni yaqindan kashf eta boshladim. Tumanlar ichida jug'rofiy joylashuvi e'tibori bilan Vobkentga teng keladigani yo'q, degan xulosaga keldim. Bu qasaba bir necha yo'llar kesishgan joyda, shimoldan janubga, g'arbdan sharqqa shamollar o'ynab esadigan, ko'kragi baland yerda joylashgan… Yana desangiz, Toshkent – Samarqand – Buxoro katta yo'li ustida, bir yog'i G'ijduvon, bir yog'i Shofirkon, bir yog'i Peshku, bir yog'i Romitanga eltuvchi yo'llar tutashgan nuqtada. Yonboshida daryo oqadi. Bunaqasi yana qayda bor?
Vobkent bozorining fayzu barakasi, bir qadar arzonligi tillarda doston. Bu narsa xaridorlarni to'rt tarafdan ohanrabodek o'ziga tortib turadi. Bir gal O'g'iloy yangam bilan shu bozorga tushib, sariyog' sotganimiz esimda. Qishlog'imizda Sultonmurod eshon degan bog'bon bulardi. Xudo rahmat qilsin, u kishining ketmonidek kattakon ketmon atrof-tevarakda topilmasdi. Har urganda bir botmon tuproqni qo'porardi. Tomorqasida anjirlari daraxt bo'lib o'sar, ularga narvon tirab, meva terishar, savatlarga joylab, bozorga eltishardi. Aytishlaricha, xaridorlar har kuni to'planib, Ko'lodinadan anjir kelishini kutib turisharkan… Shirasi tilni yoradigan, har biri mushtdek keladigan bu qora anjirning dovrug'i hammayoqqa tarqagan edi. O'sha paytdagi karsillagan, shirin-shakar bekzoti, amiri, bo'rikalla qovunlarni aytmaysizmi? Dalalarda oqpishar, ko'kpishar, shirpayvand, ruhijonon o'riklar, olmayu oluchalar, toshnoku olmuro'dlar serob edi.
Keyin paxtani moshinada terish, kartalashtirish bahonasida barchasi kesildi. Zarafshon suvi o'rniga Amudaryo suvi keldi. Almashlab ekish to'xtadi. Zahar-zaqqum ximikatlardan tuproq tarkibi buzildi. Paxta monopoliyasi boshga balo bo'ldi…
Xayriyatki, u kunlar ortda qoldi. Bugun Vobkent tuprog'ida yangidan bog'u bo'stonlar yaratilmoqda, qishloqlar obodonlashib, tuman chiroyiga chiroy qo'shmoqda. Oqqan daryo yana oqadi, degan gap bor. Zarafshonning oltinga to'yingan, bo'tana suvlari yana Buxoro vohasiga taralsa, ne ajab. Bu tuproq ming yillar davomida ana shu suvga moslashgan.
Men Vobkent desam, xayolimga yana bir narsa keladi. 1962 yil, Toshkentda o'tkazilgan yosh ijodkorlar seminarida ustoz Maqsud Shayxzoda mendan so'rab qoldilar: “Yigit, qatdan bo'lasiz?”.
“Buxorodan” dedim men.
“Ulug' shaharning nomini to'liq ayting, Buxoroyi sharifdanman, deng, chala aytmang” dedilar va so'zda davom etdilar: “Biz Shofirkonda Sulton Jo'ra qishlog'ida osh yeganmiz, Vobkentda bo'lib, minora atrofidan aylanganmiz. Nega Vobkent minorasi Buxoro minorasidan go'zal?”
“Bilmadim” dedim men.
“Chunki uni shogirdi yaratgan, – dedilar. – Shogird ustozdan uch-to'rt odim oldinga o'tishi darkor. Yo'qsa, taraqqiyot bo'lmaydi”.
Xullas, Vobkentga kelib, minorasi ko'rkiga mahliyo bo'lib, uning atrofida aylanganlar ozmunchami? Bu tuproqda yetishgan buyuk siymolar-chi? Turon zaminda birinchi bo'lib tarixiy asar “Buxoro tarixi”ni bitgan Muhammad Narshaxiy, Buxoroning yetti aziz piri murshidlaridan uchinchisi Shayx Mahmud Anjir Fag'naviy Vobkandiy, ayollarni islomga undab, ular orasidan otinbuvilar yetishtirgan Miri Kalonu Miri Xurd avliyolar, iste'dodli shoir Mujrim Obid, yaqin o'tgan zamon va zamonamizga nazar tashlaydigan bo'lsak, Sattor Yarashevdek buyuk san'atkorlar, Toshpo'lat Tojiddinovdek azamat tadbirkorlar, Qori Abdullaziz Moshinachi va Yunusmirzodek donishmandlar, Soli Oxunjonov va Akram Jo'rayevdek ustoz maorifchilar, ilm-fanda Nusratilla Barakayev, Ismoil Safarov, Sultonmurod Olim, Nosir Mahmudov kabi olimu allomalar, boks bo'yicha ikki marta jahon chempioni va ikki marta Olimpiada bronza medali sovrindori bo'lgan Abbos Otayevdek sportchilar, siyosatda yaxshi tanilgan Qodirjon Jo'rayevdek xalq noiblari shu tuproqning farzandlaridir. Shu zaminda tavallud topib, yashab, ter to'kib, halol mehnati ila dong taratgan mirishkor dehqonlar, sohibkor bog'bonlar, usta-hunarmandlar qanchadan-qancha… Shu o'rinda jonajon ukam, jahongashta tadbirkor, Xalqaro ekologiya xavfsizligi fanlari akademiyasining a'zosi, tadbirkor Anvarmirzo Husainov haqida alohida to'xtalmasak, bo'lmas. Anvarmirzo bilan ijodiy hamkorligimiz natijasi o'laroq “Buyuklardan buyuk Muhammad alayhissalom”, “Inson qalbi – qadah, muhabbat – sharob”, “Dunyo nimalar yo'qotdi” kabi ko'plab kitoblar xalqqa taqdim etildi. Qur'oni karim ma'nolarining o'zbek tilida ilk adabiy-nazmiy bayoni yaratildi. Yetmish besh hikoyatni o'z ichiga olgan “Anvarmirzo hikoyatlari” kitobi dunyo yuzini ko'rdi. Hikoyatlar bitilishi shunday bo'ldi, Anvarmirzo aytib berdi, men she'rga soldim ularni. Shunisi e'tiborliki, bu hikoyatlar ko'lami, jug'rofiyasi O'zbekistondan chiqib bu yog'i Rossiya, nari yog'i Yevropa, Amerika qit'asiga borib tutashsa-da, asl mohiyati e'tibori ila Vobkent ruhi ila yo'g'rilgan, Vobkent minorasi atrofida aylanadi.
Vobkent markaziga yaqin O'ba qishlog'i bor. U yerda mashhur hakimi hoziq domla Saidxon avlodlari yashaydi. Bolalarda uchraydigan kasalliklarni davolashadi. Bolalarning og'zi yoki qorni og'rib qolsa, odatda o'balik bo'libdi, O'baga oboring, deyishadi. Ona bolani O'baga oboradi. Tabib dori-davo qiladi. Qarabsizki, ertasi kun bola soppa-sog'. Mana, sizga xalq tabobati! Qoyil qolmay ilojingiz yo'q.
Vobkent mo''jiza-makon. U yerda yashayotganlarga havasim keladi. Vobkentda madaniy-maishiy saviya baland. Buning namunasi o'laroq, pazandachilik rivoji xaddi adosiga yetgan. Tandirda yopilgan patir nonini yemabsiz, dunyoga kelmabsiz. O'rta asrlardagi mashhur arab sayyohi va tarixchisi Ibn Batuta “Men dunyoni kezib, biror joyda Vobkent nonidek shirin non yemadim”, deydi. Vobkentda qo'y qovurg'asidan tayyorlanib, dasturxonga tortiladigan qaynatma sho'rva, chuchvara, osh, sixkabob, tuxumbarrak, sho'rabichaklarni bir bor tatigan kishi yana izlab kelishi muqarrar.
Ishonchim komilki, Yangi O'zbekiston siyosati yuritilayotgan istiqbol zamonida bu mo''jiza makonda yashayotgan mehnatkash, oqko'ngil, hamisha ilmga, yangilikka chanqoq Vobkent xalqi ajoyib mo''jizalar ko'rsatadi. Toshkent bag'ridan Anhor toshib oqqandek, Vobkent bag'ridan ham Zarafshon to'lib oqadi hali. Imoratlar kengayib, daryoning narigi betiga o'tadi. Endi ularning salmog'i oshib boraveradi. Daryoning ikki qirg'og'i so'lim oromgohlarga aylanadi. Yaqin o'n yil ichida Vobkent Yangi O'zbekistonning eng ko'rkam shaharlari sirasiga kiradi. Bu yerdan o'tgan ham, qaytgan ham bir tushib daryo bahrasiga to'yingan Vobkent havosidan nafas olmaguncha, ko'ngli tinchimaydi.
Jamol KAMOL,
O'zbekiston xalq shoiri