Ostonasi tabarruk vatan
Vatan ostonadan boshlanadi, deydilar. Bu naql bejizga aytilmagan. Kindik qoni to'kilgan, o'sib, ulg'aygan makoni inson uchun azizdir. Shu jihatdan olib qaraganda qadimiy Mirzacho'l men uchun Vatan ichra Vatandir.
Ko'hna tarix sahnasida goh u – goh bu nom bilan atalgan ushbu maskan 1963 yil 16 fevralda Sirdaryo nomi bilan alohida viloyat sifatida tashkil etilgan. Bir zamonlar cho'lu biyobonlarga tutashib ketgan to'qayzorlar daryo qirg'og'idagi yashil chamanlari bilan bo'y taratgan bu zaminning tarovati o'zgachadir.
Bugun yoshim ulg'ayib sochimga oq oraladi, hayotning ba'zan o'nqir-cho'nqir, ba'zan ravon yo'llaridan o'tgan inson sifatida, o'zim ulg'aygan makon haqida ikki og'iz so'z aytmoqchiman. Zero, Vatan mavzusida yozmoq ijodkor uchun ham farz, ham qarzdir.
Mening bolalik va o'smirlik yillarim o'tgan asrning 70-80 yillarida, Sirdaryo viloyatining Mehnatobod degan go'shasida o'tgan. Mehnatobodning betizgin shamollari, tandirdek saratoni, qahraton qishi va so'lim bahori, hosil xirmonlari samoga intilgan saxovatli kuzi ko'z o'ngimda jannatdek gavdalanadi.
Har gal yo'lim tushib, Mehnatobodga borganimda do'stlarim va tanishlarim “shoir keldi, o'zimizning shoir keldi”, deyishadi. Ularning yuzlaridagi samimiyat, rostgo'ylikni ko'rganimda qalbimda faxru iftixor tuyg'usini sezaman. Bu tuyg'u meni she'r yozishga, ijod qilishga, yuksak marralarni zabt etishga undaydi.
Mehnatoboddan katta ishtiyoq bilan Gulistonga qaytayotganimda dalalarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimga ko'zim tushadi. Cho'lni bo'stonga aylantirgan, hozirda xalqimiz ehtiyoji uchun qishloq xo'jaligi mahsulotlari yetkazib berayotgan bobodehqonlarga ta'zim qilaman.
O'quvchilarga ma'lumot uchun shuni ta'kidlashim kerakki, Mehnatobod hududi ayni davrda Xovos tumani tasarrufidadir. 2004 yilgacha o'zi alohida tuman bo'lgan.
Yo'l-yo'lakay cho'lquvarlar shahri – Yangier shahriga yetib kelaman. Shaharning rastalari to'lib-toshgan gavjum bozori, sport ixlosmandlariga to'la o'yingohi, shaharni ikkiga ajratib turuvchi moviy rangli Janubiy Mirzacho'l kanali keng va ravon ko'chalari, obod mahallalari turli ijtimoiy-iqtisodiy ob'yektlari, o'ziga xos kompleksni tashkil etadi.
Yangier shahridan o'ng tomonga yursangiz qadimiy Xovos hududiga duch kelasiz, atrofga boqsangiz, sarhad bilmas kengliklar ko'zga tashlanadi, Sirdaryoning qadim kechuvlari yer bag'ridan sado beradi.
‘‘M-39’’ avtomobil yo'li orqali Guliston tomonga yuzlanaman, o'ng tomonda Boyovut elining qo'nalg'asi kurashga shaylangan polvondek ko'krak keradi. So'l tomonda cho'lning to'qayzor, yaylovlari o'rnida bunyod etilgan Mirzaobod tumani dalalari yastanadi. Zamonaviy avtolarning g'izillab o'tishlarini kuzatib, xayolim olis-olislarga ketadi.
Qadimiy ‘‘Yog'ochli sardoba’’ning gumbazlari tarixning tirik ko'zgusi bo'lsa, navqiron Shirin zamonaviy shaharsozlik namunasidir. Sirdaryo bo'yida joylashgan Guliston, Sayxunobod, Sirdaryo tumanlarining bir tomoni o'rmonzor, bir tomoni ekin maydonlari bo'lgan tabiat manzaralari, zamonaviy qo'rg'onlardagi sanoat korxonalari har qanday xorijiy sayyohning havasini keltiradi.
Sirdaryoning tilimi tilni yoradigan qovun, tarvuzlarining ovozasi yetti iqlimga ketgan. Qishda ham mazasini yo'qotmaydigan qovun tarvuzlardan totib ko'rmaganlar armonda qolishlari bor gap. Har donasida yal-yal yongan durlarni jamlayotgan Mirzacho'l anorlarini bugun xorijda ham yaxshi bilishadi.
Ko'p yillar viloyat Ma'naviyat va ma'rifat markazida tashkilotchi-mutaxassis bo'lib ish yuritdim. Kasbim taqozosi tufayli targ'ibot guruhlarida Sirdaryoning barcha shaharu tumanlarini kezib chiqqanman. Mening ijodkor sifatida shakllanishimda o'sha gurunglarning hissasi katta deb o'ylayman.
Guliston shahriga yetib kelganimda qalbimda ajib bir ehtirosni tuyaman.
Keyingi yillarda shahar butunlay yangi qiyofa kasb etdi, ko'p qavatli zamonaviy binolar, yashil landshaft, gullar jilosi yangi kuyovga kiydirilgan to'ndek shahar husniga husn qo'shib turibdi. Viqor to'kib turgan viloyat musiqali va drama teatri, bilimdonlar maskanidagi Alisher Navoiy haykali g'ayratimga g'ayrat qo'shadi. Shaharning markaziy ko'chalari bo'ylab odimlayman, namozshom tushganda madaniyat va istirohat xiyoboni yonidan o'tayotib qushlarning tinimsiz sayrashidan vujudim orom topadi.
Bugungi yozganlarim ostonasi tabarruk Vatan haqida o'ylaganlarimning bir qismi xolos, uning tanti insonlari, mo''jizakor tabiati haqida yanada kengroq, mufassalroq asarlar yozish niyatim bor.
Alisher NUR,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi