Gazetasiz yashay olmayman…

Men bugungi kun jurnalistlarini tog' cho'qqisiga intilayotgan alpinistlarga o'xshataman. Alpinist tog'u toshlar, qoyalar, ro'y berishi mumkin bo'lgan xatarli hodisalarga parvo qilmagandek, jurnalist ham   hayotdagi muammolar, turli to'siqlarga yon bermaydi, hamisha olg'a intilib, olam, davr, jamiyatdagi o'zgarishlarni, yangilikka to'siq bo'layotgan muammo va to'siqlarni teran ko'z bilan ko'rib, anglab, hayotni borligicha va odamlar taqdirini, dardini aslicha ko'rsatishga intilayotgan yangilikka o'ch, hayotga hamnafas, qalbi jo'shqin va hamisha uyg'oq bir qavm deb bilaman. Bugun axborot eng rivojlangan davrda, dunyoni, yeru osmonni birdek o'rab olgan internet tarmog'i ichida yashar ekanmiz, media olamidagi tezkor jarayonga (har soniyada o'zgaradigan, yangilanadigan xabarlarga) talab kuchli ekanligi chin haqiqat. O'quvchilar xabarlarni zudlik bilan qabul qilib, yana yangisini bilishga qiziqadilar.

E'tiborlisi, bugungi kunda ko'pgina idoralar rahbarlarining ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar bilan muntazam uchrashib, davlat, jamiyat hayotiga daxldor muhim masalalar bo'yicha erkin muloqot qilishlari, muammo va kamchiliklarning ochiqlik bilan keng muhokama qilishlari, jurnalistlarning qaltis savollariga javob berishlari yaxshi an'anaga aylanib bormoqda. Bu yondashuv Yangi O'zbekistonda olib borilayotgan ochiqlik, oshkoralik va demokratik siyosatning eng muhim yo'nalishlaridan biridir.

Albatta, besh qo'l baravar bo'lmaganidek, amaldorlar orasida hozir ham matbuotni mensimaydigan, o'zini baland tutadigan, jurnalist bilan muloqot qilishdan qochadigan odamlar ham yo'q emas. Undaylar hamma zamonlarda ham bo'lgan. Lekin bu bilan ehtimol ular o'ylagan “fikr” ro'yobga chiqib qolmaydi. Ya'ni matbuotning o'rni, nufuzi ana shunday dimog'dorlarning munosabati bilan aslo pasayib ketmaydi.

Men jurnalistika sohasida, aynan gazeta tahririyatida (“Yangi Sirdaryo” gazetasi tahririyatida) 46 yildan beri ishlab kelaman. Bu soha mening jonu tanim, taqdirim, dardim, quvonch va tashvishim desam, ishonavering. Yaqinlarim¸ farzandlarim, do'stlarim “shuncha ishladingiz, endi dam oling”, deyishadi. Lekin men ularga men gazetasiz yashay olmayman, tahririyat ikkinchi uyim bo'lib qolgan, deyman. Chindan-da shunday. Bu hayotda nimaiki topgan, erishgan bo'lsam, shu kasbim, ishim tufayli erishdim. 1977 yili ToshDU (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomlab, shu yerda ish boshlaganman.   Hayotimda, taqdirimda duch kelgan barcha   qiyinchiliklarni yengishimda shu kasbim menga kuch bergan, og'ir damlarda bardoshli bo'lishimda tayanch bo'lgan. Quvonchli kunlarimda esa sog'-salomat yurganim, ijod qilayotganim, atrofimda yaxshi odamlar, ijodkor do'stlarim borligiga, ular meni hamisha qo'llab-quvvatlaganliklari uchun shukr qilganman.

Inson tabiati shunaqa, yoshing ulg'ayavergach, izzat- hurmat, e'zoz topishni, mehnating qadr topishini istab qolarkan. Bunda albatta, eng avvalo ishlayotgan jamoang va sohang bilan bevosita bog'liq bo'lgan nufuzli tashkilot, idora yoki muassasaga suyanasan. 1984 yili O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasiga (sobiq ittifoq davrida esa uning respublika bo'limi deyilardi) a'zo bo'lganman. O'sha davrlarda uyushmaga a'zo bo'lish uchun xuddi imtihonga kirgan talabadek, nufuzli hakamlar hay'ati sinovidan o'tilardi. Hamkasblarimiz orasida sinovdan o'tmaganlar qancha edi. Mana, salkam 40 yildirki, shunday nufuzli uyushmaning a'zosiman deb, faxrlanib yuraman. To'g'ri orada, qancha murakkab, sinovli davrlar o'tdi, o'shanda uyushma ana ham shunday kunlarni boshidan o'tkazdi. Uyushmani, unga a'zoligini birov so'ramaydigan vaqtlarni ham ko'rdik. Hatto oramizda “uyushma menga, bizga nima berdi” deguvchilar ham, uni tark etganlar ham bo'ldi. Lekin suvda cho'kmas, o'tda kuymas, deganlaridek, uyushmamiz barcha davrlarda yashadi, ishladi, jurnalistlarning boshini biriktirishga harakat qildi. Mana, oxirgi yillarda u yana nufuzini tikladi, deyish mumkin.   Bu ko'p jihatdan uyushmaga rahbarlik qilgan odamlarga ham bog'liq. Tashkilotchi, tashabbuskor, ishning ko'zini biladiganlar bosh bo'lgan joyda hamisha adolat qadr topadi, sohada faoliyat olib borayotganlar jumladan, jurnalistlarning boshi birikadi, mehnati munosib baholanadi. Buni o'zimning misolimda ayta olaman. 2019 yil 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot   vositalari kuni munosabati bilan   Prezidentimiz farmoniga ko'ra O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist faxriy unvoni bilan taqdirlandim. O'shanda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi (dastlab uyushmaning viloyat bo'limi) meni   ushbu yuksak mukofotga tavsiya etgan edi.   Chunki sening kimligingni, xizmatlaringni avvalo, soha mutasaddilari yaxshi bilishadi. Davlatimiz rahbari va hukumatimizning e'tiboriga, e'tirofiga sazovor bo'lishdan ortiq baxt bo'lmasa kerak. O'shandagi bir voqea hamon esimda.   Mukofotlar poytaxtimizdagi Milliy akademik teatrida topshirildi. Mukofotlanuvchilarni birinchi qatorga o'tqazishdi. Menga qatorning boshidagi birinchi joyni ko'rsatishdi. Men yoshim ulug'ligi,   ayol bo'lganim, shuncha yil sohada uzluksiz faoliyat ko'rsatganim tufayli bu ehtirom ko'rsatilayotganidan behad shod edim. To'g'risi, qanaqa mukofot ekanligini o'ylamabman ham. Men uchun eng muhimi, e'tibor edi. Chunki bizning kasbimizda bir og'iz iliq gap nonday azizligini yaxshi bilamiz. Faxriy unvonga sazovor ekanligimni bilganimda va hukumatimiz rahbari — Bosh vazir tomonidan uni ko'ksimga taqib   qo'yganida qattiq hayajonga tushganman. Oddiy o'zbek ayoli, oddiy jurnalistga bo'lgan ehtiromdan boshim osmonga yetgan. O'sha lahzalarda men dunyodagi eng baxtli ayol, ona edim. Mukofotlanganlar nomidan birinchi bo'lib menga so'z berilishi esa yanada hayajonlantirdi. Men mamlakatimizda ayolga bo'lgan ehtirom, hurmat, shuningdek, jurnalistga ko'rsatilgan e'tirof va e'zoz, bu mukofot barcha sirdaryolik jurnalistlar, shuningdek, qalami va mehri ila hayotni, yurtimizdagi bugungi islohotlar, o'zgarishlar, yangilanishlarni yoritishga hissa qo'shayotgan jurnalist xotin-qizlarga ko'rsatilayotgan g'amxo'rlik ekanligi haqida gapirdim.

Bularni nega eslayapman.

Chunki bu faraxbaxsh onlarni hech qachon unutmayman, doim eslayman.

Yaqinda aniqrog'i 3 may kuni butun dunyoda Jahon matbuoti erkinligi kuni nishonlanadi. Aynan shu sana yoki shu kunlar arafasida yurtimizda jurnalistika sohasida “Oltin qalam” xalqaro tanlovi bo'lib o'tadi. Bularning bari mamlakatimizda OAVga, jurnalistikaga katta e'tibor, g'amxo'rlikdan darak, albatta.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 iyundagi “Ommaviy axborot vositalarini qo'llab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida” 294- qarorida ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi o'rni va ta'siri, faoliyat samaradorligi va ta'sirchanligini oshirish, ularning moddiy-texnik bazasini yaxshilash bilan birga kadrlar salohiyatini mustahkamlash, soha xodimlarining mehnatini har tomonlama rag'batlantirish masalalariga alohida urg'u berilgan edi. Bugungi kunda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatida aynan shu vazifalarni bajarish borasidagi ibratli va xayrli ishlar ko'zga tashlanmoqda.

Ana shu jihatdan olib qaraganda, uyushmamiz jurnalistlarni qadr­laydigan, unga suyanch   bo'ladigan, uning hayotdagi o'rni, roli va nufuzini oshirishga xizmat   qiladigan chin ma'nodagi tayanch nuqtaga aylanib borayotgani quvontiradi.

Xolida PARDABOYEVA,

O'zbekistonda xizmat

ko'rsatgan jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 3 =