Kelajagimiz uchun ovoz berdim!

Konstitutsiya har bir davlat taraqqiyotining poydevori bo'lgan huquqiy, siyosiy va mafkuraviy hujjat – mamlakatning asosiy qonuni hisoblanadi. 30 aprel erta tongdan a'lo kayfiyatda oila a'zolarimiz bilan Sirdaryo tumani Adolat mahallasidagi 212-saylov uchastkasi tomon yo'l oldik. Mening esa ilk bor saylovga qatnashishim. Saylash huquqiga ega ekanligim, jamiyatimizning kelajagiga qolaversa, o'zimning taqdirimga befarq emasligimdan faxrlanib Yangilanayotgan Konstitutsiyamizga men “ha” deb ovoz berdim. Saylov oldi tadqiqot tashviqot ishlarining tashkil etilganligi, mening Yangilanayotgan Konstitutsiyamning har bir yangi qo'shilayotgan bandidan xabardorligim menga ast qotdi.

Mamlakatimizda yoshlar doimo e'tibor markazida buni Yangilangan Konstitutsiya timsolida ham ko'rishimiz mumkin. Imkoniyat va sharoit yaratib berilgan joyda albatta o'sish bo'ladi. Bugun bizning keng imkoniyatlarimiz aynan Bosh Qomusimiz bo'lgan konstitutsiyamizda ham mustahkamlab qo'yildi. Demakki, bizning keng shiddatlar bilan yanada olg'a yurib o'sish fursatimiz yetdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya a'zolari bilan uchrashuvdagi nutqida “Bosh maqsadimiz – har bir yurtdoshimiz ushbu hujjatni   mening Konstitutsiyam deb faxrlanadigan mukammal   darajaga olib chiqishdir”, deb ta'kidlagan edi. Ha, bugun biz yoshlar har bir yo'nalishda huquqlarimizni himoya qiladigan, mehnatlarimizni rag'batlantiradigan davlat qurishda davom etishini istaymiz. Chunki biz ertangi kunimiz, kelajagimiz uchun befarq emasmiz. Zeroki bizning ovozimiz bo'lajak tarixiy g'alabalarga zamin bo'lsin! Kelajagimiz egalari bo'lgan yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta'minlash, ularning orzu- intilishlari, qobiliyat va salohiyatini ro'yobga chiqarish davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo'nalishi hisob­lanadi.

Prognozlarga ko'ra mamlakatimiz aholisi 2040 yilga borib, 50 mln.ga yetar ekan. Ularning yarmidan ko'pi yoshlar ekanini ham hisobga olish kerak. Ularga munosib sharoit qilib berish uchun, har yili 250 ming yangi o'quvchi o'rni, o'nlab zamonaviy shifoxonalar, kamida 200 mingta yangi uy-joy, yuz minglab doimiy ish o'rinlari, 25-30 mlrd. dollar investitsiya kerak. Qonunchiligimizga muvofiq yoshlarga – 14 yoshga to'lgan va 30 yoshdan oshmagan shaxslar kiradi. O'zbekis­tonda yoshlarning soni bugungi kunda 9,6 mln.dan oshmoqda, ya'ni mamlakatimiz aholisining 30 foizga yaqinini tashkil etmoqda. 2016 yilda “Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida”gi Qonun qabul qilindi, 2020 yilda Yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi hamda 30 iyun – “Yoshlar kuni” deb e'lon qilindi. Yangi Konstitutsiyamizning 78 va 79-moddalari yoshlarga oid alohida normalar bilan to'ldirildi.

Yoshlarning har tomonlama rivojlanishi uchun ularga tegishli imkoniyatlar, ya'ni sog'lom va uy-joyli bo'lish, ta'lim olish, ishga joylashish, band bo'lish va dam olish imkoniyatlarini yaratish zarurdir. Davlat bu borada tegish­li shart-sharoitlarni yaratish bo'yicha majburiyat olmoqda, chunki mazkur normalar, nafaqat yoshlarimiz manfaati, balki butun jamiyatimiz va mamlakatimizning farovon kelajagi uchun muhimdir.

Oliy ta'lim dargohlariga qabul so'nggi olti yilda 5 baravarga ortib, talabalar soni 1 millionga yetdi. Qamrov esa, 9 foizdan 38 foizga oshibdi. Misol uchun, 2016 yilda yurtimizda 77 ta oliygoh bo'lgan bo'lsa, hozirda ularning soni 210 tani tashkil qilmoqda. Shu bilan birga 2017 yilgacha oliygohlarga kirish uchun davlat grantlari soni faqat qisqarib kelgan. Oxirgi olti yilda bu boradagi ahvol butunlay o'zgardi. Grantlar soni 2 baravar ko'payib, 40 mingtaga yetdi. Shundan, magistratura uchun – 5 baravar ko'paydi. Endi, yoshlarning oliygohlarga davlat granti hisobidan o'qish huquqi qat'iy belgilangan. Ya'ni, bundan buyon davlat grantlari ko'paysa-ko'payadi, lekin qisqarmaydi.   Shu o'rinda aytishim o'rinliki, o'zim ayni damda O'zbekiston davlat Jahon tillari universitetida davlat granti asosida ta'lim olmoqdaman.

Mening huquqim qonun bilan qat'iy mustahkamlab qo'yilganidan xursandman. Aholining keng qatlamlarini oliy ta'lim bilan qamrab olish masalasi Prezidentimiz tomonidan BMT minbarida ham ko'tarilgan va 2030 yilgacha O'zbekistonda 50 foiz yosh aholi oliy ma'lumotga ega bo'lishi rejalashtirilgan. Shu sababli oliy ta'lim olish huquqi Konstitutsiya darajasigacha ko'tarildi. Chunki hamma ham kontraktda pul to'lab o'qiy olmasligi mumkin. Shu sababli Konstitutsiyamizda tanlov asosida davlat byudjeti hisobidan o'qish imkoniyati qat'iy mustahkamlanib qo'yildi. Shu sababli ham biz yoshlar ushbu siyosiy jarayonlarga befarq bo'lmagan holda, o'z kelajagi uchun referendum jarayonlarida nafaqat faol bo'ldik, balki yosh targ'ibotchisiga aylandik ham.

Men bo'lajak jurnalist sifatida yangilangan Konstitu­siyamizga kiritilgan yana bir tamo­yilga to'xtalib o'tmoqchiman.

Konstitutsiyada ommaviy axborot   vositalari faoliyati erkinligini ta'minlashga yo'naltirilayotgan kafolatlar bugungi kunda   fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta'minlash, jamiyatda ochiqlik va oshkoralik, qonuniylik muhitini   mustahkamlashda ommaviy axborot vositalari (OAV) muhim ahamiyatga ega.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev “Ommaviy axborot vositalari xodimlarining o'z faoliyatini qonun doirasida erkin amalga oshirishiga to'sqinlik qilish – bu demokratik islohotlarimizga qarshi harakat, mamlakatimizning obro'siga putur   yetkazish sifatida baholanishi kerak”, deb ta'kidlagan edi. Shu bois yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 81 va 82-moddalarida OAV bilan bog'liq quyidagi normalar mustahkamlanib qo'­yildi. Birinchidan, davlat ommaviy axborot vositalari   faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo'lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi, deb belgilandi. Mazkur norma jamiyatning ishonchli axborotga   bo'lgan ehtiyojlarini qondirishga, aholining axborot olish huquqlarini ta'minlashga xizmat qiladi; ikkinchidan, ommaviy axborot vositalarining   faoliyatiga to'sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo'ladi, degan muhim norma kiritildi. Ushbu norma OAVning va jurnalistlarning emin-erkin, turli ma'muriy bosimlardan qo'rqmasdan faoliyat   yuritishini ta'minlaydi hamda jamiyatda ochiqlik va oshkoralik muhitining rivojlanishiga sharoit yaratadi. Ushbu normalar mamlakatimizda axborot erkinligini yanada kuchaytirishni, pirovardida ommaviy axborot vositalari va   jurnalistlarning emin-erkin harakatlanishini ta'minlashga asos bo'la oladi.

Kelajagimiz poydevori — Bosh Qomusimiz bor ekan biz har doim har jabhada o'z huquqlarimizni himoya qila olamiz. Konstitutsiya meniki, konstitutsiya barchamizniki va men konstitutsiyamizdan faxrlanaman.

Zanjiloy ABDUSALOMOVA,

O'zbekiston davlat

Jahon tillari universiteti

talabasi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × four =