Milliy universitet – millat tayanchi

O'zbekiston Milliy universiteti nafaqat Markaziy Osiyo­­da, balki dunyo miqyosida keng doirada tanilib borayotgan nufuzli oliy ta'lim dargohlaridan biridir. Ushbu ilm dargohi yillar silsilasida O'rta Osiyo davlat universiteti, Toshkent davlat universiteti, hozirda Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti kabi nomlar bilan shuhrat qozonib kelmoqda.

Universitet otaxon ta'lim dargohi sifatida respublikamizdagi yetakchi oliy ta'lim muassasalarining shakllanishida poydevor vazifasini o'tagan. Respublika, qolaversa, O'rta Osiyo oliy o'quv yurtlari orasida Milliy dorilfunun o'ziga xos salobat va salohiyati bilan ajralib turadi.

Yaqinda otaxon ta'lim maskanimizda bir asrni ortda qoldirgan yubiley sanasi – 105 yilligi keng nishonlandi. Ana shunday damlarda millat tayanchi bo'lib shakllangan Milliy universitetning shonli tarixiga yana bir bora nazar solishni joiz deb bilamiz.

Bu ulug' dargohga tashkil topganidan boshlab hozirga qadar alohida rahbarlik qobiliyatiga ega bo'lgan, iqtidorli, ta'lim maskani taraqqiyotiga har tomonlama hissa qo'shgan salohiyatli olimlar yetakchilik qilib keladi. Har birining faoliyati tahsinga sazovor. Shu o'rinda universitetda samarali faoliyat yuritgan ayrim rektorlar — ulkan ustozlar haqida ikki og'iz so'z aytish nafaqat joiz, balki burchimizdir.

Sa'di Hasanovich Sirojiddinov — universitetga uzoq yillar rahbarlik qilgan elimizning fidoyi zotlaridan edi. Olimning alohida iqtidori bilan bir qatorda kamtarligi, samimiyligi, insoniy fazilatlari haqida ko'p yozishadi. Shu kabi ibratli voqealardan biri haqida Milliy universitetda uzoq yillar ishlab, ushbu universitet taraqqiyotiga o'z hissasini qo'shgan Jo'ra Xudoyberdiyev shunday yozadi: “Sa'di Hasanovich Sirojiddinov – ehtimollar nazariyasi bo'yicha sobiq ittifoq miqyosidagi   eng taniqli, mashhur olim, akademik. Bu insonni Moskva, Leningrad, Kiyev va boshqa shaharlardagi olimlar ham yaxshi bilishgan va juda hurmat qilishgan.

Shu soha bo'yicha ilmiy ish qiladigan har qanday tadqiqotchi ushbu olimning ishlariga murojaat etishi shart bo'lgan. Domla qanchalik mashhur bo'lsalar, shunchalik oddiy va samimiy inson bo'lganlar. U kishi bir kuni universitet ma'muriy binosi oldida o'sha paytdagi vazirni (bir vaqtlar o'zlarining shogirdlari bo'lgan insonni) kutib olish uchun chiqadilar. Shunda   “domla, kutayotganingiz shogirdingiz ekanlar-ku, o'zlari oldingizga kiradilar” deyishganida, olim “men shogirdimni emas, vazirni kutyapman”, deb javob bergan ekanlar”.

Olimning hayotida bu kabi ibratli lahzalar ko'p bo'lgan. Hurmatli rektor bo'lg'usi mashhur olim, jamoat arboblarini universitet qabuli davridayoq aniqlaganlari va bu borada bosh­qalarga ma'lum qilganlari ko'p­lab manbalarda e'tirof etilgan.

Universitetga rahbarlik qilgan Toshmuhammad Aliyevich Sarimsoqovni esa talabalik yillarimdagi faoliyatlari orqali bilaman. Dastavval, 1985 yilda imtihon javoblari e'lon qilinib, bir guruh yoshlar   talabalikka qabul qilinganimizda qo'l berib tabriklab, har birimizga muvaffaqiyat tilab chiqqanlari kechagidek yodimda…

Toshkent davlat universitetining Milliy universitet maqomiga ega bo'lishida va dunyo miqyosida reytingi baland universitetlar qatorida takomillashuvida bir necha yillar rektorlik qilgan akademik To'rabek Nu'monovich Dolimovning ham alohida xizmatlari bor. To'rabek Dolimov, tom ma'noda, ziyoli, nozikta'b, yuqori didga, insoniy fazilatlarga ega bo'lgan akademik olim edi. Geolog bo'lishiga qaramay, barcha sohaga, xususan, filologiya ilmiga ham juda qiziqar edilar.

Ehtimol, shu sababdan To'rabek Dolimov turkiy xalqlarning kam qismida kuzatiladigan etimologik lug'at tuzishni taklif qilib, O'zbek tilining etimologik lug'atini nashr etishga bosh-qosh bo'lgan edi. Bu haqda etimologik lug'at muallifi, filologiya fanlari doktori, professor, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Shavkat Rahmatullayev shunday deb yozgan:   “O'zbek tilshunosligida filologik lug'at tuzish bo'yicha yetarli tajriba orttirilgan. Lekin etimologik lug'at tuzilmagan edi. Etimologik lug'atning hozirgacha tuzilmaganiga asosiy sabab – ko'p mehnat, chuqur bilim, katta tajriba, layoqat talab qilishi edi, albatta. O'zbekiston Milliy universitetida o'zbek tili etimologik lug'atini tuzish tashabbuskori akademik To'rabek Dolimov menga shunday taklif bilan murojaat qilganlarida bu ishni bajara olmasligimni, bunday lug'atni tuzish uchun hozirgi adabiy o'zbek tilidan mutaxassis bo'lishning o'zi yetarli emasligini, o'zbek tili tarixini yaxshi bilish lozimligini aytdim. Akademik To'rabek Dolimov universitetning ilmiy ishlar bo'yicha rektor o'rinbosari sifatida aytgan bu takliflarini keyinchalik universitet rektorining talabi sifatida qat'iy tak­rorladilar. “Boshqa tillar bo'yicha etimologik lug'at tuzilganu, nega o'zbek tili bo'yicha tuzilmagan?! Tuzish kerak. Shunday lug'at tuzishni boshlab bering!” – dedilar. Milliy g'urur ham aralashganidan keyin men bu murakkab, mashaqqatli vazifani bajarishga jazm qildim”.

T.Dolimov rektorlik qilgan   vaqtlarida ko'p hollarda o'quv yilini yakunlash universitet bosmaxonasi yonidagi maydonda, favvoralar yonida, davra stoli atrofida nishonlanar edi. O'quv yilida faol mehnat qilganlar taqdirlanib, professor-o'qituvchilarning yutuqlari e'tirof etilar edi. Ana shunday yig'inlarning birida universitetda ko'p yillardan beri farroshlik qilib kelgan onaxon shunday degan edilar: “Men bu universitetni, rahbariyatini yaxshi bilaman. O'qituvchi bo'lishni orzu qilganman. O'qishga hujjat topshirib, kira olmadim. Lekin men xafa emas­man, aksincha shukr qilaman. Chunki o'qituvchi bo'la olmasam ham, o'qituvchilarning oyoqlari ostini tozalayotganimdan faxrlanaman!”. Albatta, ushbu so'zlarni insoniylikning bir ko'rinishi sifatida baholash joiz. Ko'pchilik nazdida past nazar bilan baholanadigan bu mehnatdan faxrlanish, g'ururlanish, undan mazmun topish har qanday insonning ham qo'lidan kelavermaydi. Farroshlik kasbidan umrguzaronlik qiluvchi onaxon esa o'z kasbi o'qituvchilarga aloqador ekanligidan faxr hissini tuygan edilar. O'qituvchi ana shunday e'tiborga, faxrga loyiq. Lekin “o'qituvchi”lik salohiyatini, shu saviyani, qiyofani saqlab qolish, shu nomga loyiq bo'lish   oson emas, bu – pedagog xodimlardan katta mas'uliyat talab qiladi.

O'sha yillari To'rabek Dolimovning yaqin yordamchilari bo'lgan o'rinbosarlar, bo'lim boshliqlari – Rahbarxon Murtazayeva, Hojiakbar Toychiyev, La'lixon Muhammadjonovalarning xizmatlari tufayli ham o'quv jarayoni va ilmiy faoliyat, xotin-qizlar yo'nalishida universitet katta yutuqlarga erishdi.

Universitetda rektor sifatida   professor G'affurjon Isroilovich Muhammedov ham sermahsul faoliyat olib bordilar. Universitetni har tomonlama rivojlantirishga o'z hissalarini qo'shdilar. Ayniqsa, ta'lim sifatiga o'sha yillardayoq alohida e'tibor qaratdilar. Universitetning tajribali pedagog-mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tashkil qilib, har bir fakultetdagi o'quv jarayoni, me'yoriy-hujjatlar, darslarni tashkil qilish, zamonaviy pedtexnologiyalardan foydalanish darajasini nazoratga oldilar. Bu davrda ham universitet ko'p sohalarda yutuqlarga erishdi. Ko'plab talabalar Xalqaro olimpiada, Respublika tanlovlari g'oliblari bo'lishdi.

Hozirgi paytda Milliy universitetga professor Inomjon Urushevich Majidov rahbarlik qilyaptilar. Ularning sa'y-harakatlari tufayli universitet yuqori natijalarga erishmoqda. Universitetning dunyo reytingida tobora yuqorilab borayotgani ham o'quv, ilmiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalarda ishlarning tizimli ravishda yo'lga qo'yilganini ko'rsatadi. Universitet professor-o'qituvchilarining mehnat natijalarini rag'batlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar yanada yuksak yutuqlarga   zamin yaratadi.

Ushbu universitetda fidoyi insonlar, taniqli olimlar faoliyat olib borishgan va hozir ham o'z sohasining yetuk mutaxassislari faoliyat yuritmoqda. Ayniqsa, universitetning matematik, fizik, geograf, biolog, tarixchi, filolog olimlari amalga oshirgan tadqiqotlari va ilmiy ishlanmalari bilan jahonga tanilgan. Filologiya sohasida Ayub G'ulomov, G'ulom Karimov, Anvar Hojiahmedov, Muhammadnodir Saidov, Siddiqjon Fuzailov, Iristoy Qo'chqortoyev, Hasanxo'ja Muhammadxo'jayev, Shavkat Rahmatullayev, Karim Nazarov, Miraziz Mirtojiyev, Umarali Normatov, Begali Qosimov, Rahmatilla Inog'omov, Omonilla Madayev, Bahodir Yo'ldoshev, Yormat Tojiyevlarning beqiyos mehnatlari tufayli sohada ko'plab yutuqlarga erishildi. Taniqli jadidshunos olim, mutaxassislar ta'biri bilan aytganda, “eng so'nggi jadid” – professor Begali Qosimovning butun umri va faoliyati shu universitet bilan bog'liq. Universitet tashkil topgan sananing va tashkilotchilarining aniqlanishida ustozning katta xizmatlari bor. Ustoz Germaniya, Turkiya davlatlari hamda Qozon shahrida bo'lib, hujjatlarni o'rganib, daliliy materiallar to'plab, universitet 1920 yilda emas, balki jadidlar davrida, Munavvarqori tashabbusi bilan 1918 yil 12 mayda tashkil etilganini isbotladilar. “Milliy universitet” maqomi berilishida ham ustoz alohida fidoyilik ko'rsatganlar.

Bu maskanda G'aybulla as-Salomdek mohir tarjimonlar, o'z ishining ustalari faoliyat yuritishgan. Allomaning madaniyat saroyida universitetga “milliy”lik maqomi berilishi munosabati bilan   o'tkazilgan tadbirda nutq so'zlay turib, to'lqinlanib, minbarda aytgan so'nggi so'zlari olimning, tom ma'noda, fidoyi ekanligini ko'rsatdi.

Faxr va iftixor bilan aytish joizki, universitetda tahsil olgan talabalar bugun ishlab chiqarish, ijtimoiy-gumanitar, tibbiyot, biologiya singari qator sohalarda faoliyat yuritib kelmoqdalar. Aksariyat sobiq talabalar bugun respublikaning turli nuqtalarida, xorijning nufuzli ta'lim muassasalarida rahbar, ijrochi mas'ul lavozimlarda ishlashmoqda.

O'zbekiston Qahramonlari – Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va bosh­­qa ko'plab shoiru-yozuvchilar shu universitetda o'qib, bilim olishgan.

Hozirda universitetda Fazliddin Hikmatov, To'xtasin Abdurahmonov, Nigina Shermuhamedova, Anna Sheremetyeva, Rahbaroy Murtazayeva, Akbar O'tamurodov, La'lixon Muhammadiyeva kabi geograf, biolog, tarixchi, filosof olimlar va boshqa bir qator professor-o'qituvchilar mehnat qilishmoqda. Filologiya sohasida Ulug'bek Dolimov, Ra'no Sayful­layeva, Mamlakat Jo'raboyeva, Havoxon Qahhorova, Hamidulla Boltaboyev, Nasimxon Rahmonov, Muhabbat Qurbonovalarning faoliyati respub­lika mutaxassislari uchun ibrat namunasi sifatida e'tibor topmoqda.

Ha, Milliy universitet – millat faxri, millat tayanchi! Qadim va azim maskan qadri va nufuzi ajdodlar tafakkuri, buyuk mutafakkirlar ziyosi, yoshlar shijoatidan bahra olib, metindek mustahkamlanib, Mirzo Ulug'bek yulduzlari qadar yuksalib boraversin!

Zulxumor XOLMANOVA,

filologiya fanlari doktori,

professor,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

yoshlar murabbiysi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

six + 19 =