Yozyovondagi uchrashuvlar

Yozyovonning uzun va ravon yo'llari u yerdagi mehnatkash insonlarning qon tomirlari kabi bir-biri bilan chirmashib, xuddiki barchani qondosh, jondosh qilib turgandek go'yo. Yozyovonning so'lim joylaridan biri — Tolquduq buva dam olish maskani ana shu tomirning yuragi bo'lib, odamlarni ezgulikka, halollikka, sadoqatga chorlab turgandek tuyuladi.

Bu qadamjoda nuroniy otaxonlarning bir piyola choy ustida tarix zarvaraqlaridan so'zlagan hikoyalari-yu xandalari, askiya-yu latifalariga guvoh bo'lgan azim daraxtlar Yozyovonning jaziramasiga dosh berib, odamlarga beminnat soya tashlab turadi. Bir cho'p suqsa, uni nihol qilib gurkuratib yuboradigan Yozyovonning haroratli tuprog'i juda ham qaynoq va saxovatga limmo-lim. Balki shuning uchun ham O'zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf:

Yozyovonda yoz yomon,

Qizdirarmish oftoblar.

Yozda qanday jon saqlar,

Yozyovonlik mohtoblar? —

deya bejiz yozmagan bo'lsa kerak.

Tolquduq darvozasidan kirishingiz bilanoq she'riyatning qaynoq taftini his etasiz. Salobatli chinorlarga ilingan jadid bobolarimizning, Erkin Vohidov, Anvar Obidjon, Muhammad Yusuf, Enaxon Siddiqova kabi ulug' ustozlarning suratlari jonlangandek ko'rinadi. O'chmas nigohlar sizga ne-ne sinoatdan so'zlayotganini his etgandek bo'lasiz.

Bu dargoh yozyovonliklar uchun juda qadrli. O'zim ham bir necha bor shogirdlarim, “Onajonim she'riyat” to'garagi a'zolari bilan kelib ijod haqida, so'z qudrati haqida dildan suhbatlar qurganmiz. Bu makonda kibrini quyosh nurlari eritib yuborgan insonlarning qalbi, yuragi ham mana shu tuproqdek haroratli. Yozyovonlik Ergashevlar oilasi bunga yaqqol misol bo'la oladi. Bu oila haqida nafaqat yozyovonliklar, balki vodiyliklar ham juda yaxshi biladilar.

Tolquduq buva dam olish maskanini gullatib, yashnatib, ko'rkiga ko'rk qo'shib, obod qilib kelayotgan adabiyotsevar bu oila haqida har qancha gapirsak, shuncha ozdek, nazarimda. Saxovatpesha nuroniy Xolmurod hoji ota va Oyshaxon hoji ona Ergashevlar tashabbusi bilan ikkinchi bor o'tkazib kelinayotgan “Yozyovon ilhomlari” o'zgacha ruhda davom etdi. Tadbir “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” shiori ostida mustaqilligimizning 34 yillik to'yi arafasida adabiyotsevarlarni yana ushbu go'zal manzilda jamladi. Mustaqillik bayrami shukuhiga hamohang tarzda tashkil etilgan mushoirada viloyat va tuman rahbarlari, viloyat “Oqila ayollar” harakati a'zolari, Toshkent, Andijon, Namangandan kelgan ijodkorlar, “Milliy tiklanish” partiyasi, Xalq demokratik partiyasidan vakillar ishtirok etdi. Yetmish nafardan ziyod ustoz shoirlar, olimlar, yosh qalamkashlar davraga fayz qo'shdilar. Respublikamizdan, vodiydan tashrif buyurgan el nazaridagi taniqli olimlar, ijodkorlar ishtirokidagi adabiy mushoiralar ko'ngillarga o'zgacha obodlik baxsh etdi. So'zga chiqqan ustoz ijodkorlarning ijod namunalari, adabiyot haqidagi fikrlari yig'ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyati bo'limi rahbari Ziyoviddin Mansur quyidagilarni faxru iftixor bilan gapirdi:

— Farg'ona vodiysi bekorga “Oltin vodiy” deyilmaydi. Yer ostida qancha oltini bor, bilmayman, lekin oltin odamlari, oltinga teng bunyodkor xalqi bor. Uch viloyat xuddi uch og'ayni botirlardek, yelkama-elka, biridan biri o'rganib, ruh olib, ilhomlanib, mamlakatimiz rahbarining xalqparvar, tinchlikparvar, insonparvar siyosatini hayotga tatbiq etish orqali yaratilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga maftun bo'lib, uning tarannumiga shaylangan ijodkorga aylanishi tabiiy. Bir zamonlar Yozyovon suv yetmaydigan cho'l-sahro maskani bo'lgan bo'lsa, mustaqilligimiz sharofati bilan Yozyovonda amalga oshirilayotgan ishlar har qanday ijodkorni ilhomlantiradi. Bejizga Said Ahmad “Ufq” romanini yozib, abadiyatga muhrlamagan. Chunki bu manzilda xalqning og'irini yengil qiladigan, mehnat-mashaqqatdan cho'chimaydigan xalqi bor. O'tgan yili ham bu tadbir juda chiroyli bo'lgan edi, bu yil ham insonni o'ziga tortadigan, jozibador tarzda o'tyaptiki, bu zamin hamisha, mening nazarimda, ilhom, zavq ato etadigan ohanrabosi bor zaminga aylanayotgani, ilohim, rost bo'lsin. Yoshlar chiqib she'r o'qiganlarini ko'rib, ertangi kunning Erkin Vohidovlarini, Anvar Obidjonlarini, Enaxon Siddiqovalarini ko'rgandek, kashf etgandek bo'ldik.

Abdulhamid Cho'lpon “Adabiyot yashasa, millat yashaydi” degan edi. Mushoira davomida bu so'zning naqadar hayotiyligi yaqqol o'z aksini ko'rsatdi. She'riyat nafaqat ruhiy oziq, balki yosh avlod tafakkurini charxlovchi, mustaqillik ruhini mustahkamlovchi buyuk maktab ekanini “Yozyovon ilhomlari” yana bir bor tasdiqladi.

Ilhomning qadri rag'batda. Mushoira chog'ida Yozyovon haqida yangi yozilgan, siyohi qurimagan she'r mualliflariga pul mukofotlarining berilishi yosh iste'dodlarni yanada ilhomlantirishiga shubha yo'q.

O'ktamxon SOLIYEVA,

II darajali “Sog'lom avlod uchun”

ordeni sohibasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 − seven =