“Jismimni kuydirib uchgan ovozim”

O'zbek xalqining fidoyi o'g'loni, shoir Abdulhamid Cho'lpon hind xalqining ulug' donishmand shoiri Robindranat Thakur haqida maqola yozayotib, ul zotning haybati, salobati bosib, hayajonga tushganini, ancha vaqt tiliga so'z kelmaganini zikr qiladi.
Shavkat Rahmon degan bir hassos shoirning siymosi qarshisida ana shunday hayajondaman, desam,mubolag'a bo'lmas.
Shavkat aka bilan o'tgan asrning 80-yillari oxirida Toshkentda, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining yillik hisobot majlisida uchrashish, ko'rishish, suhbatlashish sharafiga muyassar bo'lganman. Bu lahzalar hayotimning eng nurli sahifalaridan biri bo'lgan edi.
Shavkat Rahmon she'riyati… Shavkatli, muqaddas, chinakam hodisa bo'lgan bu she'riyat haqidagi mulohazalarimizni jahon she'riyatining ayrim mo''jizalari bilan uyg'unlikda, mushtaraklikda bayon qilsak, to'g'ri bo'lar.
Har bir xalqning shunday shoirlari bo'ladiki, ular ijodida mazkur xalqning dardi, qayg'usi, orzusi o'zining samimiy ifodasini topadi. El dardi, qayg'usi shoir dardiga, qayg'usiga aylanadi va qog'ozga she'r bo'lib to'kiladi. Shoir o'z xalqining vijdoniga aylanadi.
Hazrat Navoiyda shunday misralar bor:
Odami ersang, demagil odami,
Onikim yo'q xalq g'amidin g'ami.
Yoki ulug' hind shoiri Robindranat Thakur bir she'rida qalamiga shunday murojaat qiladi:
Boshimga tushganda qayg'uli kunlar,
Yalinaman o'z qalamimga:
— Sharmanda qilma meni!
Oshkor qila ko'rmagin
hammaning qayg'usiga
aylanmagan qayg'umni.
Yoxud eron shoiri Bomdod Ahmad Shomlu bunday yozgan edi:
O'z elin dardini meniki demoq —
bugungi shoirga emas begona.
U tabassum qiladi —
o'zgalarning lablari bilan.
Xaloyiq dardini, orzularini
payvand eta boshlar suyaklariga.
Xuddi shuningdek, Shavkat Rahmon tilida emas, balki dilida, butun vujudi bilan, a'moli bilan eli uchun qayg'urgan, elu yurt dardini, hasratu armonlarini she'r misralariga, misralardagi har bitta so'zga joylagan shoirdir. U o'zining qisqa umrida quvonch haqida, baxt haqida gapirishdan andisha qilib o'tdi, “baxtiyorman” degan so'zni aytmay yashadi:
Og'ir botmasmikin
bu so'z kimgadir,
tegib ketmasmikin oh-vohlariga,
qandoq bardosh berib
yashayman keyin
baxtsiz kimsalarning nigohlariga.
Avvalo, bu so'zni o'zgalar aytsin,
aytsinlar ko'zlari quvonchga to'lib,
elning baxti uchun umrini tikkan
shoirlar aytmasin birinchi bo'lib.
Shoirning aksariyat she'rlarida, xususan, “Ko'p yig'lama”, “O'zgalar dardi”, “Armon”, “Aldab qo'yar”, “Bir xoin xususida”, “Qodiriy va hozirgi yoshlar”, “Aravon ko'rinishlari”, “Nechun baxt so'zini aytmaysan, Maftun?”, “Qulog'imda qolgan yig'i” kabi she'rlarida yurt kelajagi, el taqdiri, qismati uchun qayg'urish ohanglari bo'rtib turadi. Shavkat Rahmon — el dardini suyaklariga payvand etgan shoir. Shavkat Rahmon — yurt qayg'usi jismini kuydirgan shoir. U yozadi:
Ko'z yoshini ko'rsatmay mangu
Yig'laydigan ko'zim ko'ksimda.
Shoir she'rlarida qayg'u bor, hasrat bor, dard bor, g'am bor, biroq yig'i, yig'loqilik yo'q. Aksincha, ichki bir tug'yon bor, muhitga qarshi isyon bor, o'jarlik bor, g'animlarga, hatto noshud millatdoshlarga nisbatan ayovsizlik bor! Uning ulkan yig'isi ko'zida emas, ko'ksida edi… Tilida emas, jismu jonida edi…
Shavkat Rahmon XX asrning so'nggi choragi o'zbek she'riyatiga Erk va Ozodlik motivlarini dadil olib kirgan shoirdir. Biroq Shavkat Rahmon ba'zi zamonasoz nazmbozlar singari “istiqlol”, “mustaqillik” deb ko'kragiga urib ayyuhannos solgan emas. Erk, Ozodlik, Istiqlolga intilish tuyg'ulari, g'oyalari uning har bir she'ridan, misrasidan sizib chiqadi. U aytish mumkin bo'lmagan paytlarda toza vijdon bilan o'zining hur fikrlarini ayta olgan edi:
Surilar bu temir pardalar,
istibdodning tug'lari qular,
mog'or bosgan qora qa'rlardan
million ozod ruhlilar turar.
Shoir e'tiqodiga ko'ra, erk yo'li, ozodlik yo'li mazlumlar uchun “yagona yo'ldir” — “so'nggi yo'ldir”. Nazarimizda, qatag'on yillari sho'roviy g'animlar Cho'lpon qo'lidan tortib olgan Erk qalamini uzoq yillardan so'ng, o'tgan asrning 80-yillarida Shavkat Rahmon g'animlar qo'lidan qaytarib olganday, Cho'lpon she'riyati Shavkat Rahmon she'riyatida davom etganday go'yo. Bunday ma'naviy-ruhiy yaqinlik ular she'riyatidagi Erk, Ozodlik motivi, tuyg'ulari bilan bog'liqdir.
Taniqli adabiyotshunos olim, professor Umarali Normatov 2000 yili O'shda, Bobur nomidagi O'sh davlat akademik o'zbek musiqali drama teatrida, shoir tavalludining 50 yilligiga bag'ishlangan xotira kechasida shunday bir xolis va haqqoniy fikr aytgan edilar: “XX asr o'zbek she'riyati Cho'lpon bilan boshlanib, Shavkat Rahmon she'riyati bilan tugadi”. Ha. Shavkat Rahmon asr she'riyatini yakunlagan shoirdir!
O'z davrida Fitratu Cho'lponlar ko'tarib chiqqan turkchilik g'oyasi, turkiy qavmlarning birligi g'oyasi Shavkat Rahmon she'riyatining muhim qirralaridan birini tashkil qiladi:
…shoir yuragimni yulib berardim
birgina Turkiston degan so'z uchun, —
deb yozadi shoir “Avtobusdagi o'ylar” she'rida.
G'animlarning iflos oyoqlari ostida toptalgan Vatan — Turon zamin qismati, fojiasi shoir dilini, jismu jonini o'rtaydi:
Vatanim deyman-u, bag'rim qon bo'lar,
bu qanday vatanki xoki birikmas,
buyuk Turon kengliklarida
urug'lar bir-birin yedi tiriklay.
Bu qanday vatanki, shohizindalar
bir g'arib elining orini sotsa,
shoirlar saltanat zinalarida
mansabu martaba tilanib yotsa.
Ey, siz, adashganlar…
Buyuk Turon kengliklarida
ko'milib yotibdi hadsiz xazina…
Shoirning “Turkiylar”, “Kayfiyat manzarasi”, “Sharhihol”, “Jezotliq”, “Xirgoyi”, “Sinov maydoni”, “Kenglik sog'inchi” kabi she'rlarida ham ana shu ruh hukmron.
O'tgan asrning 60-70-yillarida Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Halima Xudoyberdiyeva kabi shoirlar avlodi o'zbek she'riyati qaddini ko'tardilar, “uni yana sahnaga olib chiqdilar”. Shavkat Rahmon esa ana shu qaddi tiklanayotgan she'riyatni yana bir pog'ona ko'targan shoirlar avlodiga mansubdir. Uning she'riyati — mazmun, ruh, ayniqsa, shakl jihatidan yangicha she'riyat, o'ktam she'riyat. Shoir har bir so'zga bir olam zalvorli ma'no yuklaydi. “Tog'”, “tosh”, “xarsang”, “daraxt”, “giyoh” “qush” kabi ko'plab poetik obrazlar, ramzlar o'z ma'no qirralariga ega.
Shavkat Rahmon she'riyati hali ko'p o'rganiladi. Bu buyuk merosni o'rganish, shoir she'rlaridagi nafosatni, “qayralgan so'zlar” ma'nolarini kashf etish, poetik jozibasini tadqiq va talqin etish hozirgi avlodning burchi, vazifasidir.
Shavkat Rahmon she'riyati she'riyatimiz osmonidagi shunday bir yorug' yulduzki, biz vaqt nisbatida undan qancha uzoqlashsak, u shunchalik yorqinroq nur sochib, o'ziga maftun etaveradi, o'ziga chorlayveradi. Shoir bir she'rida faxr va ishonch shunday yozgan edi:
Agar yetti qavat yerning qa'rida
yotsam-da, larzaga solib havoni,
elimning yuragin topar baribir
jismimni kuydirib uchgan ovozim.
Ha, Shavkat Rahmon shaxsiyati va she'riyati bilan elini, xalqini topgan shoirdir.
Saidakbar MAXSUMXONOV,
filologiya fanlari nomzodi.