Mehr va qahr

(GULBADANBEGIM)

Badiiy film ssenariysidan ikki lavha

Gulbadan ruxsorini ekranda ko'rishga mahtal holatda bitildi bu ssenariy. Film tashvishlari boshlanganida ham o'sha mushtoqlik hissiyoti tark etmadi kaminani.

O'zbek ayollarining badiiy iste'dodi hamda fikr teranligi, oilada ham, jamiyatda ham sadoqati, iroda va nozik tabiati, g'azabnok holati, jo'sh urgan ehtirosini ham goh shirin, goh falsafiy, goh esa shiddatli bir tarzda ifodalangan misralarda ham mayin, orasta bir shaklda, nido, hayqiriqni eslatuvchi, qudratli ruhiy to'lqinlar bilan qalamga olganidan, lirik kechinmalarni ham yuksak dramalarda, ezgu niyat, komil ishonchni barbod etmaydigan, lekin fojiaviy mazmunini saqlab qoladigan nozik, alamli tub mohiyatini anglashga ko'maklashadigan she'riyatdan bizni voqif etganlarga ta'zim qilgim keladi. Zebiniso va Nodira begimni, Anbar otin hamda Uvaysiyni, nasriy asarini poetik darajaga ko'targan Gulbadanbegimni va uning yonginasida bizning mo''tabar zamondoshimiz bo'lgan Halima Xudoyberdiyevani — bu noyob, yorqin iste'dod sohibalarini daholarga xos bir tarzda, kuchli iqtidor, lekin ayollarga xos nazokat, latofat bilan birga jindek araz, mubolag'aga ham o'rin topib, aqlli qalamlarini iztirobidagi yuraklari urishi maromida tebratib, o'tmishda, uzoqlarda qolgan dugonalari — ko'p o'rinda maslakdoshlari da'vatlari, dil izhorlari, ushalmagan orzularini XXI asr ixtirolari darajasida ko'p fasllik badiiy televizion asarlar boblarida namoyon etish istagini uyg'otgimiz keladi. Men haqirni ustoz deb biladigan Gulnoza (ikki nafar) Shohida, Mahliyo, Sabohat intellektual jihatdan boy, lekin emotsionallik, his-hayajondan yiroq qalam sohibalaridan arazdamikan?..

Shu sabablarga ko'rami, muborak yoshimga qadar o'ylab yurgan, malika shoiralarning tiniq, ravon she'riyatining hali yozilmagan qonuniyatlari darajasida majoziy ifodalar, tiniq, ravon, nihoyatda samimiy misralar ta'siriga berilmaganlar, deb o'ylab qolaman. O'zimda ham zo'r ehtiyoj bo'lganidanmikan, asrlar ortida qolgan Haj safarini olti yil davomida bajo keltirib, 80 yoshida Xonzodabegimlar bilan vidolashgan Gulbadanbegim hamda bu tarixiy shaxs barhayot damlarida dono xalqimiz bahodirlikni, chin sevgini madh etgan “Tohir va Zuhra” filmiga yaqinda — XX asrda umr berilishida ham ilhom parisi, ham markaziy qahramon Zuhraning havas qilgudek chiroyini, raftorini, ijrosida samimiyatini, durdek to'kilgan ko'z yoshini xush kayfiyati, o'tkir nigohi bilan ko'rsatib, olamga tanilgan Yulduzxon Rizayevaga ko'p seriyali film ssenariysini baxshida etish shirin damlarda Zuhra — Yulduzxonning o'ylari, muhiti meniki ham bo'lgandek tuyuldi. Yulduz opaning hayoti, faoliyati sahifalari mushtariyni qiziqtirsa, gazetaning keyingi sonlarida bir-ikki epizodni chop etish taraddudida bo'lamiz. Bugun esa Boburning sevikli qizi, ajoyib “Humoyunnoma” asarining muallifi tavallud topgan muhiti bilan bog'liq sahnalar hamda Gulbadanning yetuk yoshidagi ruhiy holati, o'ziga yarashgan raftorini ikki lavha — epizodda ifoda etdik.

Biz qalamga olgan ikki ssenariyni kinostudiya qabul qilib, badiiy asar ishlab chiqishning ham nash'ali, ham nihoyatda murakkab tashvishlari bilan band.

1

…Erta ko'klamning hali zahri ketmagan shabadasi tog' bag'rini kezadi. Eriy boshlagan qor va yax qatlamlari orasida ne to'siqlarni yorib chiqqan boychechak barglari guvillab esayotgan shamolda titraydi. Qor tagidan unib chiqib, izg'iringa duch kelganidan pushaymondek. Yana makoniga — muz-qor tagiga yashirinmoqchi, kelgusi bahorgacha tin olmoqchi, yer bag'rida orom olmoqchidek. Shamolning yengil to'lqini esa gul bargini olib ketdi. Tinimsiz esib turgan shamol ta'sirida turli shaklga kirgan muz va qor uyumlari ustidan olib o'tib, tiniq buloqqa yetkazdi. Gulband nozik yaproqlari bilan buloqning iliq sirtida panoh topgandek bo'ldi. Uning tubida g'oyib bo'ldi.

Bu dam ot, xachir mingan sipohlar va ular kuzatib kelayotgan otga o'rnatilgan, obdan yasatilgan keng kursida viqor bilan atrofga nigoh tashlab kelayotgan Dildor begim… Bu manzara bir qarashda sayilgohni eslatsa-da, uzoq safar charchog'i sezilib turardi. So'lg'in chehralar, zo'r-bazo'r qadam tashlayotgan zotli otlar. Saroy ahli, og'ir qurol-yarog'ni jabduqqa ortgan sarbozlarning uzoqlarga tikilgan chanqoq ko'zlari. Ular boychechaklar unib chiqqan yerlardan ham o'tdilar, haligi boychechakning novdasi barglari ila sho'ng'igan buloq boshiga yetdilar. Yer qa'ridan haroratini yo'qotmay, yuzaga chiqqan mavjlanib turgan zilol suv manzilga yetgan guruhni domiga tortdi. Dildor begimga hamroh bo'lib kelgan folbin ayol buloq boshiga kelib nimalarnidir pichirlab o'tirardi. U o'rnidan turib, Mirzo Boburning sevikli rafiqasiga joy ko'rsatdi. Yig'ilganlar dovrug'i uzoq ellarga tarqalgan bu sehrli buloq suvini hovuchlab ichishga ham botina olmay turganida suv betiga haligi boychechak novdasi barglari bilan qalqib chiqdi. Barcha folbin ayolga, so'ngra Dildor begimga qarab bu mo''jizaning izohini kutdi. Javob, izoh tayyor edi.

— Podshohi olamga tangri yana bir qiz ato etmoqchi. Erta bahor nishonasi — boychechakning nafis ko'rki bizni bundan voqif etdi…

Folbin so'zini tugallamagan ham ediki, barcha qo'l ochib o'qiy boshlagan duoni tingladi. O'g'il farzandlardan tashqari besh qiz ko'rgan shahanshohning oltinchi qizi eson-omon tavallud topishini istab duoi xayr o'qildi. Barcha homilador Dildor begimga ta'zim qilib, jur'at etganlar uning uzun etagini silab, o'zicha duoi jon o'qib, “eson-omon qutuling”, deb fotihaga qo'l ochdi. Dildorning mehri — onalik mehri hali tug'ilmagan bolasiga qaratilgandi. Ta'zimlarga javoban tabassum ila minnatdorchiligini bildirar edi.

Qaynar buloq suvi esa to'lib-toshib oqishda davom etdi. U jildirab oqib turgan ariq chetida nimjon, hali oftob nuri taftiga to'ymagan ko'katlar mayin shamolda asta tebranishda davom etardi. Ariqqa asta-sekin jilg'alar ulanar, u bora-bora anhorga aylanar, daryo bo'lib oqar, balki. Dildor necha qayta sanagan kunlar ham oqar suvdek o'tdi.

Chaqaloqning jarangdor ovozi dala-dashtga, minoralar va masjidu madrasalar o'lkasiga tarqaldi. Ko'klarga bo'y cho'zgan minoraning yonginasida esa dardaragi bilan shovqin solib uchayotgan varrak ipining uchini ushlab turgan ikki jajji qo'l kechagi chaqaloqniki. Umrining ikki yilini Kobulda o'tkazgan qizaloqning qo'llari. Uning yonida Mohim begim — bu manzaraga havas bilan qarab turgan, katta rejalar tuzayotgan Mohim begim. U hozir Gulbadanni tuqqan onasi Dildorning qo'lidan daf'atan olishga jur'at etmaydi. Ko'zlari qizaloqda-yu, ko'ngli saroyda. Podshoh bilan o'tkazgan damlarni qayta eshitgandek, ko'rgandek bo'ladi.

Hashamatli saroyda Bobur podshohning sevikli xotini Mohimning so'zlari yangraydi. Uni tinglayotganlarni ko'ramiz. Saroyning pahlavon, o'ymakor darvozasiga qadar viqor bilan qadam tashlab kelgan, qizlik ko'rkamligidan qolgan nishonalarni o'smayu surmalar bilan pardozlagan ayol saroy ostonasini hatlab o'tishi bilan g'oz yurishga chek qo'ydi, o'zi o'rgangan makonda naqsh bilan qoplangan eshikning asta ochilishi maromida qadam tashlab to'rga qo'yilgan taxt va uning vorisiga iltijo bilan qarab fazl, din ahliga iltifotini bildirdi. Bu daqiqalarda uning iltijo bilan aytgan so'zlari yangrab, ko'pchilikni hayratga keltirdi, ba'zilar taajjublarini yashirmadilar ham.

— Hazratim, huzuringizga xizmatingizga, farmoningizga muntazir faqir bo'lib qadam ranjida etdim.

— Faqir emas, Mahdi ul'yo unvonini lozim ko'rganmiz Sizga, — gapni bo'ldi podsho.

— Ijozatingiz bilan Mahdi ul'yo emas, ashrof qatori shaxs ham emas, faqir va miskinlar qatori keldim.

Bir yostiqqa bosh qo'ygan ikki shaxsning bu tarzdagi muloqoti mulozimlarga ajib, biroz g'ayritabiiy ko'rindi. Podshoning katta xotini esa iltimosini baralla aytaverdi. Bu muloqot mazmuni saroy ahliga ma'lum bo'lishini istagan edi.

— Xudoyim sizga ko'p o'g'il, qizlar berdi. Fasohat egasi, muborak Dildor begim, kichik xotiningizning o'zi besh farzand — uch qiz ko'rdi, — “kichik xotiningiz” jumlasini ma'noli tabassum bilan aytgan to'ng'ich xotin sekingina “uch o'g'ilning onasi bo'ldi”, deb qo'shib qo'ydi.

— So'z muxtasar bo'lsa, mo''tabar ham bo'lar, — deb gapni yana bo'ldi podshoh.

— Harislik emas, mehr-oqibat his-tuyg'ulari olib keldi huzuringizga. Emikdosh Dildor bir qizini — siz hazratim ism qo'ygan Gulbadanni menga bersin. Onalik qilay. Ikki qizim uch bo'lsin. Qizaloqqa Dildor mehrini ham men beray. Qobil qomati, latofati unga yor bo'lsa, xudoyim yana farzandlar berishini duo qilay.

Oraga sukut tushdi. Barchaning nigohi o'yga botgan podshohda. U esa Mohimni yoniga taklif etdi. Saroy ahli keskin vaziyat yumshaganini angladi. Shoh tabassum ila Mahdi ul'yo deb murojaat etgan, yoshi biroz o'tgan, lekin ko'rkamligini yo'qotmagan saroy malikasi bola tilab kelganidan mehrlari tovlanib, duo va sano aytishga tayyor bo'ldi. Shoh taxt zinapoyasiga cho'kkalagan xotinining yonboshiga zarhal lo'labolish qo'yishni istadi. Istagi bajo keltirildi. Ezgu orzu ushalishini sezgan malika uchun suhbatdoshi shoh emas, qizaloqning — uning qizalog'ining otasi bo'lib ko'rinardi, ehtiros emas, mehr ustun turdi bu damda.

— Majlisni munavvar etdingiz, begim. O'zingizni faqir, Dildorni emikdosh dedingiz. Mening tilagim shu edi. Gulbadannigina emas, Hindolni ham tarbiyangizga olsangiz. Buyuk bobomiz Sohibqiron Amir Temur ham Mirzo Ulug'bek tarbiyasini tuqqan onasi Gavharshodbegim bilan sevikli jufti haloli Saroymulkxonimga topshirdi.

Sohibqiron nomi katta saroyda yangraganida uning ruhiga ta'zim qilgandek bo'ldilar, kalima keltirdilar. Shoh biroz sukut saqlab, so'zini muxtasar qildi:

— Padari buzrukvori bir-u, volidai mehriboni ikki — Sizu Dildor begim bo'lsin. Bolani tuqqan onasidan mahrum eta olmayman. Gulbadan onasini “Dildor begim” deb, siz Mohimbonuni “onam hazratlari”, desin. Roziligimni Dildor begimga yetkazursiz. Farmoni oliy emas, bu iltijo.

Mohim begim o'rnidan turib, minnatdorchiligini bildirdi. Ta'zim qilib:

— Xusravona so'zlaringiz yuragimga malham bo'ldi. Qimmatli Dildorga homilalik kunlari ham havas bilan qarardim. Qiz ko'rsa ham, o'g'il ko'rsa ham tilab olaman, deb orzu qilardim.

Barcha nozik ish osongina bitayotganidan mamnun bo'lib fotihaga qo'l ochdi. Bobur podshohga omad, sog'liq, Mohim begimga baxtli kunlarni, Dildorga sabr-toqat, onalik mehri so'nmasligini tiladilar.

Gulbadan tilga olinmadi. U iydgohda jajji qo'llari bilan osmonu falakda charx urib uchayotgan varrak ipini ushlab turganidan qotib-qotib kular, toychalar qo'shilgan kajavaga chiqmoqchi bo'lib xarxasha qilardi. Tuqqan onasi bag'rida o'tayotgan so'nggi damlar edi.

Saroy mulozimlari nazorati ostida, bir tekis maromda kelgan kajava iydgohning aslzodalar uchun ajratilgan qismida to'xtadi. Mohim Bobur nikohidan o'tgan Gulruh hamda uning to'ng'ich o'g'li Komron bilan kajavadan tushib, Dildor begim tomon kela boshladilar. Mohimning hamrohlari podshoh xohishidan voqif bo'lsalar kerak: ular ko'zlarini Dildordan uzmas edilar. Faqat Komron besaranjom, ko'zi olazarak edi, u ko'proq Dildorni kuzatar, Mohimga nimalarnidir pichirlardi.

Dildor Mohim begim bilan ko'rishishga shaylandi. Qo'lini ko'ksiga qo'yib o'rnidan turdi. “Nechuk bu yerga tashrif buyurdilar? Tinchlikmikin? Biror xabar, yangilik bilan keldilarmikin?” — shunday fikrlar o'tdi. Shubhani, mavhum holatni ayollarning quroli — dilbar tabassum, yoqimli so'z, muloyim ovoz bilan yashirishni niyat qildi. Favqulodda paydo bo'lgan mehmon esa ta'zimni bajo keltirib, quloch ochib, hol-ahvol so'rashga taraddud ko'rib turgan Dildor begim tomon emas, toycha qo'shilgan aravachadagi qo'ng'iroqlarning farangli tovushiga oshiq holda turgan Gulbadan tomon ildam odim tashladi. Qizaloqni bag'riga bosdi, oppoq momiq yuzlaridan o'pganida Gulbadanning ko'zlari onasida bo'ldi. Ona esa hamisha jiddiy, talabchan kundosh bugun nechuk bunchalik mehrli, kayfiyati chog' ekanligiga tushunmay chetda turar, bunday damda hatto o'zini ortiqcha bilib, shirin lahzaga suqilib kirishni ep bilmay o'zini panaga olmoqchi bo'lardi. Gulbadan esa yangi onasining tizzasida o'tirganini bilmay tilla suvi yurgizilgan nimchaga, jismoniy mehnatdan xoli bo'lgan qo'llardagi bilaguzuk, oppoq barmoqlarga taqilgan yaltiroq uzuklarga maftun edi. Bu damlarni kuzatib turgan Gulruh hamda Komron o'zga xayol og'ushida edilar.

Mohim begim qizaloqning shohi ko'ylagi, boshidagi jajji durrachasini goh yechib, goh kiygizib Gulruhni ishora bilan yoniga chaqirdi. Nimalarnidir pichirlashdi. Qizaloqning oyoq kiyimini yechib, kajavaning bir burchagiga irg'itdi. Gulbadan rang-barang iplardan to'qilgan poyabzaldan ajrab qolganidan xarxasha qila boshladi. Yig'i kelganida ikki kundosh Mohim va Gulruh Dildorni davraga chaqirdilar.

Dildor:

— Shirin suhbatlaring buzmay, deb ko'rishgani ham kelmay o'tirgan edim.

Gulruh:

— Endi orangizdan qil o'tmaydi, chog'i. Bir qizning ikki onasi bir-biriga kundosh emas, asli muhib.

Taajjubda qolgan Dildorga “Hazrati Ona” huquqini olgan Mohim tantanali bir ohangda:

— Podshohi olam farmon qildilar: Gulbadanga siz “Dildor begimsiz”, men “Hazrati Ona”.

Dildor o'zi behol, tili lol bo'ldi. Gapga Komron aralashdi:

— Farmon emas, iltimos, iltijo, degandingiz.

— Podshohning iltimosi farmonning o'zginasi. Yaxshi bola ikki onani emadi, deyishadi. Bola o'stirmaganmanmi, uning qadriga yetmaysizmi?

— Qizim emizikli yoshdan o'tgan.

— “Qizim” demang, “qizingiz”, desangiz farmoni oliyga to'g'ri kelar… Ranja ayladingiz, chamasi, Dildor begim? Gulning kiyimidan ko'nglim to'lmadi, ayniqsa, kofsh dag'alroq ko'rindi. Zebo xil'at ato etaman, — noroziligini bildirdi “Hazrati Ona”.

— Muhtasib so'zlarini aytayapsiz, poshshoxon aya. Gap qaytarish odatim yo'q. Bu kun voqeasini hayrat ahliga havola etdim. Bu gaplardan meni forig' eting… axir Siz Mahdi ul'yosiz!

Ayollarning dahanaki jangi mojaroga aylanayozgandi. Bola savdosiga olib kelishi xavfi bor edi. Dildor uni angladimi, bahsga chek qo'yish istagida bo'ldimi, podshoning yaqin kishisi, saroy ahllariga beriladigan oliy unvon — Mahdi ul'yo sohibasi bugun Gulbadanni tortib olishga astoydil kirishgan Mohim bonuga tegishli ekanligini eslatib qo'ydi. U qizini ona mehridan mahrum etmasligini bilardi. Oqila ayol “ona” so'zini eshitishdan mahrum etgan Mohimga “Ona hazratlari” darajasining berilishini donishmandlik belgisi, deb bilmasdi. Oqila ayolning ko'z o'ngida, uning bevosita ishtirokida sodir bo'layotgan voqea esa tez rivoj etib borardi. Ikki ona — biri chin, ikkinchisi asralgan onaning harakati, yelib yugurishi, imo-ishorasi, unsiz, lekin keskin edi. Gulbadanning yig'isi-yu Dildor eslayotgan, qo'msayotgan “Alla”ning ma'yus ohangi eshitilardi. Gulbadan o'yinchoqlar sochilib yotgan gilamda omonatgina o'tirgan ikki ayol o'rtasida sarson. Goh tuqqan onasi uni bag'riga olib, qo'l-oyoqlarini, qirra burni, tim qora ko'zlarini o'padi, goh esa Gulbadanni Dildorning issiq qo'ynidan tortib olayotgan Mohim o'yinchoqlarni ko'z-ko'z qiladi, bilagida, qo'lida yaltirab turgan taqinchoqlarni yechib qizaloqqa tutqazadi, o'ziga og'dirmoqchi bo'ladi. U tasavvurida bu shirin qizaloqni o'zining qo'ynida ko'radi, uni erkalaydi. Farzand, asrandi qiz dardidagi ikki kundoshning o'tkir nigohlari to'qnashadi, ehtirosli damlar vujudga keladi. Bolaning yig'isi to'xtamaydi. Vaziyatni balog'at yoshiga yetgan Gulbadan ta'riflaydi.

Sevgi yoshidagi Gulbadanning latif chehrasi. Andijonlik otasining istagi bo'lsa kerak, durrachani farg'onacha o'rab olgan. Qulog'idagi yoqut ziraklarning o'tkir nurlaridan uning husni, mehr va ehtirosga to'la ko'zlari jozibaliroq, ko'rkamroq. U chuqur o'yga botgan bu damda xushbichim, marg'iloncha atlas ko'ylagi sarv qomatini ta'kidlab turishini ham ilg'ab olamiz. Qalin soch tang'ib olingan durracha yonlaridan mo'ralab, nafis quloqlarni o'rab olishga shay edi. Gulbadan:

“Onam hazratlari Mohim begim meni o'z tarbiyasiga olganlarida men ikki yoshda edim. Firdavs makon (Bobur) ijobat bergan edilar. “Voqeanoma”larida raqam etganlar: “Mohimdan xat keldi… Xohi o'g'il bo'lsin, xohi qiz, mening baxtu toleim, menga bering, men farzand qilay, men saqlay”. Padari buzrukvorimiz safarda bo'lganlarida Mahdi ul'yo niyatlaridan voqif bo'lganlar.

Gulbadan asti farzand mojarosini qilayotganlar yoniga bormaydi. Uni hech kim ko'rmaydi, eshitmaydi. U ikki yoshdagi yig'loqi qizni ko'rib, miyig'ida kulib qo'yadi, bola tashvishidagi ikki ayolga boqqanida chehrasi o'zgarmaydi, jiddiy holat ustun turadi. Jamolini niqob ila berkitgan go'yo. U bugun o'zini, atrofidagilarni ta'riflaydigan ko'z ilg'amas shaxs. Yozib qoldirgan hikoyalari, yurak iztiroblarini, ushalmagan orzularini, faryod aylaganlarini bizga aytib berar. Asrlar osha biz bilan muloqotda bo'lar. Buning uchun o'zi zamin ko'rgandek. Padari buzrukvori — Bobur izidan borib, ibratli voqealarning ishtirokchisi, jangu jadal, shingil-shingil hayot voqealarining guvohi bo'lib izoh berar…

 2

Gulbadan ranj tortib yurgan kunlar uzoq davom etdi. Padari buzrukvorini saroyning naqshli ustunlari ortiga bekinib poylab turgan damlarni eslaganida to'r niqobi ko'tarilgandek, izg'irin shamol pasayganidek, yengil shamol to'lqinlari yuzini silab o'tayotgandek bo'lar, shunda xayol og'ushida o'zi tanho qolishni istar, kimsasiz ko'cha, iydgoh uzra sayr qilib yurishni afzal ko'rardi. O'sha totli kunlar, diydor ko'rishishlardan bahra olgan qizaloqni tasavvur etardi. Mana, hozir ham favqulodda kelgan sel asta tina boshlaganida yaxshi ko'radigan gulli nimchasini kiydi, keng shoyi durrachasining birini boshiga farg'onacha o'radi, ikkinchisini boshiga va yelkasiga omonatgina tashladi-yu tashqariga chiqdi. Yomg'irning yirik donalari uzoqlardan otilgan o'qdek yerga sanchilar, obdan savalashda davom etardi. Son-sanoqsiz yomg'ir pufaklariga to'lgan Haramsaroy hovlisini biroz kezdi. Savalangan yer qavarib ketganday ko'rindi. Malikaning oyoqlaridagi cham toqiya chang va tuproqdan xoli bo'lgan toshlarga tegib, atrofda bir maromda taratayotgan “taq-tuq”, “taq-tuq” tovushi soqchilarni sergaklantirdi. Malikani ko'rib, ta'zimga hozirlandilar. Malika esa o'ylari bilan band edi. Tugayotgan seldan uning yurak iztiroblari selobi kuchli edi. U otasi, shoh va shohlar piri bo'lgan Bobur bilan uchrashmoqda, visol onlaridan bahra olmoqda. E'zozli damda fayzli dargohni olisdagi kamalakning rangli nurlari nurafshon etgandek bo'ldi. Safo nurlari ochilayotgan chehrani yoritdi. Bolalik chog'larini qo'msayotgan Gulbadan otasiga ergashib ketayotgandek bo'ldi. Ota atrofdagi mulozimlarni ishora bilan to'xtatib, qizini qo'lga oldi, erkaladi. Taxtda o'zi emas, sevikli qizi o'tirishini istadi. O'tqazdi ham. Boshidagi tojini olib, chehrasi sutdek tiniq, oppoqligini ta'kidlab turgan qora sochlarini, qalin zulfi torlarini yig'ishtirib, kiygazdi. Mulozimlarning biri hayratga keldi. Ikkinchisi bolajon, shekilli, tabassum bilan xayrixohligini bildirdi, yana biri shoh, taxt, vorislik haqida o'ylab qoldi, shekilli, g'azabnok holatga keldi. Qizaloq esa otasi bilan baxtiyor edi.

Favqulodda bir go'dakning yig'isi eshitildi. Shirin xayolga cho'mgan Gulbadanni bolalik chog'laridan balog'at yoshiga qaytardi. U ziynatli machit eshigiga tayangan ayolni va uning tizzasidagi qizaloqni ko'rdi. Yupun kiyimda diydirab o'tirgan ona-bola zebo xil'at bilan bezangan tungi malikani ko'rib, diydirashdan to'xtadi, ta'zim ham qilmadi. Bechiroq, kimsasiz makonda daf'atan paydo bo'lgan tungi hamrohlarini hayratomuz kuzatib turdilar. Gulbadan esa ro'molidan birini yechib, qizaloqni o'rab qo'ydi. Bo'ynidagi inju terilgan marvarid shodasini bo'ynidan yechib, o'rnidan tura boshlagan onaning bo'yniga taqib qo'ydi.

Biror so'z aytilmadi.

Malika yo'lida davom etdi. Shohona ro'molga o'ralgan qiz, juldur ko'ylak va bir xazinaga teng marvarid taqqan onaning nigohi uzoqlashib borayotgan Gulbadanning sharpasiga qaratilgan. Attorlar va bozorlar rastalariga yaqinlashgan Malika bulutlar orasidan mo'ralagan, so'ngra yaraqlab ro'yirost namoyon bo'lgan Oydek atrofni yoritdi. Ona-bola najot chirog'ini yoqqan ayolning g'ira-shira sharpasini emas, ro'yirost gavdalangan qaddi-qomatini ko'rdilar. Onaning ko'zi o'sha sirli ayolda. Marvaridni silab-siypalayotgan qo'llar in'om etilgan marvaridni mo'ltillab turgan qizaloqning durrachasi bilan o'ralgan bo'yniga taqdi, necha kechayu necha kunduz erkalay olmagan qizini bag'riga oldi, qayta o'pdi. Malikani ular valine'mat qilgan shaxs sifatida emas, qora tunda kelib atrofni yoritgan farishta deb bildilar. Inoyat va marhamat ko'rgan bir go'dag-u bir zaifa duo va sano aytishga og'iz ochdilar. Gulbadan olisdan ziynatli masjidning baland ostonasida uchratgan qizaloq va uning volidai mehriboni tomon nazar tashladi. Ko'zi hech narsani ilg'amadi. Ikki ko'zi jiqqa yoshga to'la edi.

Gulbadan saroyga qaytganida vaqt yarim kechadan o'tgan bo'lsa-da, haramsaroyda shamchiroqning g'ira-shira yorug'i o'z o'ylari bilan band malikani ajablantirmadi. U xonasiga kirib, libosini yangiladi. Kursi, ko'rpacha, yostiqlarda yoyilib yotgan qog'ozlarni yig'ishtirib, tartibga solib, juddonga joyladi. Guldor tovoqqa solingan sut, lochira, meva solingan patnisni ko'tarib, mulozim ayol Inobat kirib keldi. Tungi tamaddi uchun tayyorlangan noz-ne'matlarni dasturxon yozilgan xontaxtaga orasta qo'yib:

— Onangiz bezovta bo'ldilar. Uzoq kutdilar. Biz ham mushtoq bo'lib, yo'lingizni poyladik, — dedi.

Gulbadan “Qaysi onam?” deb so'ramadi. Dildor va Mohimni teng ko'rishni odat qilgan malika bu savolni ortiqcha deb bildi.

Inobat ismli bu ayolni malika xizmatkorlarning Zubdasi deb bilar, kezi kelganida unga yozayotgan asaridan lavhalar o'qib berib, mushohadaga undar, betakalluf so'zlashni taklif etardi. Hozir esa issiq sutga lochirani to'g'rab turib, muxtasar so'zini aytdi:

— Erta tongda, namoz adosidan so'ng xizmatlariga tayyormiz onamizning.

Inobat ta'zimni bajo keltirdi, ijozat olib, eshik tomon bordi. Naqshdor eshikning yopilishi atlas qoplangan malikaning sarvqomatini bekitishiga ulanib ketdi.

To'lin oy musaffo havodan voqif etib, tuynukdan mo'raladi, orasta xonani sutdek yoritib yubordi. Oppoq lo'la bolishga bosh qo'ygan Gulbadan qo'liga tiniq oynani olib, yomg'irda qolgan sunbul sochlari tolalari nam holda hali bir-biriga chirmashib ulgurmaganidan, jingalak holda keng, tarang peshonasida, nozik yelkasida erkalanib yotgandek ko'rindi. Bilak va barmoqdagi taqinchoqlar aslzoda ayolning qaysi tabaqaga mansub ekanligini eslatib turardi. Bu ko'rinishlarni uning sohibasi bilan birga baham ko'ramiz. Uning tushlariga suqilib kirolmaymiz. Zero, ong, tafakkur, shirin va qo'rqinchli xotira Gulbadanning zamir fikrlari, ichki holati bilan bog'liq. Hozir ham u yonog'iga kaftini qo'yib, momiq yostiqda asta uyquga ketdi. Piyoda yurishga odatlanmagan, bugun uzoq yakka sayr qilish istagini qondirgan, ikki miskin yurtdoshi bilan bo'lgan unsiz mulozamatidan ta'sirlangan, hozir esa uyquda bo'lgan Gulbadan — shoh qizi yetuk yoshida ko'rmaganlarini tushida, tasavvurida ko'rar, olis-olislarda qilganlarini xotiralarida andakkina bo'lsa-da, tiklab orom olar.

…Mayda o'rilgan sochlarini mayin matodan tikilgan, parrandalarning yumshoq va nafis patlari joylangan yostiqqa tashlab uyquga ketgan Gulbadanning parvoz qilayotgan qanoti kabi nafis ko'rkam qoshlari, uzun kipriklari ham she'riyat shaydolari ta'rifidagi kamalak o'qiga sira o'xshamasdi. “Qalam qosh”ga ham. Tim qora kiprigu qosh chehraning tiniq oq tusda ekanligini ta'kidlab turardi. Malikaning uyqudagi husni-jamolidan ichki holatini ko'rishga, zavqlanishga oshiqamiz.

Hamidulla AKBAROV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 − three =