Yulduz bo'lib so'z yonadi…

Har o'lkaning, har yurtning timsoliga, yuz-ko'ziga aylangan shoirlar bo'ladi, xuddi Xorazmda Matnazar Abdulhakim bo'lgani kabi. Surxonning shoir timsoli Shafoat Rahmatullo Termiziy edi. Betakror shoirimizning tabiatida Surxon yurtining havosiyu, tuprog'iyu, quyoshiyu, osmoniyu, yer-suviyu, tog'lariyu, ufqlari yaqqol ko'rinib turar edi. Tirik satrlari ob-havosida surxoncha izg'irin, afg'oncha to'polon ham yashaydi.
…Maktabimiz. O'zbek tili va adabiyoti fani kabineti. To'rt devordan Hamid Olimjon, Oybek, G'afur G'ulom, Mirtemir, Shayxzoda, Qahhor, Zulfiya viqor bilan biz, dunyo bilan ishi yo'q o'quvchilarga qarab turadi. Ularning oftobli nigohlari bir o'smirning yuragini, palto ichidagi vujudini qizdiradi. Portretlarning tagida to'rt qator-to'rt qator she'r. Keyin gazetaga o'xshagan ikkita plakat – bosmaxonada bosilgan. Birida Surxondaryodan chiqib, respublikada tanilgan – Shukur Xolmirzayev, Usmon Azim, Erkin A'zam, Nodir Normatov to'g'risida qisqa ma'lumotlar. Ular ham oq-qora suratlardan o'ktam nazar tashlaydi; boshqa plakat – “Surxondaryo ijodkorlari”. Undan Tesha Saydaliyev, Mengziyo Safarov, Bolta Yoriyev, Shafoat Rahmatullayev… eski poldan, oyoq kiyimlariga yopishib darsxonaga kirib kelgan tuprog'u loydan ko'tarilgan changu g'ubor tumani aro bir sinf to'polonchi bolaga hayron-hayron qaraydi.
Daf'atan sochlari yelkasiga tushgan Shafoat Rahmatullayev “Surxondaryo ijodkorlari”dan chiqib, yuragi toshgan bola bilan maktab bog'iga chiqib ketadi. Bog' deyilgani qisinib-qimtinib ko'kka intilayotgan, o'quvchi bolalar singari past-baland o'smir, ozg'in nihollar, qanoti singan qushlardek loyga tushgan yaproqlar hamda ikkita egri-qiyshiq o'rindiq. Bolaning qo'lida shoirning o'sha paytlarda ma'lum va mashhur bo'lgan qora muqovali yupqa kitobi. Titilib ketgan. Kitobda “Ohu” bor. Ohu kitobdan chiqib, bolani yangi, notanish kengliklarga olib qochib ketadi. Birga tog'laru bog'larni o'tib, xayollaru ko'ngillarni kechib, hamnafas keza-keza, ishq, muhabbat hududlariga kirib qoladilar. Chiroyli, go'zal jonivor bolani tashlab ketmoqda uzo-oqlarga. Bolakay “ohu… ohu” deb chaqiradi, chopadi, intiladi, ohu “oh, u… oh, u…” deb nola chekadi. Bu nola judayam mahzun qo'shiqqa, dilga iztirob burovini soladigan oydin dostonga o'xshaydi…
O'sha yillarda Shafoat Rahmatulloning “Ohu” dostoni tillardan tushmasdi. Undan hech bo'lmasa bir-ikki katta-kichik parcha bilmaydigan adabiyotsevar yo'q edi, ishonavering!
Tiniq suvni sachratib har yon,
Kiyimlari tomon chopdi qiz.
Kiyimlarin emas, shu zamon
Bir siqimcha kulin topdi qiz…
Yoki:
“Ey azim tog', ey buyuk qoya,
Meni o'zing qilgil himoya.
Qo'lla, mening ustimga qula,
Judo qilgil jondan bir yo'la.
Yo maxluqqa aylansin tanim,
O'zing bo'lgil uyim, vatanim.
Ostonangda yotgan bekafan,
Bir ojizman, panoh so'rayman”.
Qanday totli jilg'a-ohanglar…
Biz darslarda yod olgan:
Dedi: nedur senga olamda pesha?
Dedi: ishq ichra majnunliq hamesha
degan yombi satrlarning taassurotini dilga, yodga soladi, ruhga olib kiradi.
Olovqalb shoirlarimiz Usmon Nosir, Hamid Olimjon satrlaridek quyma, hissiyoti tizginsiz Aleksandr Pushkindan o'girilgan “Bog'chasaroy fontani”, “Kavkaz asiri”, bo'ronqalb Mixail Lermontovdan tarjima qilingan “Demon” (“Iblis”) kabi buyuk dostonlar va she'rlarning mayin va jo'shqin shiviru shitirlarini qalblarda uyg'otmaydimi, Yaratganning mo''jizasi bo'lgan Sangardak sharsharasining sirli va maxfiy va rubobiy pichirlarini dillarga mastona-mastona olib kirmaydimi ushbu ohanglar?
Men Shafoat aka bilan ko'p yaqin, ko'p hamsuhbat bo'lmaganman, ko'p ko'rishmaganmiz. Hayot shuni menga ravo ko'rgan. Faqat bir marta, shoira Ra'no Uzoqovaning 90 yilligida poytaxtdan borgan bir guruh ijodkorlar bilan birga avval Termizda, keyin Denovda o'tgan uchrashuv-tadbirlarda uchrashganmiz. Denovda odmi bir mehmonxonada bir kecha hamxona bo'ldik. Shafoat aka o'shanda Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo'limi rahbari lavozimida faoliyat yuritardi. U mezbon sifatida izzatli mehmonlar bilan andarmon, ularning qosh-qovog'iga qaragan. Shunga qaramasdan, biz voha adabiy muhiti, umidli, istiqbolli ijodkor yoshlar xususida va yana ko'p o'tgan-ketgan voqea-hodisalar to'g'risida gaplashib o'tirganmiz. Muztarib qalbli Shafoat shoir Surxondaryo ijodkorlarining bayroqdorlari Tesha Saydaliyev, Mengziyo Safarovning shaxsi va ijodi, Surxon quyoshida pishib, toblanib yetilayotgan yosh shoirlar xususida dildan gapirdi. Toliqqandi, lekin bildirgani yo'q. Yoddan she'rlar, ayrim she'rlardan satrlar o'qidi, o'lmas dostonlardan parchalar aytdi.
Rostini aytsam, hamxonaligimiz shu darajada ediki, Shafoat aka emas, men uzun kun issig'ida qizg'in o'tgan ilmiy-adabiy anjumanlar yakunidagi surxondaryocha mehmondo'stlikdan judayam sarxush va mamnun, o'zim bilan o'zim edim.
Shafoat Rahmatullo Termiziy Yaratgan shoirlik fazilatlari-yu, belgi-alomatlari bilan bearmon siylagan, xalq ichidan chiqqan, haqiqiy xalq shoiri edi. O'ktam va ko'rkam qalb egasi edi. Ulug' san'atkorga xos shoirlik g'ururi, fazilatlari, ojizliklari, baxtu baxtsizliklari kam-ko'stsiz mujassam edi u kishida. Ha, u chin San'atkor edi.
Ulug' adibimiz Asqad Muxtorning “Insonga qulluq qiladurmen” sarlavhali hikoyasi bor. Hikoya Sohibqiron Amir Temur bobomiz haqida. Katta yurish chog'ida qo'shinlar yo'l ustidagi ko'plab shahru qo'rg'onlarni zabt etib boradi. Anchayin manzil – Gilqo'rg'on esa toshyong'oqdek chaqilavermaydi. Uni himoya qila-qila bir elatdan bir hovuchgina odam qoladi, uyam bo'lsa qari-qartang. Yong'oq chaqilganda qariyalar qurshovi va himoyasida bir o'smir bor edi. Sohibqiron, bu norasida kimdur, deb so'raganlarida, mo'ysafidlar, bu Olloh muruvvati va shahodati bilan bizning bo'lg'usi shoirimizdur, deb javob beradilar. Biz uni himoya qilib ko'p mardu fidokor o'g'lonlarimizning, farzandlarimizning jonlarini qurbon qildik, bitta qolmay qirilsak ham uni asrab qolamiz, deydilar. O'smir qiyofasida, yosh shoir timsolida butun bir elu elatning orzu-umidini, istiqbol va iqbolini ko'rgan jahongir o'smirni ham, uning himoyasida mardona turgan qariyalarni ham Sohibqironga xos beqiyos saxovat va marhamat bilan siylaydilar. Shoirning eliga el, yurtiga yurt, davlatiga davlat qo'shib beriladi.
Shafoat Rahmatullo Termiziy, nazarimda, ana shu chigit-shoirga o'xshaydi. XIX asrning ikkinchi yarmida Buxoro amirligining chuqur inqirozi, butun o'lkaning, jumladan, vohaning chorizm tomonidan istilo qilinishi, sovet hokimiyatining o'rnatilishi bilan bog'liq taloto'pu qirg'inbarotlar, milliy-ozodlik harakati, milliy kamsitilish va qatag'on davri, mustabid tuzum o'nyilliklarining girdob va girdibodlari o'z shoirini yaratdi va sahnaga olib chiqdi.
Bu shoir – Shafoat shoir edi.
Shafoat Rahmatullo chigitdan chinorga, adabiyot, she'riyat chinoriga aylangan hamda so'z-yaproqlar bilan elga, yurtga soya bergan bir shoir bo'ldi, bir shoir bo'ldi… Surxon xalqining qudratli ovoziga, mardona qalbiga aylandi. Uning so'z xazinasidan, she'r ganjinasidan aqalli bir bor duru javohir terib ko'rganlar bu fikrga amin bo'ladilar, deb o'ylayman. U, shoir qanday bo'lishi kerak, degan savolga, Shafoat Rahmatullo Termiziydek bo'lishi kerak, deb javob bersa bo'ladigan darajada toza Shaxs va toza Shoir bo'ldi.
U bu yorug' olamdan o'tganda hatto She'rning o'zi ham bo'zlagan edi:
O, o'tdi-ya, bu olamdan shoir o'tdi…
Shoirlar keladilar va ketadilar. She'r esa qoladi.
Xudo rahmatiga olgur Shafoat Rahmatulloning ijodiy bisotida xayyomona, rumiyona, qadimiy asl toza sharobdek obi-tobiga kelgan o'tkir ruboiylar, masnaviylar ko'p, mana ulardan biri:
Sirtimga qarab siz chiqarmang hukm,
Bilmasdan dilimda nimalar hokim.
Davrada vaqt degan bir donishmand bor,
U hali aytadi siz kimu men kim.
Ha, vaqt degan donishmand Shafoat Rahmatullo Termiziyning chin shoirligini aytadi.
Aytdi!
Shoir yoqqan she'r chirog'i aslo o'chmagay…
ShOIR YoQQAN ShE'R ChIROG'I
Ikki tordek qilar nola
Amuning ikki qirg'og'i.
Tun qo'ynida o'tli lola –
Shoir yoqqan she'r chirog'i.
Ko'ksini chok etar bulbul,
Gulni ko'rib sahar chog'i.
Ovozida dardli usul –
Shoir yoqqan she'r chirog'i.
Umr shomi emas ma'lum,
Oy – osmonning hasrat dog'i.
Shu mehnatkash quyosh mazlum –
Shoir yoqqan she'r chirog'i.
Amudaryo to'lg'onadi,
Yashillanar so'lu sog'i.
Falakda yulduz yonadi –
Shoir yoqqan she'r chirog'i.
Salim AShUR,
O'zbekiston Respublikasida
xizmat ko'rsatgan jurnalist,
shoir.