Ko'ngil mulki

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi Jahongir Pirmuhammedovning “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan “Ko'nglim mulki” kitobi o'ziga xos to'plam bo'ldi. Bu ko'ngil mulki bitilgan sarchashmalarni ajib o'y-xayollar bilan qo'lga oldim. Kitobdagi qisqa kirish so'zi muallifning kimligini anglatdi-qo'ydi. Texnika sohasi mutaxassisi Jahongir Pirmuhammedov “O'qituvchi” nashriyotida “Texnika adabiyoti” tahririyati mudiri lavozimida ishlayotganini ham bilardim. Ayni vaqtda jurnalistika sohasida ham ijod qiladi. Keyinchalik bilsam, u kishi hech kim shug'ullanmagan, hatto eshitmagan bir qiziqarli ish (xobbi) bilan ham band ekan.

Ijodkor do'stimiz qariyb 30-40 yil mobaynida gazeta va jurnallarda yurakni jizillatadigan maqolami, she'rmi uchrasa, ularni qaychi bilan qirqib olib, o'z albom varaqlariga yelimlab chiqarkan.

Kunlarning birida Jahongir aka albomlarini varaqlab o'tirganida, uyiga ijodkor do'sti Zoir Ziyo (rahmatli) mehmon bo'lib kelibdi. U albomlarga ko'zi tushgach:

— Men ham ko'rsam bo'ladimi? — deb ruxsat so'radi. Mehmon yarim soatlar chamasi “bisot” bilan tanishib chiqqach:

— Bu durdonalarni yolg'iz o'zingiz o'qib o'tiribsizmi? Bularni kitob qilib chiqarsa, barcha maza qilib o'qiydi-ku, — debdi.

Hech kutilmagan, hatto xayolga ham kelmagan bu ajoyib taklif Jahongir akani ruhlantirdi va: “Bu haqda o'ylab ko'rish kerak ekan”, dedi.

Mazkur suhbatdan keyin u albomdagi materiallarni bir chekkadan tartib bilan bo'limlarga ajratib chiqib, kompyuterda terdirdi.

Nihoyat, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga topshirilgan qo'lyozma “Ko'nglim mulki” nomi bilan kitob bo'lib chiqdi!

Kitobda xalqimiz qahramoni Jaloliddin Manguberdining Chingizxon boshliq mo'g'ul istilochilariga qarshi olib borgan jasoratli kurashlari, O'zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining buyuk Sohibqiron tilidan yozgan “Ismim Temurbekdir, Temurbek so'zim…” monologi, Hazrat Navoiyning ijodiy fazilatlari, Boburning hayoti, farzandlari tarbiyasi, Shoh Mashrabning o'limi oldidan zindonda yozgan she'ri, Muqimiy portretining yaratilishi, “Devonu lug'atit-turk” qachon, qaerda, qanday topilgani, Said Ahmadning qamoq lagerlarida chekkan azob-uqubatlari, “Boyqo'ng'ir, 10-maydon” maqolasidagi fojialar, Sahroi Kabirning go'sht yemaydigan qabilasi-yu, arxeologlar qazib topgan 5 metrlik odam skeleti, “Boshsizlar vodiysi”, “Dunyodagi g'ayrioddiy egizaklar”, “Yovuz Gitlerning o'limi oldidan aytgan so'nggi so'zlari” va shu kabi boshqa qiziq-qiziq voqealar yoritilgan manbalar diqqatga sazovordir.

Shuningdek, to'plamda rus yozuvchisi Lev Tolstoyning e'tiqodi haqidagi va ozarbayjon shoiri Voqif Samad o'g'lining “Bilasizmi, aytadigan qancha so'zim bor?” maqolalari har qaysi o'quvchini bee'tibor qoldirmaydi.

Muhimi, mazkur to'plam yoshu qari — barchaning diqqatini tortishiga va kitobxonlarga ajoyib tuhfa bo'lishiga shubha yo'q.

Qudrat hoji AHMEROV,

kimyo fanlari doktori,

professor.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × one =