1000 dona kitob sovg'a qilindi

Shu kunlarda yurtimizning barcha hududlarida Mustaqilligimizning 35 yilligi katta tantanalar bilan nishonlanmoqda.

Qoraqalpog'iston Respublikasi Bo'zatov tumanida ham eng ulug', eng aziz bayramimizga bag'ishlangan ma'naviy-ma'rifiy uchrashuv ko'tarinki ruhda o'tdi. “Yoshlar markazi”da tashkil etilgan ushbu tadbirda tuman mahallalari, nuroniylar, xotin-qizlar, ta'lim, yoshlar tashkilotlari, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda so'z olgan O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi maslahatchisi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, taniqli shoir Salim Ashur, “Yoshlik” jurnali bosh muharriri, iste'dodli adib Nurilla Chori, Qoraqalpog'iston Yozuvchilar uyushmasi mas'ul kotibi, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Beknazar Ernazarov va boshqalar yurtimizda Prezidentimiz rahnamoligida adabiyot, kitobxonlik, ma'naviyat va ma'rifat sohalarini yanada yuksaltirish borasida olib borilayotgan islohot va yangilanishlar xususida atroflicha fikr-mulohaza yuritdilar. So'z olgan faxriylar, “Mahalla yettiligi” vakillari yurtimizda inson qadrini yuksaltirishga, yosh avlodni Vatan va xalqimizga sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilayotgan e'tibor uchun Davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdilar.

Anjuman yakunida Bo'zatov tumani “Yoshlar markazi” kutubxonasiga O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan nashr etilgan 1000 dona eng sara badiiy kitoblar sovg'a qilindi. Ushbu kitoblar bo'zatovlik kitob muxlislari tomonidan sevib mutolaa qilinishiga shubha yo'q.

Muhammadsodiq TO'RAYEV.

 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty − ten =