G'oya bilan qurollangan askar mag'lub bo'lmaydi

Bugungi global maydonda kuzatilayotgan harbiy-siyosiy beqarorlik, turli shakldagi tahdidlar va xavf-xatarlar nafaqat davlatlar, balki jamiyatlar uchun ham jiddiy sinovga aylanib bormoqda. Bu, eng avvalo, har birimizni Qurolli Kuchlarimizga ham ma'nan, ham jismonan ko'makchi bo'lishga undaydi. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, yurtimiz xavfsizligi va barqaror rivojlanishini ta'minlashda harbiy-jangovar salohiyat va yuksak ma'naviy salohiyat Qurolli Kuchlarimizning ikki asosiy tayanchiga aylanishi zarur.
Bugungi kunni mudofaa tizimida o'ziga xos bayram, ma'naviy shodiyona kuni deb atagan bo'lar edim. Chunki mard va jasur askarlarimizga qalam ahli – ijodkorlar tomonidan yuksak ruh va vatanparvarlik g'oyalari bilan boyitilgan bebaho sovg'alar taqdim etildi. Bu ijod ahli hamda Vatan himoyachilari o'rtasida shakllanayotgan chuqur hamkorlik samarasidir. Buning natijasi o'laroq harbiy xizmatchilar, kursantlar va harbiy ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari uchun yuksak ma'naviy-ma'rifiy ahamiyatga ega bo'lgan “Mard askarga sovg'a” to'plamlari dunyo yuzini ko'rmoqda. Bu kitoblar nafaqat harbiy xizmatchilar, balki keng jamoatchilik uchun ham ma'naviy xazinaga aylanib borayotgani harbiy soha va adabiyot olami o'rtasidagi uyg'unlikning yuksak namunasidir.
Xabaringiz bor, kuni kecha O'zbekiston Qurolli Kuchlar akademiyasida ma'naviy-ma'rifiy hayotda muhim voqea – “Mard askarga sovg'a” turkumidan chop etilgan kitoblar taqdimoti bo'lib o'tdi. Ta'kidlash joizki, bu galgi to'plam 7 nomdagi asarni o'z ichiga olib, harbiy xizmatchilar va kursantlar uchun yuksak ma'naviy ozuqa bo'lib xizmat qilmoqda.
Tadbirda O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyati va mas'ul xodimlari, Yozuvchilar uyushmasi vakillari, taniqli shoir va adiblar, harbiy xizmatchilar va kursantlar jam bo'lishdi. “Mard askarga sovg'a” turkumida chop etilayotgan mitti kitobchalarda Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga ehtirom, mardlik va fidoyilik g'oyalari mujassam. Hikoya va she'rlar, dostonlardan parchalar, shu mavzudagi qo'shiq matnlari orqali yuraklarga kirib boradigan bu kitoblar harbiylar ruhiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu kitoblar nimaga xizmat qiladi, degan savol tug'ilishi tabiiy. Javob aniq: vatanparvarlik so'z bilan emas, amal bilan isbotlanadi. Bu tuyg'u aniq maqsad va bag'rikeng g'oyalar bilan to'yinsagina har qanday tahdidlar qarshisida mag'rur tura oladi. Bu kitoblar o'zbek askarining qaddini ko'taruvchi ma'naviy qalqon sifatida chop etilmoqda.
Bugun dunyoda urushning shakl-shamoyili o'zgargan. Endi g'alaba askarning soni yoki qurol-aslaha kuchi bilangina emas, balki g'oyaviy zehn, ruhiy bardosh va aniq strategik maqsad bilan ham belgilanadi. Zamonaviy urushda dushmanni faqat qurol bilan emas, vatanga cheksiz muhabbat, uyg'oq fikr, mustahkam ma'naviyat bilan yengish mumkin.
Shuning uchun ham “Mard askarga sovg'a” turkumidagi kitoblar shunchaki adabiy to'plam emas, balki ruhiy qalqondir. O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning “Temur tig'i yetmagan joyni qalam bilan oldi Alisher”, degan satrlarini eslang. Bunda ilmu ma'rifat, tafakkur va g'oyaning beqiyos qudrati, hayotiy va tarixiy haqiqati mujassam. Chindan ham, qilich yeta olmagan nuqtaga qalam yetadi. Qo'shin bosib o'ta olmagan qal'ani g'oya zabt etadi. Ustoz shoir satrlarida anglashilganidek, qalb va ong uchun kurash avj olgan zamonda eng katta yutuq – ma'naviy ustunlikdir.
Shunday ekan, har birimiz vatanimizning chin askari, xavfsizligimizning himoyachisi bo'lishga mas'ulmiz. O'zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid yozganidek:
Toki xavfu xatar bor, shudir temir tarbiya:
Har birimiz – posbonmiz, har birimiz – armiya.
Xalqu Vatan tashvishi – barchaning teng ishidir,
Bugun har bezovta qalb – xavfsizlik kengashidir.
Darvoqe, “Mard askarga sovg'a” turkumida “Bobomeros tuyg'u” (hikoyalar), “Askar onasi” (hikoyalar), “Olimpiada ilhomlari” (she'rlar), “Ota makon” (she'rlar), “Vatanni har kimga ishonib bo'lmas” (she'rlar), “Mehring bilan yashaymiz, Vatan!” (she'rlar), “Er yigit yurtidan kechmaydi” (she'rlar) kabi to'plamlar o'rin olgan.
Olimjon O'SAROV,
Mudofaa vaziri maslahatchisi