Hilol – tilla sarlavha

Nikolay ILIN

Nikolay Ilin 1950 yilda tug'ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning filologiya fakultetida o'qigan. Toshkentdagi Respublika rus tili va adabiyoti pedagogika instituti va O'zbekiston davlat jahon tillari universitetida talabalarga saboq bergan. Pedagogika fanlari nomzodi. Hozirda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida xizmat qiladi.

“Birinchi daftar” (“Pervaya tetrad”), “Dil torlari bo'ylab” (“Po klavisham dushi”), “Vaqt manzillarida” (“Na kochevyax vremen”), “Listva i korni” (“Yaproqlar va ildizlar”) kabi she'riy to'plamlar muallifi.

Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Pahlavon Mahmud g'azal va ruboiylari, Cho'lpon, Usmon Nosir, Mirtemir, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Sirojiddin Sayyid, Sirojiddin Rauf, Nodir Jonuzoq, Xosiyat Rustamova, shuningdek, o'ndan ziyod yosh shoirlar she'rlarini rus tiliga o'girgan.

Shu kunlarda taniqli shoir va tarjimon Nikolay Ilin o'zining qutlug' yoshini qarshi olmoqda. Muborak bo'lsin!

Quyida e'tiboringizga shoir she'rlaridan o'girilgan ayrim tarjimalar havola qilinmoqda.

 

MANZIL

Chaqmoq olov qilich ila

To'lqinlarni kesayotir.

Qirg'oqlarga suvlar sochib,

Sho'x shamollar esayotir.

 

Olislarda bir yelkan bor,

Orzularim yelkani u.

Bo'ronlarni yorib o'tib,

Oq manzilga kelgani shu.

 

VAQT

Vaqt hech kimni etmaydi e'zoz,

Ketmoq endi kimlarning gali?

Parvonadek raqs tushadi yoz,

Saraton qo'r solgan mahali.

 

Oltin kuzning yo'li ko'p uzoq,

Yaproqlar ham kirgan shu yo'lga,

Ketar ekan yozdan juftu toq;

 

Pattamizni tutarkan qo'lga,

Ortga surmas safarni, biroq

Rangpar gullar sochar o'ng-so'lga.

 

TONG

Tong o'chirar ko'k chiroqlarin,

Novvot kabi erir yulduzlar.

Tun yoqasi — huv yiroqlarda

Fosh bo'ladi sirli kunduzlar.

 

Koinotning qora uchidan

Yo'l tortadi egik kahkashon.

Chiqib kelgan samo ichidan

Go'zallikka bo'lsin sharaf-shon.

 

YoZ TUNI

Yangi oyning yarog'ida,

Bulut — osmon yaprog'ida,

Tog'ning yuksak qirg'og'ida,

Cho'qqining bir butog'ida

Yarqiraydi nur — lavha.

 

Qora kitob varog'ida

Hilol — tilla sarlavha.

 

Nur akslangan qog'ozlarda,

Par, pat to'zgan parvozlarda,

Vaqtdan o'zgan ozg'in g'ozlar,

Yozda, faqat yozlarda

Kun, hafta oy va yillar,

 

Sig'may bosma bayozlarga,

Havolarga yoyilar.

 

QIYoM ChOG'I

Sahar degan muzofotda

Kengdir samo dargohi.

Tun ko'chirgan hisobotda

Oftob — olam nigohi.

 

Qora rangni engil-boshdan

Qoqib tashlar ol yog'du.

Qiyom chog'i o't — quyoshdan

Falak tikadi o'rdu…

 

MEN — XAZON FASLIMAN

Osmon shafaqlanar, ufqlar alvon,

Yaproqlar — sog'inchning ma'yus ko'zlari.

Umrimda sayr etar iztirob, armon,

Ruhimda g'ariba fasl bo'zladi.

Hayot safar uchun tutqazdi farmon.

 

Xazon chorbog'ida bir bargman yashil —

Azal musavviri kiritgan romga.

Tiramoh suratlar tutar xilma-xil,

Olam bo'ysunadi mangu nizomga.

 

Osmon shafaqlanar, ufqlar alvon,

Qiyiq yaproqlarda sirg'aladi nur.

Parishon ruhimda halovat, huzur,

Sarg'aygan umrdan yo'q hadik, armon,

Men — xazon fasliman, kuz menda zuhur.

 

OBOD VA BARBOD

Ko'z-ko'z etib bisotin, hanuz

Sog'inch ganjin sochar noyabr.

Saxovatni hunar tutgan kuz

Yo'l chetida beshon, beqadr.

 

To'zg'imasdan hali xiyobon,

Sovrulmasdan hali zeru zar,

Ketmasidan benomu nishon,

Barglar yuzmay beqanot, bepar,

Yo bitmasdan kuz degan asar,

 

To'qnashadi obod va barbod,

To'lg'onadi zarrin so'lu sog'.

Yupun, g'arib, aftoda hayot —

Devorlari nuragan chorbog'.

 

SUNBULA

Sunbulaning sekin ishida

Sarg'ish barglar uchadi qator.

Kunduzlarning qisqarishida

Tiramohning uzayishi bor.

 

Yorug' onlar etadi bayon

Kuzakning xo'p purma'no xatin.

Toshga tortar bo'm-bo'sh xiyobon

Sayyoralar muvozanatin.

 

Sunbula, biz eski tanishmiz,

Rang-ro'yingda bi-ir o'zgarish bor.

Boshdan boshlab yana ishimiz,

Bo'lamizmi qadrdon do'st-yor?!

 

IZG'IRINNING BOG'IDA

Gulbarg uzildi guldan,

Yer-ko'kdan keldi sovuq.

Bog'da kuz soldi dovruq,

Darak ham yo'q bulbuldan.

 

Bog' o'zi bilan mashg'ul,

Sezmaydi jim isyonni.

Shox-shabba — ko'ch-ko'ronni

Dashtlarga haydar dovul.

 

RADDIYa

Sevgingni rad etsa agar

Olam tor ko'rinadi.

Yorsizlik endi har safar

Senga yor ko'rinadi.

 

Sevgingni agar etsa rad,

Yaratganga bo'lgung yaqin.

Yolg'izlik bilmas aslo had,

Sodiq sirdosh bo'lar chaqin.

 

YaNA

Ehtiroslar sovidimi,

Sevgi o'tib ketdimi?

Ishq ko'yida devonalik

Poyoniga yetdimi?

 

Endi tunlar ko'zlarimdan

Qochmaydimi uyqular?

Endi kunlar so'zimda nur

Sochmaydimi tuyg'ular?

 

Yuragim yonidan, ana,

Quyoshdek o'tib ketar.

Bahorning ranglari yana

Yuz-ko'zida aks etar…

 

HOSIL

Umrga nima berdim,

Nima oldim umrdan?

Balki qora ko'mirdan

Oq qo'ziqorin terdim.

 

Kuz kutadi ko'z yoyib,

Qani umr xirmoni?

Qor keldi shoshib, toyib,

Afsus — hosil yomoni.

Rus tilidan Salim AShUR tarjimasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + 13 =