Mamatqul Hazratqulov kitoblari taqdimoti

Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi tomonidan uyushma a'zosi, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist Mamatqul Hazratqulovning “Qirg'oqsiz daryolar” va “Varaqsiz daftar” nomli badiiy publitsistik asarlari taqdimoti bo'lib o'tdi. Unda faol jamoatchilik vakillari, markaziy ommaviy axborot vositalari mas'ullari, professor-o'qituvchilar, yozuvchilar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Taqdimotni olib borgan Uyushma raisi v.b. Xolmurod Salimov mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida kitobxonlik madaniyati va kitob targ'ibotiga alohida e'tibor qaratilayotgani, bu borada ijodkorlarning o'rni, taniqli adib Mamatqul Hazratqulovning “Qirg'oqsiz daryolar”, “Varaqsiz daftar” kitoblari mazmun-mohiyati haqida qisqacha so'z yuritdi.
M.Hazratqulovning “Varaqsiz daftar” kitobida muallifning o'quvchilik davrlaridan tortib, salkam 60 yillik ijodiy mehnat faoliyatiga nisbatan vijdon sarhisobi, deyish mumkin. “Qirg'oqsiz daryolar” kitobida esa adabiyotimiz va san'atimizning darg'alari hayoti va ijodi haqidagi esselar-materiallar o'rin olgan.
So'zga chiqqanlar tomonidan Mamatqul Hazratqulov zabardast adib, mohir jurnalist, siyosat va madaniyat arbobi deb ta'riflandi va uning “Varaqsiz daftar” asari yarim asrlik yaqin tariximizni qamrab olganligi, istiqlolga erishish davrining barcha murakkabliklari va qiyinchiliklarini yengil hangomalar qatiga singdirib, badiiy talqin qilingani, shu tariqa o'qishli bir go'zal asar yaratilganligi e'tirof etildi.
“Qirg'oqsiz daryolar” asarida muallif adabiyot va san'atni qirg'oqsiz daryoga mengzagani va bu asarida adabiyot, san'at va jurnalistikamiz darg'alarining hayoti va faoliyatini yuksak badiiy mahorat bilan tasvirlagani ta'kidlandi.
Taqdimotda “Tafakkur” jurnali bosh muharriri, O'zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A'zam, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist, oliy toifali diktor Nasiba Ibrohimova, “Xalq so'zi” va “Narodnoe slovo” gazetalari bosh muharriri O'tkir Rahmat, Uyushma Boshqaruvi a'zosi, O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo'ja, adabiyotshunos olim, professor Nurboy Jabborov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Qulman Ochil, ustoz jurnalist Qobilbek Karimbekov, “Dunyo o'zbeklari” internet nashri bosh muharriri Ismat Xushev va boshqalar o'z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Mazkur kitoblar ustoz jurnalistning ko'p yillik tajribalarini o'zida mujassam etgani bilan ham qadrlidir. Keng kitobxonlar ommasiga mo'ljallangan ushbu kitoblar jurnalistika sohasi vakillari yoxud media yo'nalishi bo'yicha ta'lim olayotgan yigit-qizlarga muhim qo'llanma bo'lib xizmat qiladi, deyish mumkin.
O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi
Axborot xizmati.