Filarmoniyaning yangi binosi
San'atkorlar uchun qutlug' tuhfa barpo etildi. Bu yangilik barcha xorazmliklarni mamnun qildi.
Kuni kecha Urganch shahrida O'zbekiston davlat filarmoniyasi Xorazm viloyati bo'limining yangi binosi foydalanishga topshirildi.
Yangi binoni topshirish tantanasida viloyatdagi faol nuroniylar, madaniyat va san'at namoyandalari, bir guruh yoshlar ishtirok etdilar.
Tadbirda viloyat hokimi Jo'rabek Rahimov qatnashib, san'at ahlini muborakbod etdi. Mazkur dargohda kamolga yetgan, serqirra iste'dod egalarini jamlagan ijodiy jamoaning Xorazm qo'shiqchilik va raqs san'ati rivojidagi ulkan xizmatlari e'tirof etildi.
Filarmoniyada milliy san'atimiz darg'alari faoliyat ko'rsatgan, o'zlarining betakror san'atidan xalqimizni bahramand etgan noyob iste'dod egalari yetishib chiqqan. O'zbekiston Xalq artistlari, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artistlar Vatanimiz shuhratini jahonga yoyganlar…
Bugungi kunda ham filarmoniya jamoasi dunyo bo'ylab gastrollarda bo'lib, xalqaro tanlovlarda g'oliblik shukuhini his etib, milliy san'atimizni namoyish qilishmoqda.
Yangi koshonaning muhtasham binosi shahar ko'rkiga ko'rk bag'ishladi. Bu yerda san'at ahli va ixlosmandlari uchun barcha qulay imkoniyatlar, sharoitlar yaratilgan.
— Yangi va go'zal binoda san'atkorlar uchun mashg'ulot o'taydigan zallar, repetitsiya xonalari, umuman, har bir ijodkorning barakali faoliyat ko'rsatishi uchun barcha sharoitlar yaratilganligidan mamnunmiz, — dedi taniqli raqqosa Gavharxonim Matyoqubova. — Yangi bino Konstitutsiya kuni arafasida voha san'at ahliga munosib tuhfa bo'ldi. Prezidentimiz tomonidan ko'rsatilayotgan bunday e'zoz va hurmat, e'tibordan benihoyat mamnunmiz.
Ushbu madaniyat koshonasining bunyod etilgani yakunlanayotgan yilda nafaqat san'at ahliga, balki jamiki san'atsevar Xorazm eli uchun ham eng go'zal tuhfalardan biri bo'ldi.
Feruza TANGRIBERGANOVA.