Yangi uy egalariga topshirildi

Navoiy shahrining “Kimyogar” mahallasida “Zarafshan Golden group” kompaniyasi tomonidan bunyod etilgan 100 xonadonli, 7 qavatli zamonaviy turar-joy majmuasi foydalanishga topshirildi.

 

Tantanali tadbirda Navoiy shahar hokimi M.Bazarov so'z olib, bu kabi yangi uylar shahar ko'rkiga-ko'rk qo'shish barobarida, aholining uy-joyga bo'lgan ehtiyojini qondirishga ham xizmat qilayotganini ta'kidladi.

Tadbir davomida kompaniya tomonidan Navoiy shahrida istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga 10 ta mikroto'lqinli pech, 2 ta nogironlik aravachasi va kompaniyada ishlab, boquvchisini yo'qotgan 10 nafar oilaga amaliy ko'mak ko'rsatildi.

25 yildan ortiq tarixiy faoliyatga ega bo'lgan “Zarafshan Golden group” kompaniyasi turli yo'nalishlarda faoliyat yuritadigan ko'p tarmoqli birlashmalar sirasiga kiradi. Kompaniya tarkibida 20 dan ortiq korxonalar faoliyat ko'rsatayotgan bo'lib, ularda 2000 ga yaqin ishchi-xodimlar mehnat qilishmoqda.

Kompaniya tomonidan 2019 yilda 500, 2020 yilda esa jami 800 oilaga mo'ljallangan turar-joy binolari qurilib, foydalanishga topshirildi. Joriy yilda esa 650 ta xonadondan iborat turar-joy binolari foydalanishga topshirilish arafasida turibdi.

* * *

Yana bir xushxabar viloyatning eng olis hududlaridan biri — Tomdi tumanida Davlat xizmatlari markazining yangi binosi ham foydalanishga topshirildi.

 

Tomdi tumanining Yangi mavzesida joylashgan ushbu zamonaviy binoda aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida Davlat xizmatlari markazi, O'zbekis­ton Respublikasi Prezidentining Tomdi tumani Xalq qabulxonasi, O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko'rib chiqish qabulxonasi hamda tuman Adliya bo'limi va tuman FHDYo bo'limi ham joylashgan.

Binoning ochilish marosimida ishtirok etgan davlat va jamoat tashkilotlari xodimlari, mehnat faxriylari va keng jamoatchilik vakillari, bir so'z bilan aytganda, bu yangi bino hududda tadbirkorlikning yanada rivoj topishi, aholining qulay davlat xizmatlaridan foydalanishi uchun muhim o'rin tutishini ta'kidlashdi.

Yana bir muhim jihati, ushbu bino eng zamonaviy kompyuter texnologiyalari bilan jihozlangan.

Otabek ASLONOV.

Navoiy viloyati.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 8 =