“MARKAZIY FARG`ONA”— nufuzli gazeta
Bugungi kunda viloyat, tuman nashrlari faoliyati nechog'li og'ir kechayotganini barchamiz bilamiz. Ayniqsa, markaziy va ayrim tarmoq nashrlarini xususiylashtirish ishlari haqidagi gap–so'zlar aksariyat jurnalistlar faoliyatiga salbiy ta'sir qilmasdan qolmadi. Buning ustiga, viloyatlarda kechayotgan jarayonlar, voqea–hodisalar, shuningdek, ba'zi kamchilik va muammolar to'g'risida tanqidiy–tahliliy materiallarni bugungi zukko mushtariylar didiga mos darajada tayyorlash ham oson ish emas.
Ammo o'z kasbiga fidoyilarcha yondashib, sohaning qattiq bo'lsa-da, halol va totli nonini yeyayotgan jurnalistlar, nashrlar talaygina. Farg'ona viloyatining chekka tumanlaridan biri — Yozyovonda chop etilayotgan “Markaziy Farg'ona” gazetasi bunga misol bo'la oladi. Yillar sinovidan o'tgan ushbu nashr necha yillardan buyon aholining huquqiy-ma'naviy darajasi oshishiga o'z hissasini qo'shib kelayotgani bilan viloyat, respublika miqyosida ko'p bor e'tirof etilgan.
Gazeta tarixiga nazar solinsa, dastlab, 1953 yilda “Kolxozchi” nomi bilan chop etilgan. Gazetaga Ibrohimjon Halilov muharrirlik qilgan. Gazeta Marg'ilon shahrida bosilardi. O'sha davrda ishlagan otaxonlar 1500 nusxada chiqqan birinchi sonini Yozyovonga piyoda, qo'lda ko'targancha olib kelinganligini haligacha eslashadi. 1962 yilda Toshloq, Yozyovon, Qo'shtepa, Farg'ona, Quva, Quvasoy tumanlari nashrlari birlashtirilib, yagona birlashma tuzilgach “Lenin yo'li” nomi bilan chiqa boshlagan.
1990 yildan boshlab yana alohida Yozyovon tumani nashri sifatida chop etilgan. Xuddi o'sha vaqtlarda gazetaning radioaxborot bo'limi ham faoliyatini boshlagan. 1990 yil yakunlariga ko'ra, bu nashr respublika tumanlari gazetalari o'rtasida o'tkazilgan “Eng yaxshi tuman gazetasi” ko'rik-tanlovida g'olib bo'lgan.
“Markaziy Farg'ona” gazetasida jamoa a'zolari bir aqidani o'zlariga maqsad qilib olishgan, ya'ni tahririyatda xalqning huquqiy va ma'naviy ongini yuksaltirish, milliy an'ana va qadriyatlarga hurmat hamda mustaqillikni mustahkamlash sari intilish hissi ustuvor sanaladi. Bir vaqtlari gazeta-jurnallarning old sahifasida “Butun dunyo proletarlari birlashingiz” degan shior bo'lardi. “Markaziy Farg'ona” gazetasi ildamlab, yuqoridagi gapning o'rniga, o'zbekcha “Assalomu alaykum, azizlar” degan jumlani yozib qo'ygan edi. Bu esa tumanda katta muhokamalarga sabab bo'lganini hali-hali gapirib yurishadi.
Oradan bir yil o'tib yurtimiz mustaqillikka erishgach, yaratila boshlangan keng imkoniyatlardan foydalangan gazeta yanada taraqqiy etdi. 1992 yil gazeta tahririyatida bosh muharrir Umarjon Ismoilov tashabbusi bilan “Hamroh” ilova soni va “Ijodkor” kichik korxonasi tashkil etildi. Bu korxonada sevimli shoirlarimiz Muhammad Yusufning “Erka kiyik”, O'tkir Rahmatning “Rayhon hidi”, hamda “Yozyovonlik olimlar”, “Yozyovonnoma”, “Yozyovon navolari” singari kitoblar chop etildi.
1994 yilga kelib, gazetaning “Hamroh” ilova soni respublika bo'ylab tarqaydigan alohida gazeta sifatida ajrab chiqdi. 1995 yildan boshlab “Markaziy Farg'ona”ga qo'shimcha “Markaziy Farg'ona+” tijorat gazetasi tashkil etildi va vodiy bo'yicha tarqala boshladi.
Bugungi kunda ham “Markaziy Farg'ona” viloyatdagi gazetalar ichida o'z nufuziga ega hisoblanadi. Xalq dardini dadil ko'tarishi, tanqid va tahlildan cho'chimasligi bilan ko'pchilik e'tiborini qozongan. Tumandagi maktablar va boshqa turli muassasalarda o'tkazilayotgan va olib borilayotgan ishlarni yoritish orqali ular o'rtasida sog'lom raqobatni yuzaga keltiruvchi vositaga hamda jamoatchilik va ijtimoiy muammolarni qalamga olishi bilan odamlar dardiga malhamga aylandi. Ayni vaqtda Azimjon Xudoyqulov bosh muharrirlik qilayotgan gazeta 3 ming nusxada chop etilmoqda.
Jurnalistik faoliyatdan mamnun bo'lgan muassis — Yozyovon tuman hokimligi gazetaga katta e'tibor bilan qaraydi. Ayni kunlarda tahririyatni zamonaviy yangi binoga ko'chirish va adadini 5 ming nusxaga yetkazish uchun targ'ibot ishlari olib borilayotir. Muassis va tahririyatning o'zaro manfaatli hamkorligi bois “Markaziy Farg'ona” gazetasi tahririyati bir necha bor O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi granti sohibi bo'lgan.
“Markaziy Farg'ona” tahririyati qoshida jurnalistikaga qiziquvchi o'g'il-qizlar uchun “Yosh muxbirlar” mahorat maktabi hamda badiiy adabiyotga ixlosmandlar uchun “Qaldirg'och” ijodkorlar klubi tashkil etilgan.
O'zim ushbu nashrga borib, tahririyat faoliyati bilan tanishib, yuqoridagi fikrlarimni bitdim. Ustozlarga tashakkur, yuqorida aytganimday bugun bosma nashrlarga oson bo'lmagan bir paytda tuman gazetasining o'z o'rniga ega bo'lishi katta gap, shunday emasmi?
Kamoliddin RO'ZIMATOV,
O'zJOKU talabasi