Kelajak bugundan boshlanadi yoki “Xorazm haqiqati”da mahorat darslari

Jurnalistlik kasbini o'rganishga qiziqqan o'quvchi-yoshlarning sohaga doir bilim, tajriba, mahoratlarini oshirishda “Xorazm haqiqati” va “Xorezmskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyati huzurida tashkil etilgan “Yosh jamoatchi muxbirlar mahorat maktabi” mashg'ulotlari alohida ahamiyat kasb etmoqda.

 

Mashg'ulotlar jarayonida tinglovchilarga turli janrlarda materiallar tayyorlash yuzasidan nazariy va amaliy bilimlar berilayapti. Yoshlar tomonidan tayyorlangan maqolalar gazetamizda chop etiladi. Quvonarlisi, mahorat maktabi tahririyatimiz qoshida o'tgan asrning 80-yillarida faoliyatini boshlagan bo'lib, shu kunlarda ham mashg'ulotlar to'xtab qolgani yo'q. Yana bir jihati, mahorat darslarida qatnashgan ko'plab yoshlar bugungi kunda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida turli vazifalarda mehnat qilishmoqda.

Yaqinda o'tkazilgan navbatdagi mahorat mashg'ulotida Urganch shahridagi 4-son umumiy o'rta ta'lim maktabining yigirmadan ziyod yosh ijodkorlari qatnashdi. O'quvchi-yoshlarning sohaga bo'lgan qiziqishini hisobga olib, “Xorazm haqiqati” va “Xorezmskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri v.b. Soliyajon Rahimberganova viloyat gazetasining keng qamrovli faoliyati va bugungi tezkor axborot almashish davrida jurnalistdan o'z kasbiga yanada mas'uliyat bilan yondashishni talab etayotgani borasida gapirdi.

Qariyb 101 yildan buyon chop etilayotgan “Xorazm haqiqati” gazetasi o'tgan yillarda o'z sahifalarida viloyatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi muammoli masalalarga tahliliy yondashib, o'qishli maqolalar yoritib keladi.

Ayniqsa, navbatdagi mashg'ulot ishtirokchilari tahririyatimizning kompyuter markazida gazetalarni sahifalash jarayonini katta qiziqish bilan kuzatib bordilar.

Ularning ko'pchiligi, garchi gazetaning navbatdagi soni tayyorlanayotgan bo'lsa-da, “Gazeta qanday tayyorlanadi?” — degan savolni berishdi. Kompyuter markazining gazetalarni sahifalash bo'yicha mutaxassislari Shohida Yusupova va Shoira Iskandarovalar o'quvchilarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob qaytarishdi.

Safimizda uzoq yillardan buyon faoliyat yuritib kelayotgan tajribali xodim Tatyana Davletova “Xorezmskaya pravda” gazetasini yanada o'qishli, rang-barang, qiziqarli chop qilinishida sidqidildan ijod qilib keladi.

Tatyana Davletova ushbu mashg'ulotida bo'lajak yosh muxbirlarga rus tilida yangiliklar, xabarlar, reportajlar tayyorlash bo'yicha o'z maslahati va tavsiyalarini aytib o'tdi.

Tadbir yakunida uzoq yillardan buyon jurnalistika sohasida faoliyat yuritib kelayotgan ustoz jurnalist S.Rahimberganova “Xorazm haqiqati” va “Xorezmskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyati xodimlari, ya'ni hamkasblarining keng miqyosdagi mehnatlari, hayot, ijod yo'llari, kasbimizga oid boshqa unutilmas lahzalar batafsil yoritilgan “Voha solnomasi” kitobini 4-son umumiy o'rta ta'lim maktabi kutubxonasiga sovg'a qildi.

Otaxon RAHIM,

“Xorazm haqiqati” va “Xorezmskaya pravda”

gazetalari muxbiri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 × two =