O'sarov Olimjon Avalboyevich — O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi
O'sarov Olim Avalboyevich 1973 yili Samarqand viloyatida tug'ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetini (1996), Toshkent davlat yuridik institutining sud-prokurorlik fakultetini (2002) tamomlagan. Ixtisosligi – jurnalist, huquqshunos. Filologiya fanlari nomzodi. 3-darajali adliya maslahatchisi. Ikki chaqiriq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati (2005, 2010).
O.O'sarov 30 yillik ish faoliyati davomida ommaviy axborot vositalari va davlat hokimiyati organlarida mas'ul lavozimlarida ishlagan va boy tajriba orttirgan.
Ish faoliyatini “Chirchiq tongi” gazetasidan boshlab, 1995-2002 yillarda O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Sport” tahririyati muharriri, “Ma'naviyat” bosh direksiyasi bo'lim boshlig'i, “Siyosat” bosh muharririyati bo'lim boshlig'i, “Yoshlar” telekanali guruh rahbari, prodyuseri lavozimlarida faoliyat yuritdi hamda teletomoshabinlar e'tirofiga sazovor bo'lgan “TV-advokat”, “Chirog'i yoniq uy”, “Tabarruk qadamjolar”, “Qishloqdagi tengdoshim”, “Sayohatnoma” ko'rsatuvlarini tashkil etgan.
2002-2005 yillarda O'zbekiston Respublikasi Oliy sudining Matbuot xizmat rahbari — “O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Axborotnomasi” ilmiy-amaliy jurnali va “Kuch-adolatda” gazetasi birlashgan tahririyati Bosh muharriri lavozimlarida ishlagan.
O.O'sarov 2017 yil 1 martdan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 28 dekabrdagi “O'zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni asosida ta'sis etilgan “Nuroniy” gazetasi va “Keksalik gashti” jurnali Bosh muharriri vazifasida faoliyat yuritdi.
Uning 50 dan ortiq ilmiy ishlari, xususan, “Pablik rileyshnz” o'quv qo'llanmasi (2012), “Ommaviy axborot vositalari va sud hokimiyati munosabatlari: O'zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot” (2013), “O'zbekistonda siyosiy partiyalarning jamoatchilik bilan aloqalari” monografiyalari (2014), “Press-konferensiya qanday o'tkaziladi?” (2014), “Davlat hokimiyati organlarida jurnalistlarni akkreditatsiya qilish: majburiyatmi yoki zaruriyat” (2014) o'quv-uslubiy qo'llanmalari, “The legislative chamber of the Oliy Majlis of the Republik of Uzbekistan” (2013), “Parlamentda jurnalistlarni akkreditatsiya qilishning zaruriyati” (2011), “O'zbekiston va jahon: xalqaro aloqalar, davlatlararo munosabatlar va istiqbolli hamkorlik” (2014), “Sudlar faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi tamoyili” (2016), “Zamonaviy media muhitda PR-xizmatlar” (2019) kitoblari nashr etilgan.
Shuningdek, “O'zbekkino” milliy agentligi tomonidan yaratilgan “Insonning yashash huquqi” (2007), “Sud-huquq islohotlari” (2007), “O'zbek jang san'ati” (2011), “Yoshlar va huquqiy madaniyat” (2012) ilmiy-ommabop filmlarining muallifi.
Joriy yilning 4 iyun kuni O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining navbatdan tashqari konferensiyasida O.O'sarov uyushma raisi etib saylandi.
Olim Avalboyevich O'sarovga mamlakatimiz jurnalistlarining nufuzli tashkiloti bo'lmish — O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi faoliyatini yanada jonlantirish, uyushmada yillar davomida to'planib qolgan qator muammolar, vazifalar ijrosini amalga oshirishda muvaffaqiyatlar tilaymiz.
