PREZIDENT SAYLOVI: OChIQLIK VA OShKORALIKNI TA'MINLASh YO'LIDA

Ma'lumki, joriy yilning 24 oktyabrida mamlakatimiz hayotida muhim siyosiy voqea – O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo'lib o'tadi. Shu kunlarda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda bo'lajak saylovni ochiq, oshkora va shaffof, umume'tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida hamda yuqori tashkiliy darajada o'tkazish borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi boshlangani e'lon qilingan kun – 23 iyulda bir yo'la uchta tadbir – Markaziy saylov komissiyasining majlisi, mazkur Komissiya huzuridagi Matbuot markazining ochilishi va matbuot anjumani o'tkazildi.
E'tiborga molik jihati shundaki, ushbu tadbirlar ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlarning faol ishtirokida o'tdi. Jurnalistlarning, jumladan xorijlik jurnalistlarning Prezident sayloviga oid ko'plab savollariga Markaziy saylov komissiyasi rahbarlari hamda a'zolari tomonidan batafsil javoblar berildi. Qator tele va radiokanallar bu tadbirlarni to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatdi. Maxsus reportajlar, jumladan, onlayn hamda fotoreportajlar, intervyular tayyorlandi. Bosma va internet nashrlarda turli tillarda o'nlab tahliliy maqolalar e'lon qilindi.
O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev matbuot anjumanida alohida ta'kidlaganidek, bularning barchasi, avvalo, mustaqil mamlakatimizda davlat hamda jamiyat qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan tizimli, izchil, ayni payt­­da, jadal islohotlar samarasidir.

Demokratik davlat va adolatli jamiyat barpo etish sari dadil qadam qo'ygan Yangi O'zbekistonda ochiqlik hamda oshkoralik jamiyat hayotidan tobora keng va mustahkam o'rin olayotgani davlatimizning xalqaro nufuzi muttasil yuksalib borayotgani bilan bog'liqdir.
Matbuot markazida tajribali jurnalistlar, huquqshunoslar, tarjimonlar, ekspertlar hamda boshqa mutaxassislardan iborat ixtisoslashtirilgan guruhlar faoliyat olib boradi. Ushbu markaz saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bilan bog'liq jarayonning ommaviy axborot vositalarida o'zbek, qoraqalpoq, rus, ingliz hamda boshqa tillarda keng yoritilishini ta'minlaydi.
Markaziy saylov komissiyasi majlislarida ko'rib chiqish uchun mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarini akkreditatsiya qilish bilan bog'liq hujjatlarni Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari talablariga muvofiq tarzda tayyorlaydi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bilan bog'liq jarayonni tezkorlik bilan xolis yoritishi uchun akkreditatsiya qilingan ommaviy axborot vositalari vakillarini tegishli ma'lumot hamda axborot materiallari bilan ta'minlaydi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish jarayonlari haqida milliy hamda xorijiy ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinayotgan materiallarni muntazam o'rganadi, monitoringini yuritadi, tahlil qiladi va natijalarini Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etib boradi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovda ochiqlik, oshkoralik hamda adolatni ta'minlashga qaratilgan tizimli ishlar Komissiyaning 2021 yil 14 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha asosiy tadbirlar dasturiga binoan amalga oshirilmoqda.
Matbuot anjumanida qayd etilganidek, saylovga tayyorgarlik ko'rishdagi eng muhim vazifalardan biri – fuqarolarga saylov to'g'risida to'la, ishonchli va tezkor axborotni yetkazish, aholida saylov oddiy, shu bilan birga, muhim fuqarolik burchi ekanligi haqidagi fikrni shakllantirish, befarqlik kayfiyatidagi kishilarni saylov huquqini faol amalga oshirishga chorlash, ularga saylov jarayonida ishtirok etishdan har bir fuqaro hamda jamiyat manfaatdor ekanligini singdirish va har bir fuqaro qalbida mamlakat taraqqiyotiga daxldorlik hissini uyg'otishdan iborat.
Markaziy saylov komissiyasi hamda barcha darajadagi saylov komissiyalari Prezident sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish davrida o'z ishini O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazish bo'yicha Kalendar rejasiga binoan, qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik hamda shaffoflik tamoyillariga to'la amal qilgan holda tashkil etayotir.
Markaziy saylov komissiyasi bilan mamlakatimizdagi yetakchi ommaviy axborot vositalari o'rtasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasini yoritish bo'­yicha o'zaro hamkorlik memorandumlari imzolangani bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Markaziy saylov komissiyasi O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi – O'zA, “Dunyo” axborot agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Zo‘r TV” teleradiokompaniyasi, “UzReport” axborot agentligi bilan oktyabr oyida bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlarida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni kuchaytirish hamda tayyorgarlik ishlarining olib borilishi va o'tkazilishini yoritish bo'yicha ikki tomonlama memorandumlar imzoladi. Qayd etish kerakki, Markaziy saylov komissiyasining ushbu yo'nalishdagi hamkorlari orasida nodavlat ommaviy axborot vositalari soni tobora ko'paymoqda.
Memorandumlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish doirasida barcha darajadagi saylov komissiyalarining faoliyatini izchil yoritish, siyosiy partiyalar hamda nomzodlar uchun ularning saylov oldi dasturlari qoidalari, mamlakatimiz siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim masalalariga oid mustaqil nuqtai nazarlarini saylovchilarga, keng jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalarida teng hajmda efir vaqti va nashr maydoni ajratish yo'li bilan keng hamda teng imkoniyatlar yaratishga alohida e'tibor qaratiladi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Prezident saylovining ahamiyati, o'ziga xos jihatlari, Saylov kodeksi, saylov qonunchiligiga kiritilgan o'zgartish va qo'shimchalarning mazmun-mohiyatini saylovchilarga hamda saylov tashkilotchilariga yetkazish borasida keng ko'lamli va izchil ishlar amalga oshirildi hamda oshirilmoqda.
O'tgan olti oy mobaynida mamlakatimizdagi va xorijdagi ommaviy axborot vositalari, Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ushbu mavzularda yuzlab maqolalar, suhbatlar, intervyular, videoroliklar e'lon qilindi. Brifinglar, matbuot anjumanlari va savol-javob kechalari uyushtirildi. Saylovga bag'ishlangan bunday tadbirlar millionlab fuqarolarni qamrab oldi.
Jumladan, “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati, saylovlarni o'tkazish bilan bog'liq eng muhim yangiliklarga bag'ishlangan matbuot anjumani jonli efirda o'tkazildi.
Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasida “Yangi O'zbekis­ton: saylov huquqining yangi kafolatlari” mavzusida seminar tashkil etildi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida saylov qonunchiligiga kiritilgan o'zgartish hamda qo'shimchalarga doir davra suhbati bo'lib o'tdi. Bunday qiziqarli tadbirlar mamlakatimizdagi boshqa ko'plab oliy ta'lim muassasalari, mehnat jamoalari va mahallalarda ham o'tkazilganini, ularda minglab saylovchilar, jumladan, yosh saylovchilar ishtirok etganini ta'kidlash joiz.
Toshkent shahri, Navoiy ko'chasi, 1-uyda (Ma'rifat markazi, Simpoziumlar saroyi binosida) ish boshlagan Matbuot markazi va mamlakatimizning mintaqalaridagi hududiy bo'linmalari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlandi.
Ularda jurnalistlarga hamda keng jamoatchilikka Prezident sayloviga oid masalalar bo'yicha tezkor axborot yetkazish maqsadida matbuot anjumanlari, brifinglar, uchrashuvlar va boshqa tadbirlar tashkil etishga doir ishlar izchil boshlab yuborildi. Ta'kidlash kerakki, Matbuot markazi Markaziy saylov komissiyasining “Saylov2021” veb-portali hamda bosh­­qa axborot resurslarining yuritilishini ham ta'minlaydi.
Saylov komissiyalari a'zolari va saylovchilar tezkorlik bilan foydalanishi uchun mo'ljallangan “Saylov2021” mobil ilovaning taqdimoti Matbuot markazi tomonidan o'tkazilgan ilk tadbirlardan biri bo'ldi. Ilova saylovga oid zarur ma'lumotlar bilan muntazam to'ldirib boriladi.
Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati rahbari Jaloliddin Usmonovning aytishicha, markaz ommaviy axborot vositalari vakillarini nafaqat bo'lib o'tgan, balki rejalashtirilayotgan tadbirlar haqida ham avvaldan xabardor etishni yo'lga qo'ygani jamoatchilikka Prezident sayloviga oid eng muhim yangiliklarni tezkorlik bilan yetkazishga, bu boradagi ish ko'lami va sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Jumladan, Matbuot markazining telegramm kanaldagi sahifasi orqali 27 iyul kuni ma'lum qilindiki, 28 iyul soat 11:15 da “O'zbekiston24” va “O'zReport” telekanallari orqali Matbuot markazidan jonli efir uzatiladi. Ko'rsatuv “Saylov2021” mobil ilovasi, “Saylov2021” (http://saylov2021.uz) veb-portali hamda Matbuot markazida jurnalistlarga yaratilgan sharoitlarga bag'ishlangan. Tadbirda Markaz vakillari jurnalistlar va blogerlarni saylov jarayonini yoritishda faol ishtirok etishga chaqirdi.
29 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga mandatlar topshirish marosimi boshlanganiga doir yangilik onlayn tarzda e'lon qilindi. Ushbu tadbir bo'lib o'tishi haqida ham bir kun avval ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar berilgan edi.
Markaz tomonidan ishning bunday zamonaviy talablar asosida tezkorlik bilan tashkil etilayotgani samarasida Prezident sayloviga doir muhim yangiliklardan millionlab saylovchilar o'z vaqtida xabardor bo'lmoqda.
Ayni paytda Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati Prezident sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bilan bog'liq tadbirlarni yoritishda qatnashadigan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o'tkazish jarayoni davom etayotganidan xabardor qildi.
Yaqin kunlarda Matbuot markazida “Ishonch telefoni” (Call center) ishga tushiriladi. Fuqarolar, jumladan, xorijda yashab turgan vatandoshlarimizdan “Ishonch telefoni” orqali tushadigan saylovga oid savollarga tajribali huquqshunoslar hamda ekspertlar tomonidan to'laqonli javoblar berilishi yo'lga qo'­yiladi.
Bunday keng ko'lamli, tizimli va izchil ishlarning barchasi pirovardida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini konstitutsiyaviy qoidalar hamda xalqaro saylov andazalari, demokratik tamoyillar asosida ochiq-oshkora o'tkazishga xizmat qiladi.

Ravshan BURXON,
jurnalist.
Ibrohim DUShANOV (foto).

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 × 4 =