Prezident saylovi: Vatan taqdiriga daxldorlik

Mamlakatimizda Prezident saylovi kampaniyasi tobora qizg'in pallaga kirmoqda. Bu mas'uliyatli jarayon Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Saylov kodeksida belgilangan tartibda izchillik bilan muvofiqlashtirib borilmoqda.

Saylovni milliy saylov qonunchiligi va umume'tirof etilgan xalqaro demokratik standartlarga binoan, ochiq-oshkora o'tkazishda ommaviy axborot vositalarining ahamiyati katta.

Markaziy saylov komissiyasi o'z faoliyatida bu masalaga hamisha, ayniqsa, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo'lib o'tadigan joriy yilda alohida e'tibor qaratib kelmoqda.

Komissiyaning barcha tadbirlari ommaviy axborot vositalari vakillarining faol ishtirokida o'tkazilayotir. Ularda jurnalistlar, jumladan, xorijlik jurnalistlar,  Prezident sayloviga oid o'z savollariga Markaziy saylov komissiyasi rahbarlari, a'zolari va ekspertlari tomonidan batafsil javoblar olmoqda.

Tele va radiokanallar matbuot anjumanlari, brifinglar va uchrashuvlarni to'g'ridan-to'g'ri efirga uzatmoqda. Maxsus reportajlar, jumladan, onlayn hamda fotoreportajlar, intervyu­lar tayyorlanib, bosma va internet nashrlarda turli tillarda ko'plab tahliliy maqolalar e'lon qilinmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zay­niddin Nizamxodjayev alohida ta'kidlaganidek, bularning barchasi, avvalo, mus­taqil mamlakatimizda davlat hamda jamiyat qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan tizimli, izchil, ayni paytda, jadal islohotlar samarasidir. Demokratik davlat va adolatli jamiyat barpo etish sari dadil qadam qo'ygan Yangi O'zbekistonda ochiqlik hamda oshkoralik jamiyat hayotidan tobora keng va mustahkam o'rin olayotgani, davlatimizning xalqaro nufuzi muttasil yuksalib borayotgani bilan bog'liqdir.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yil 23 iyul kuni qabul qilingan va ijrosi izchil davom ettirilayotgan O'zbekiston Res­publikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha kalendar rejasida saylov jarayonlarining barcha bosqichlarini tizimli yoritib borishga doir muhim vazifalar ham belgilangan.

Bu vazifalarni amalga oshirishda Markaziy saylov komissiyasi bilan mamlakatimizdagi yetakchi ommaviy axborot vositalari o'rtasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasini yoritish bo'yicha o'zaro hamkorlik memorandumlari imzolangani muhim ahamiyat kasb emoqda.

Jumladan,“Xalq so'zi” – “Narodnoe slovo”,“Yangi O'zbekiston” – “Pravda Vostoka”, “Hurriyat” gazetalari, “Qalampir.uz”, “Human.uz”, “Bugun.uz” — “Nova24.uz” internet nashrlari, shuningdek, “Bright Uzbekistan” portali bilan ana shunday ikki tomonlama memorandumlar imzolandi.

Memorandumlarni amalga oshirish doirasida barcha darajadagi saylov komissiyalarining faoliyatini izchil yoritib borish, siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari saylovoldi dasturlari qoidalari, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy rivojlanishining muhim masalalariga oid nuqtai nazarlarini saylovchilarga, jamoatchilikka yetkazishda ommaviy axborot vositalari, teng hajmda efir vaqti va nashr maydoni ajratish yo'li bilan keng va teng imkoniyatlar yaratishga alohida e'tibor qaratiladi.

Imzolangan memorandumlar saylovchilar va saylov tashkilotchilarining amaldagi saylov institutlariga ishonchini hamda ularda Vatan va xalq taqdiriga daxldorlik tuyg'usini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Qayd etish o'rinliki, 14 iyul kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi – O'zA, “Dunyo” axborot agentligi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Zo'rTV” teleradiokompaniyasi, “O'zreport” axborot agentligi bilan ham Prezident sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish jarayonlarini yoritish bo'yicha ikki tomonlama memorandumlar imzolangan. Komissiya tomonidan shu kunga qadar akkreditatsiyadan o'tkazilgan milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari  vakillari soni  esa jami 814 nafarga yetdi.

Bunday keng ko'lamli, tizimli va izchil ishlarning barchasi pirovardida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini konstitutsiyaviy qoidalar hamda xalqaro saylov andozalari, demokratik tamoyillar asosida ochiq-oshkora o'tkazishga xizmat qiladi.

Ravshan BURXON,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three + 9 =