Yuksak ishonch va samarali ishlar
Xalqimiz Vatanimiz davlat mustaqilligining 30 yillik ulug' bayramini zo'r shodu xurramlik bilan nishonladi.
Ma'lumki, bu yilgi bayram tantanasi ushbu sanaga bag'ishlab bunyod etilgan “Yangi O'zbekiston” bog'ida o'tkazildi.
Davlatimiz rahbari tantanali marosimdagi tarixiy nutqida joriy yil 24 oktyabr kuni bo'lib o'tadigan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik masalalariga ham to'xtalib o'tdi.
Qayd etildiki, so'nggi besh yil mobaynida mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligida jiddiy o'zgarishlar yuz berdi. “Nufuzli xalqaro ekspertlar ta'kidlaganidek, yangi O'zbekistonda saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylovlarni o'tkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi pog'onaga ko'tarildi.
Bu galgi Prezident saylovi ilk bor 2019 yilning 25 iyunida qabul qilingan Saylov kodeksi asosida bo'lib o'tadi.
Bu saylov barchamiz uchun O'zbekistonning kelgusi taraqqiyoti qanday yo'ldan boradi, farzandlarimiz, oilamiz, mamlakatimiz kelajagini qanday barpo etamiz, degan hal qiluvchi savollarga javob beradigan g'oyat muhim siyosiy tadbirdir, deb ta'kidladi davlatimiz rahbari. Shuning uchun ushbu siyosiy jarayonga ko'pmillatli xalqimiz ham, jahon hamjamiyati ham katta qiziqish va e'tibor bilan qaramoqda.
Saylovda dunyoning ellikka yaqin mamlakati hamda o'nlab xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar ishtirok etishi kutilmoqda.
Shu ma'noda, bo'lg'usi saylovlar yuksak demokratik mezonlar asosida o'tadi hamda yangi O'zbekiston xalqining o'sib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va madaniy saviyasini yaqqol namoyon etadi, deb ishonaman”.
Bu yuksak ishonch Markaziy saylov komissiyasi va barcha darajadagi saylov komissiyalarining a'zolariga — barcha saylov tashkilotchilarining zimmasiga yuksak mas'uliyat yuklaydi. Saylov kunigacha esa muddat juda oz — bir yarim oy qoldi.
Vaqtning tobora kam qolayotgani mazkur ulkan siyosiy tadbirga tayyorgarlikni Saylov kodeksi va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o'tkazish bo'yicha kalendar rejasida belgilangan talablarga to'la amal qilgan holda, o'z muddatida va sifatli bajarishni taqozo etadi.
Markaziy saylov komissiyasining videokonferensaloqa shaklida o'tkazilgan navbatdagi majlisida bu alohida ta'kidlandi.
O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev olib borgan majlisda Prezident sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazishga doir muhim masalalar ko'rib chiqildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni hamda ommaviy axborot vositalarining yana bir guruh vakillarini akkreditatsiyadan o'tkazish bilan bog'liq masalalar shular jumlasidandir.
Saylovlarning ochiqligi va shaffofligini ta'minlashda kuzatuvchilarning, jumladan, xorijiy mamlakatlar vakillari va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari missiyalarining ishtiroki muhim ahamiyatga ega.
Bu yo'nalishdagi ishlar O'zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 19 sentyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan O'zbekiston Respublikasi saylovlarida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar to'g'risidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
Qayd etish joizki, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (EXHT) Ehtiyojlarni baholash bo'yicha missiyasi shu yil may oyida mamlakatimizga tashrif buyurib, O'zbekistondagi saylovoldi muhiti va Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonini, mamlakatimizda erkin va demokratik saylov o'tkazilishini ta'minlash bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni ijobiy baholab, Prezident sayloviga to'laqonli kuzatuv missiyasini yuborish fikrini bildirgan edi.
Shu bois bu yilgi Prezident saylovini Byuroning uch yuzga yaqin, jumladan, 28 nafar uzoq muddatli va 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchilari kuzatib borishi kutilmoqda.
Majlisda ma'ruza qilgan Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Gulnoza Rahimova O'zbekistonning mazkur xalqaro tuzilma bilan o'zaro hamkorlik aloqalari tobora mustahkamlanib borayotganini alohida ta'kidladi.
Bunday hamkorlik samarasi o'laroq mamlakatimiz milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish, saylov qonunchiligi va amaliyotini umume'tirof etilgan xalqaro demokratik standartlarga uyg'unlashtirish orqali fuqarolarning saylovga oid huquqlarini yanada keng va to'la ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Ushbu hamkorlik o'zining 22 yillik tarixiga ega. Byuroning missiyasi 1999 yildan beri mamlakatimizda parlament va Prezident saylovlarini kuzatishda ishtirok etib kelmoqda. Bu esa O'zbekistonda saylovlarni umume'tirof etilgan va eng ilg'or amaliyot, mamlakatimiz saylovlar sohasida olgan xalqaro majburiyatlariga asosan adolatli, halol va shaffof o'tkazilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasi a'zolari Prezident saylovida YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosidan qatnashadigan bir guruh kuzatuvchilarni akkreditatsiyadan o'tkazish to'g'risida qaror qabul qildi.
Saylovga tayyorgarlik ko'rishdagi eng muhim vazifalardan biri – fuqarolarga saylov to'g'risida to'la, ishonchli va tezkor axborotni yetkazish, aholiga saylov jarayonlarida ishtirok etishdan har bir fuqaro va jamiyat manfaatdor ekanligini singdirish hamda mamlakat taraqqiyotiga daxldorlik hissini uyg'otishdan iborat.
Markaziy saylov komissiyasi va barcha darajadagi saylov komissiyalari Prezident sayloviga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish jarayonida o'z ishini qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga to'la amal qilgan holda tashkil etayotganini alohida ta'kidlash o'rinli.
— Bunda ommaviy axborot vositalari bilan mustahkam yo'lga qo'yilgan hamkorlik, xususan, jurnalistlarni akkreditatsiyadan o'tkazish jarayonlari muhim ahamiyat kasb etmoqda, — deydi Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Bahodirjon Yunusov.
Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o'tkazish tartibi to'g'risidagi nizomga binoan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi davrida saylovni yorituvchi ommaviy axborot vositalari vakillari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o'tkaziladi.
2019 yil 5 oktyabrda tasdiqlangan ushbu nizomga ko'ra, ommaviy axborot vositasi vakili saylovga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov komissiyalarining majlislarida hozir bo'lish, saylov komissiyalarining qarorlari nusxalarini ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun olish, nomzodlar ko'rsatishga bag'ishlangan yig'ilishlarda, nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ishtirok etish, muddatidan oldin ovoz berishni o'tkazish vaqti va joyi haqida xabardor bo'lish hamda ushbu jarayonni kuzatish, saylov kuni ovoz berish xonalarida, shu jumladan, ovozlarni sanab chiqishda hozir bo'lish imkoniyatiga ega.
Ayni paytda vakil o'z faoliyatida O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Saylov kodeksiga, Markaziy saylov komissiyasining qarorlariga amal qilishi, barcha darajadagi saylov komissiyalariga, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlarga tashrif buyurganida unga berilgan guvohnomani hamda o'z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni yonida olib yurishi hamda mansabdor shaxslar talabiga muvofiq ularni ko'rsatishi shart.
Prezident saylovi kampaniyasi boshlanganidan buyon Komissiyaning barcha majlislarida ushbu masala tizimli ravishda ko'rib chiqilayotgani va hozirgacha ommaviy axborot vositalarining jami 875 vakili, shu jumladan, 48 nafar xorijlik jurnalist akkreditatsiyadan o'tkazilgani e'tiborga molik. Qayd etish kerakki, Markaziy saylov komissiyasining ushbu yo'nalishdagi hamkorlari orasida nodavlat va xususiy ommaviy axborot vositalari soni tobora ko'payib bormoqda.
Shu bilan birga, Markaziy saylov komissiyasining barcha majlislari va boshqa tadbirlari ommaviy axborot vositalari vakillarining bevosita hozirligida, ochiq-oshkora o'tayotganini hamda keng yoritilayotgani diqqatga sazovordir. Ishning bunday zamonaviy talablar asosida tashkil etilayotgani samarasida Prezident sayloviga doir muhim yangiliklardan millionlab saylovchilar o'z vaqtida xabardor bo'lmoqda.
Bunday keng ko'lamli va tizimli ishlar pirovardida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini konstitutsiyaviy qoidalar hamda xalqaro saylov andazalari, demokratik tamoyillar asosida ochiq-oshkora o'tkazishga xizmat qiladi.
Ravshan BURXON,
jurnalist.
Ibrohim DUShANOV (foto).