O'zbekistonda erkin va demokratik saylovlar o'tkazish uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan

Demokratiyaning asosiy tamoyillaridan biri bu – saylov erkinligi ekanligi ayni haqiqatdir. Har bir fuqaro o'z hayot yo'lini mustaqil va erkin ravishda tanlay olishi bilan birga, jamiyatning barcha a'zolari qatori davlat va jamiyat hayotining eng muhim masalalarinia hal qilishda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo'lishi zamonaviy davlatning qay darajada demokratik ko'rinishda shakllanganligini ko'rsatadi.

Zero, saylovlar vositasida hokimiyatning turli organlari shakl­lantiriladi. Jumladan, O'zbekistonda ham fuqarolar tomonidan mamlakat Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy Kengashlar deputatlari bevosita saylanadi.

Jamiyatda aynan saylov jarayonlari orqali siyosiy kuchlar shakllanadi, tanlangan siyosiy yo'lning jamoatchilik manfaatlari uchun qanchalik mos kelishi namoyon bo'ladi, shu bilan birga, saylov jarayonlari fuqarolarning siyosiy madaniyati qay darajada yuksalganligini ham belgilab beradi.

Erkin va adolatli saylovlar – demokratik tizimning eng asosiy mohiyati va mexanizmi bo'lib, xalq hokimiyatchiligi, fuqarolarning siyosiy boshqaruv tizimida ishtirok etishi prinsipini amalda ta'minlash usullaridan biridir.

Mamlakat Prezidentligiga bo'lib o'tayotgan bu galgi saylov, albatta, bu birinchisi emas, ya'ni avvallari ham bo'lib o'tgan. Biroq bu saylovga tayyorgarlik ko'rish, uni o'tkazishni tashkil etish jarayonlarini kuzatar ekanmiz, unda yangicha ochiqlik, oshkoralik, demokratiya ruhining namoyon bo'layotganligini yaqqol sezamiz.

Tashkiliy nuqtai nazardan qaraganda, saylov murakkab va ko'p bosqichli jarayondir. Bugungi kunda O'zbekistonda Prezident sayloviga tayyorgarlik ko'rishning ayrim bosqichlari yakunlandi yoki yakunlanish arafasida. Bu esa saylov kampaniyasining sifati va salmog'i to'g'risida dastlabki xulosalarni chiqarish imkoniyatini beradi.

Saylov komissiyalari faoliyatining ochiqligi, ommaviy axborot vositalarida saylov jarayonlari qanday o'tayotganligi keng va tushunarli darajada yoritib borilayotganligi, saylov ishtirokchilariga yaratilayotgan teng imkoniyatlar – Yangi O'zbekistonda yangicha muhit shakllanganligini ko'rsatmoqda.

Xususan, xalqaro hamjamiyat O'zbekistonda tashkil etilgan Prezident saylovining qonuniyligi va xalqaro demokratik andozalarga to'la muvofiq ekanligini e'tirof etmoqda. Mamlakatimizga kuzatuvchi sifatida saylovlarda ishtirok etish uchun tashrif buyurgan va kelishi kutilayotgan kuzatuvchilar sonining ko'pligi ham shundan dalolat bermoqda.

Evropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi saylovlarni kuzatish uchun o'zining ko'p sonli missiyasini mamlakatimizga yuborganligi yuqori siyosiy bahoga loyiqdir.

Bundan tashqari, bugungi kunda ShHT, MDH kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar, turli parlament birlashmalari saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etish istagini bildirdi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, xalqaro hamjamiyat tomonidan ko'rsatilayotgan bunday e'tiborni mamlakatimizdagi demokratik jarayonlarga hamda saylovga tayyorgarlik ishlariga berilgan ijobiy baho, deb e'tirof etish o'rinlidir.

Saylov tizimi bir nuqtada qotib qolgan, jonsiz jarayon emas. Saylov tizimi, ta'bir joiz bo'lsa, barqaror ravishda takomillashib, rivojlanib boradigan “tirik organizmdir”. So'nggi yillarda O'zbekistondagi yangi siyosiy yo'l tufayli saylov tizimi izchil takomillashtirib borilganligi natijasida barcha demokratik andazalarga javob beradigan zamonaviy milliy saylov tizimiga asos solindi. Ushbu saylov tizimidagi ulkan siyosiy salohiyatning ishga solinishi obod va farovon, erkin jamiyatni barpo etish uchun demokratik mexanizmlardan yanada to'laqonli foydalanishga xizmat qiladi.

Bir so'z bilan aytganda, mamlakatimizda o'tkazilayotgan saylov barchamiz uchun jiddiy imtihondir. Bu saylov fuqarolarimizning ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni baholashdagi talabchanligi oshib borayotgan bir vaqtda o'tmoqda. Shu sababli ham bo'lajak saylov siyosiy yetukligimiz, demokratiya va saylov erkinligiga bo'lgan sadoqatimiz sinovidir. Ishonchimiz komilki, mamlakatimiz, xalqimiz bu imtihondan ham sharaf bilan o'tib, Yangi O'zbekistonni barpo etish, beqiyos Vatanimizning har bir fuqarosiga g'amxo'rlik ko'rsatish, uning munosib yashashini ta'minlash borasida boshlangan yo'lda ishonch bilan davom etadi.

Nuriddinjon ISMOILOV,

O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi Spikeri.

(O'zA)

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 14 =