Shoir orzu qilgan yo'l

O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Azim Suyun o'zi tug'ilib o'sgan maskan — Nakurt qishlog'ini g'oyat sevar va qadrlar edi. Uning go'zal tabiati, oliyjanob va mard insonlari haqida ko'plab she'rlar yozgan. U ona qishlog'ining   go'zal, obod, yo'li ravon bo'lishini doim orzu qilardi va buning uchun qo'lidan kelgan barcha ishni qilardi. Chunonchi, o'tgan asrning 90- yillarida   Nakurt qishlog'iga boradigan yo'lni ta'mirlash, bir qismiga asfalt yotqizish yuzasidan soha mutasaddilari va viloyat hokimlariga bir necha bor murojaat qilganiga shaxsan guvoh bo'lganman.

 

O'sha kezlarda Azim Suyun mamlakatimizdagi yetakchi matbuot nashri “O'zbekiston ovozi” gazetasining bosh muharriri, Oliy Kengash deputati edi, binobarin uning so'zi inobatsiz qolmasdi. Viloyat hokimining buyrug'iga ko'ra,   18 kilometr uzunlikdagi   qishloq yo'lini ta'mirlash va asfalt yotqizish ishlari jadal boshlandi. Biroq viloyat hokimi ishdan olindi-yu, Nakurt yo'lining qurilishi ham taqa- taq to'xtadi. U paytda hokimlar bamisoli qo'lqopdek tez-tez almashtirilar va biri boshlagan ishni ikkinchisi davom ettirmas edi. Shu boisdan boshlangan ishlar o'lda-jo'lda qolib ketaverardi.

Yo'l har qanday maskan uchun muhim ahamiyatga ega. Yo'li abgor manzilga mehmon ham og'rinib boradi. Binobarin, Nakurtga Azim Suyunning ko'plab do'stlari, ustozlari — taniqli shoir va yozuvchilar, san'atkorlar,   ijodkorlar tashrif buyurishgan. Xususan, mashhur shoirlar, O'zbekiston Qahramonlari Erkin Vohidov va Abdulla Oripovlarning dilkash suhbatlari nakurtliklar xotirasida muhrlanib qolgan.   Poytaxtda yashovchi shoir ona qishlog'iga kelar   ekan, har gal Nakurtning o'ydim-chuqur yo'lidan ozorlanib, ko'ngli ranjib, aziz mehmonlar oldida xijolat tortib qaytardi. Mana shu noxush taassurot uni yana bir bor viloyat rahbari huzuriga   yetakladi. Yangi rahbar ham yo'lni tuzatish, uni dasturga kiritish yuzasidan quyuq va'dalar berdi. Biroq u ham hokimlik kursisida uzoq o'tirmadi… Shu tariqa Nakurt yo'liga baxt kulib boqmadi, shoirning barcha sa'y-harakatlari zoe ketdi.

Yaqinda do'stlar bilan diydorlashish maqsadida Nakurtga bordim. Marjonbuloq—Zarmitan yo'lidan shoirning qishlog'i tomon burilar ekanman, yangi asfalt yotqizilgan, kaftdek tekis, oynaday ravon yo'lni ko'rib ko'nglim yorishib ketdi. Axir, bu– shoir Azim Suyun orzu qilgan yo'l-ku!

Ma'lum bo'lishicha, yo'lsozlarning nazari nihoyat Nakurtga ham yetib kelibdi. Samarqand viloyati hokimining farmoyishiga ko'ra, byujetdan 1 milliard 400 million so'm mablag' ajratilibdi. Pay­ariq tuman yo'llardan foydalanish unitar korxonasi jamoasi esa juda uzoq kutilgan ishni juda qisqa muddatda amalga oshirib, Nakurt yo'lining asosiy qismini ta'mirdan chiqaribdi.

— Ob-havo soviy boshlagani sababli yo'lning ozroq qismi chala qoldi, — dedi Payariq tuman yo'llardan foydalanish unitar korxonasi bosh muhandisi Shuhrat Ro'ziqulov xijolat tortib, — Xudo xohlasa, birinchi imkon tug'ilishi bilan uni ham poyoniga yetkazamiz.

Orzular bir kunmas bir kun amalga oshar ekan. Shoir Azim Suyunning ham orzusi ro'yobga chiqdi, faqat buni shoirning o'zi ko'rmagani biz uchun armon bo'lib qoldi.

Norbobo ShAKAROV,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen − 11 =