O'zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasining murojaati

Aziz hamkasblar! Qadrli ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar!

Barchamizga ma'lumki, yurtimiz bo'ylab yashil maydonlarni kengaytirishga, xonadonlar va mahallalar obodligini ta'minlashga, ko'chalarimiz ko'rkiga-ko'rk qo'shishga kirishilgani, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilning 2 noyabridan 10 dekabriga qadar daraxt ekish bo'yicha “Dolzarb 40 kunlik” e'lon qilingani zamirida xalqimizga xos ezgu fazilatlar mujassam bo'lib, shahar, tuman markazlari hamda aholi punktlarida “Yashil makon” umummilliy loyi­hasi doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko'chatini ekish, shaharlardagi yashil maydonlarni amaldagi 8 foizdan 30 foizga oshirish nazarda tutilgani e'tirofga loyiq ezgu amaldir.

Go'zal diyorimizda daraxtzorlarni yanada ko'paytirish va tevarak-atrofni ko'kalamzorlashtirish, bog'-rog'lar barpo qilish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda xalqimiz o'zining ahilligini, birgalikda nimalarga qodirligini namoyon etishiga shubha yo'q, albatta.

Xabaringiz bor, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi “Yashil makon” umummilliy loyihasiga munosib hissa qo'shish maqsadida “Jurnalistlar bog'i”ni yaratish tashabbusi bilan chiqdi. Bu tashabbus qator ommaviy axborot vositalarida faoliyat olib borayotgan hamkasblarimiz va Toshkent shahar hokimligi tomonidan qo'llab-quvvatlandi. Joriy yilning 14 noyabr kuni Toshkent shahridagi “Bog'ishamol” ko'chasi bo'ylab ko'chat ekish tadbiri uyushqoqlik bilan o'tkazildi. Uyushmamiz nomidan ushbu aksiyada faol ishtirok etgan barcha tahririyatlar vakillariga, jurnalistlar va tasvirchilarga, oliy ta'lim dargohlari professor-o'qituvchilariga, talaba-yoshlarga samimiy minnatdorlik bildiramiz. Albatta, biz ko'chat ekish bilangina cheklanib qolmay, yurtimiz bo'ylab ekilayotgan ana shu ko'chatlarning unib-o'sishi, parvarish qilinishini ham doimiy e'tiborimizdan chetda qoldirmasligimiz talab etiladi.

Unutmaylik, “Dolzarb 40 kunlik” ak­siyasini o'tkazish orqali hovli-joylar, ko'p qavatli uylar atrofi, avtomobil yo'llari bo'yi, mahallalar, ko'chalar, xiyobonlar, ijtimoiy soha va turizm ob'yekt­lariga daraxt ko'chatlari ekish, bir so'z bilan aytganda, yashil hududlar barpo etilishi, bog'lar, daraxtzorlar kengaytirilishi o'zimiz yashayotgan muhit ko'rkiga-ko'rk bag'ishlashi barobarida ekologik muvozanatning yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Aziz do'stlar!

“Jamiyatimiz ko'zgusi”, deya ta'riflanadigan matbuot xodimlari el-yurtga naf keltiradigan jamoat ishlarida hamisha peshqadamlar safida bo'lib kelgan. Mamlakatimizda daraxtlar kesilishiga moratoriy joriy qilinishi uchun ham siz aziz jurnalist — hamkasblarimiz jonbozlik ko'rsatdingiz. Zero, bugun ekilgan nihol ertaga katta daraxtga aylanishini, uning soyasi-yu mevasidan katta-yu kichik birdek bahramand bo'lishini unutmaylik!

Bugungi kunda yurtimizda nafaqat OAVlari balki adabiyot va san'at, ma'naviyat sohasida faoliyat olib borayotgan yurtdoshlarimizni ham hisobga olsak, 200-300 ming kishilik jamoa bo'ladi. Agar ular atigi ikki tupdan daraxt ko'chati o'tqazganda ham qanchadan-qancha maydon yashil hududga, bog'-rog'ga aylanadi.

Hurmatli ommaviy axborot vositalari xodimlari!

Yaxshi bilasiz, bugun nafaqat yurtimizda balki butun dunyoda dolzarb muammoga aylangan turli ekologik muammolarning bartaraf etilishida aynan “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi katta ahamiyatga ega. Chunki birinchi navbatda mazkur loyiha kelajagimiz egalari bo'lgan yoshlarning qalbida tabiatga mehr-muhabbat hissini yuksaltirish, aholi orasida ekologik madaniyatni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Qolaversa, bu sa'y-harakatlar ona zamin musaffoligini asrash, atrof-muhitni avaylash hamda   barchamizning toza havodan nafas olishimiz uchun xizmat qiladi. Bu esa hammamizning kelajak avlodlar oldidagi muhim vazifalarimizdan biridir. Shunday ekan, yurtimizda yashil maydonlarni ko'paytirish, dov-daraxtlarni asrash, parvarish qilish faqatgina obodonlashtirish tashkilotlarining yumushi bo'lib qolmay, hammamizning, kerak bo'lsa,   kasbi koridan qat'i nazar butun xalqimizning burchiga, vazifasiga aylanishi zarur. Ana shu ezgu g'oyani targ'ib-tashviq qilish yo'lida siz aziz hamkasblarimizni doimo faol bo'lishga chaqiramiz!

Buning uchun esa, avvalo, har birimiz o'zimiz yashayotgan shahar, mahalla, ko'chamiz obodligi, ko'rkiga munosib hissa qo'shib, fuqarolik burchimizni ado etaylik!

Barcha ijodkorlarni “Yashil makon” umummilliy loyihasini umumxalq harakatiga aylantirish yo'lida jonbozlik ko'rsatishga chorlaymiz!

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 × 2 =