Sayohat, ziyorat, muloqot

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tizimidagi gazetalar tahririyatlarida xayrli an'ana bor. Gazeta jurnalistlari muntazam ravishda yurtimizning qadimiy va go'zal shaharlariga jamoaviy sayohatga chiqadilar, ijodiy faolligini oshirib keladilar.

O'zbekiston   Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Toshkent shahar bo'limi, “Ishonch” va “Ishonch – Doverie” gazetalari tahririyati xodimlari va ijodkorlarning navbatdagi safari buyuk tamaddunlarga beshik bo'lgan, dunyo tan olgan mashhur daholarni yetishtirgan Xorazm vohasiga uyushtirildi.

Qadimiy inshootlari bilan dunyo sayyohlarini ham o'ziga jalb qilayotgan tarixiy maskan Xiva shahridamiz. Xorazm moddiy-madaniyatining ajralmas qismi hisoblangan, go'zal va jozibador me'moriy obidalarga boy Xiva shahriga kelgan hamrohlarimiz hayratlarini yashira olmadi.

Ko'hna Xorazm zaminida jahon fani va madaniyati rivojiga munosib hissa qo'shgan ko'plab allomalar yetishib chiqqan. Buyuk matematik va astronom, geograf Muhammad al-Xorazmiy, jahon ilm-fani, madaniyatiga benazir hissa qo'shgan buyuk iste'dod sohibi, aql va ma'rifatning timsoli Abu Rayhon Beruniy, arab grammatikasi, adabiyot, geografiya, tafsir, hadis va fiqhga oid mashhur asarlar muallifi Mahmud Zamahshariy ham shu yurt farzandidirlar. Jurnalistlar Xorazm allomalari sharafiga bunyod etilgan majmualar bilan   tanishib,ko'p­lab qimmatli ma'lumotlarga ega bo'ldilar.

Sayohatimiz va ziyoratimiz ijodiy muloqotlarga, o'zaro ahdlashuvlarga ulanib ketdi. Xabaringiz bor, bundan bir muddat avval “Ishonch” va “Ishonch – Doverie” gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov O'zbekiston   Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Toshkent shahar bo'limi raisligiga saylangandi. Ijodiy uyushmaning rahbariyati va kengashi a'zolaridan iborat bir guruh jurnalistlar Xorazm viloyati teleradiokompaniyasi majlislar zalida O'zbekis­ton Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Toshkent shahar bo'limi va Xorazm viloyati bo'limi o'rtasidagi hamkorlik memorandumi imzolanishiga bag'ish­langan tadbirda ishtirok etdilar.

Shuningdek, “Ishonch” – “Ishonch – Doverie” va “Xorazm haqiqati” va “Xorazemskaya pravda” gazetalari tahririyatlari o'rtasida kelgusida ijodiy hamkorlik qilish bo'yicha memorandumga ham imzo qo'yildi. Har ikki jamoa a'zolarining ijodiy muloqoti davomida o'zaro hamkorlik O'zbekiston jurnalistikasi, bosma ommaviy axborot vositalari rivojiga munosib hissa qo'shishiga ishonch bildirildi.

– To'g'risi, bosma ommaviy axborot vositalari, xususan, gazetalarning yaqin kelajakdagi taqdiri qanday bo'lishini oldindan bashorat qila olmaymiz, – dedi Husan Ermatov. – Axborot texnolo­giyalari shiddat bilan hayotimizga kirib kelayotgan, internet jurnalistikasi rivojlanayotgan bugungi kunda ham bosma ommaviy axborot vositalarining, asosan, gazetalarning o'rni muhim.

Ammo, ayrim rahbarlarning gazetxonlik savodi yetishmayotgani, gazeta o'qimasligi va tanqidiy chiqish­larga o'z vaqtida xolis munosabat bildirmayotgani tashvishlidir. Turli sinov va qiyinchiliklarga duch kelayotgan murakkab davrda jurnalistlarning o'zaro hamkorligi va bir-birlarini qo'llab-quvvatlashlari katta ahamiyatga ega.

Gazetalarda ko'tarilayotgan muammolarni bartaraf etish choralarini ko'rish o'rniga yuzaki va rasmiyatchilik uchun javoblar yo'llashga odatlanayotgan bosh­qaruv idoralarining mas'ul rahbarlariga toqat qilib bo'lmaydi. Shu boisdan ham milliy jurnalistikamizda felyeton, tanqidiy-tahliliy maqolalar yozuvchi jurnalist va muxbirlar yil sayin kamayib borayotgani ham achchiq haqiqatdir.

Yangi O'zbekistonni barpo etishga qaratilgan islohotlar jarayonida ommaviy axborot vositalari sohasida ham tub o'zgarishlarga erishish, xolislik va haqqoniylik prinsiplariga, qonun talablariga amal qilish oldimizda dolzarb masala bo'lib turibdi. Demokratik yangilanish jarayonlarini chuqurlashtirishda,bosma ommaviy axborot vositalari faoliyati samaradorligini yanada oshirishda ijodiy uyushmalar bo'limlari, tahririyatlar o'rtasidagi bunday amaliy hamkorlik o'z mevalarini beradi deb umid qilamiz.

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

O'zbekiston Jurnalistlari

ijodiy uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twenty + 14 =