“Matbuot uyi” sotilmaydigan bo'ldi!
Kecha Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov bir guruh bosma nashrlar bosh muharrirlari bilan uchrashdi. Unda bosma matbuot — gazeta va jurnallar faoliyatiga oid muammolar, yangi takliflar muhokama qilindi.
Shuningdek, Sherzod Asadov “Matbuot uyi” nomi bilan ma'lum bo'lgan va hozirda sotuvga qo'yilgan bino uzil-kesil sotuvdan olingani hamda bino kelgusida ommaviy axborot vositalari, jumladan, bosma nashrlarga qoldirilishini ma'lum qildi.
So'nggi yillarda poytaxtimizning Matbuotchilar ko'chasi 32-da joylashgan “Matbuot uyi”ning sotuvga qo'yilishi jurnalistlar orasida hamisha salbiy kutib olingani va doimiy tanqidiy chiqishlarga sabab bo'layotgani sir emas.
Sherzod Asadovning ma'lum qilishicha, mazkur masala Prezidentimiz tomonidan nazoratga olingan va ushbu bino zamonaviy talablar asosida qayta quriladi hamda ommaviy axborot vositalari, shuningdek, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi foydalanishi uchun topshiriladi.
Bundan tashqari OAVlari, bosma nashrlar hamda Jurnalistlar ijodiy uyushmasi faoliyatini qo'llab-quvvatlash bo'yicha maxsus qaror loyihasi tayyorlanayotgani ma'lum qilindi.
Ochig'i, bu yorug' mujda nafaqat poytaxtimizda faoliyat olib borayotgan jurnalistlarni, balki respublikamizdagi minglab OAV vakillarini mamnun etdi. Bunga ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan ijobiy fikrlar, hatto tahririyatimizga bo'layotgan ketma-ket qutlovli qo'ng'iroqlar ham misol desak, mubolag'a bo'lmas.
Ha, Prezidentimizning matbuot va ommaviy axborot vositalariga ko'rsatayotgan doimiy e'tibori, g'amxo'rligi yurtimiz ijod ahlini ruhlantirib kelmoqda.
O'z muxbirimiz.