Futbol maydoni sotilmaydigan bo'ldi

Mashhur futbolchi Odil Hamrobekov tug'ilib o'sgan Namangan tumani, Sho'rqo'rg'on qishlog'ida kuni kecha navbatdagi yangilik tarqaldi. Xo'sh, gapni avval voqeaning negizidan boshlaylik. “Chek” mahallasida butun qishloq ahli futbol o'ynaydigan katta maydon bor. Nomdor futbolchi ham shu yerda to'p tepib katta bo'lgan, tanilgan. U bilan nafaqat Sho'rqo'rg'onimiz, tumanimiz, viloyatimiz, O'zbekistonimiz faxrlanadi.

Xullas, kadastr bo'limining shoshma-shosharligi tufayli bo'sh turgan joy sifatida shu stadionning ko'p qismi, atrofi tenderda sotilib ketdi. To'p o'ynashga torgina hudud ajratilgandi, xolos. Axir tomoshabinlar uchun, ki­yinish, yuvinish xonalari kadastr lo­yiha-hujjatlarida nazarda tutilishi kerak edi-ku? Bu masala yuzasidan mas­'­­­ul idoralarga murojaat yo'llandi. Hatto Namangan tuman hokimi shaxsan kelib, futbol maydoni sotilmasligini, da'vogarlarga boshqa yer tavsiya qilinishini tushuntirgandi. Ammo… ancha fursat hech qanday o'zgarish yo'q edi. Biz esa farzandlarimizning sport bilan shug'ullanadigan sevimli maskanidan o'zga maqsadlarda foydalanishlaridan xavotirda yurgandik.

Shu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda takroran yoritilaverdi. Futbol o'yingohi auksion savdosida tadbirkorlarga sotib yuborilganligi aks etgan video-lavhalar turli bahslarga sabab bo'ldi. Va nihoyat, futbolning chinakam ishqibozi va homiysi — viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov vaziyatdan xabar topib, muammoni bartaraf qilish uchun tuman hokimi Sadriddin Mo'minov, viloyat turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Anvarjon To'ychiyev hamda daxldor tashkilot rahbarlaridan iborat ishchi guruhni mazkur hududga jo'natdi.

Mas'ullar munozarali jarayonni joyiga borib o'rganishdi. Bir guruh qish­loq ahli hamda auksion g'olibligini qo'lga kiritgan tadbirkorlar va yosh sportchilar bilan yuzma yuz uchrashib, ular bilan suhbatlashishdi. Faxriylar va murojaatchilarning fikrini eshitishdi. Yashil maydonga yig'ilgan aholi vakillari bilan kechgan qizg'in muhokamalardan so'ng amaliy xulosa ma'lum qilindi.

Sho'rqo'rg'onliklarni qiynayotgan masala yechimiga quyidagicha uzil-kesil nuqta qo'yildi: auksion orqali sotib olingan yer maydonlariga sarflangan xarajatlar tadbirkorlarga belgilangan tartibda qaytarilishi yoki auksion orqali boshqa hududdan yer maydoni ajratish bo'yicha aniq kelishib olindi. Shuningdek, futbol o'yingohi va atrofini yanada obodonlashtirish, ko'kalamzorlashtirish, faoliyatini jonlantirish, yoshlarni sport bilan muntazam shug'ullanishlariga doir o'rinli takliflar, topshiriqlar ijrosi ta'minlanishi alohida ta'kidlandi.

Ana shunaqa gaplar, kenggina futbol o'yingohi kelajagimiz bunyodkorlari foydasiga saqlanib qoldi. Yoshi ulug'larimiz mutasaddilardan rozi ekanlik­larini bildirib, uzoq duo qilishdi.

Orifjon JO'RAYEV,

sho'rqo'rg'onlik jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

2 + twelve =