Tabib o'z oyog'i bilan keldi

Mushtariylarimizdan xatlar

 

Bizning Oqqo'rg'on tumanida joylashgan “Suvti” va “Qo'shdavlat ota” mahallalarini bir-biriga bog'lab turuvchi ko'prik bir necha yillar oldin yaroqsiz ahvolga kelib qolgandi. Shuningdek, ko'prik transport vositalari qatnovi uchun ham xavfli edi. Agarda mahallamizga birorta og'ir yuk ortilgan mashinami, texnikami keladigan bo'lsa qo'shni qishloq tomondan 3 km. yo'l bosib, chang, loy ko'chalar orqali kelishga majbur edi.

Tabiiyki, bu barcha uchun noqulay edi. Ko'prikni ta'mirlash ishlarida amaliy yordam berish uchun mahalla faollari, nuroniylar bir necha marta yuqori tashkilotlarga murojaat bilan chiqdik. Xatlar yozdik. Afsuski, “Ko'ramiz”, “Yordam qilamiz” degan javob xatidan boshqa natijani ko'rmadik.

Noiloj, “Qo'shdavlat ota” MFYda istiqomat qiluvchi yuz nafar xo'jaliklar maslahatni bir joyga qo'yib o'n besh million so'm mablag' yig'ishdi. Ko'prikni o'zlari hashar yo'li bilan ta'mirlashga kirishdi. Biroq ko'zlangan maqsadgi erisha olishmadi. Ish chala qoldi. “Endi nima qilamiz, kimdan yordam so'raymiz, yoki yana pul yig'amizmi” degan savollar bilan ancha boshimiz qotdi.

“Bemorning tuzalgisi kelsa, tabib o'z oyog'i bilan keladi” deganlaridek, bir kuni tumanimiz davlat soliq inspek­siyasi rahbari Bekzod Shomirzayev mahallada yashayotgan aholi bilan muloqot qilish, ularning muammolari bilan yaqindan tanishish uchun kelib qoldi. Buni qarangki, u kishining yo'li ham aynan buzuq ko'prik tomon tushdi va uni yayov bosib o'tishga to'g'ri keldi. Mazkur holatni o'z ko'zi bilan ko'rganidan so'ng, tez orada ko'prikni to'liq ta'mirlab berish bo'yicha va'da berdi. Amaliy yordam bo'yicha esa mas'ullarga topshiriqlarni birma-bir sanab o'tdi.

Bunday xushxabar esa “Mahallada duv-duv gap bo'ldi”. Uning ovozasi qishloq ahlini quvontirib yubordi. Mahallamizning mehnatkash yigitlari ta'minlash ishlariga “Labbay”, deya qo'l-qanot bo'lishdi.

Olti yildan buyon hal bo'lmayotgan muammo o'n ikki kun deganda to'liq bartaraf etildi. “Ko'pdan quyon qochib qutulmas” deb shuni aytsalar kerak-da. Ikki qishloqni bir-biriga bog'lab turuvchi ko'prik to'liq ta'mirdan chiqib, foydalanishga topshirildi.

Ko'prikning ramziy “ochilish”ida qatnashgan nuroniylar, faollar qo'llarini duoga ochishib, xayrli ishning boshida turgan mas'ullarning xalq bilan hamnafaslik, inson qadri yo'lida amalga oshirayotgan ishlarida kuch-quvvat tilashdi.

Pardaboy ERGAShEV,

Oqqo'rg'on tumani, “Suvti” MFY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fourteen + 10 =