To'xtang! Toshkentga Markaziy park kerak!

Oliy Majlis Senati, Qurilish vazirligi, Toshkent shahar hokimligi diqqatiga!

 

Bu (suratdagi tah.) Nyu-Yorkdagi Markaziy park. Tashkil etilganiga 160 yildan oshgan. Bu park dunyodagi eng qudratli mamlakatning eng mashhur qismida – Manxettenda joylashgan.

Mazkur shaharda bir qarich yer oltindan ham qimmat. Unga manaman degan boylar investitsiya kiritishga, qurilish qilishga tayyor. Lekin shuncha yilki, ushbu park o'z holicha saqlab qolingan. Qancha mer­lar, qancha qurilish vazirlari kelib ketgan, park esa barhayot.

 

Bu esa Toshkentdagi Milliy bog'. Uning tashkil etilganiga juda ko'p bo'lgani yo'q. Lekin boriyam yo'q bo'lib ketayapti. Avval birovi kelib “City Makon” qurdi, boshqasi “Discovery Invest” qildi. Taekvondo federa­siyasi, mehmonxona shu yerga tiqildi. Ko'l quritilib, daraxtlar kesilib, “Magic City” qurildi.

Endi nima emish: bog' hududida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, kutubxona, teatr va san'at muzeyi qurilarmish.

Boshqa joyda qurish uchun bosh qotirish, ishlash kerak-da, a?! Prezident taklif ber desa, shartta bog'ning bir chekkasini ko'rsatasizlar.

Iltimos sizlardan, shu parklarga tegmaylik. Amerikaliklar bundan 200 yil oldin tushunib yetgan narsani biz hech bo'lmasa endi qilaylik. Milliy bog'nimi yo boshqasinimi tanlab olib, betonlardan, attraksionlardan holi boqqa aylantiraylik. Mayli, “bir million tup ko'chat” ekmanglar, borini asrab qolinglar, baraka topgurlar.

PS: keyingi yil Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritiladi, deyishyapti. Shu asnoda bog'larni asrashni, unda qurilish qilib bo'lmasligini ham konstitutsiyaviy belgilab qo'yish kerak, deb o'ylaymiz.

Manba: Platforma.uz

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nineteen + eight =