Ezgu niyatlar yor bo'lsa…

So'nggi besh yil ichida Markaziy Osiyo muhiti butkul o'zgardi. O'zbekis­ton Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan yaxshi qo'shnichilik tamoyili, qator tashabbus va izchil amaliy qadamlar nafaqat mintaqaviy barqarorlik muhitini yaratdi, balki respublikalararo iqtisodiy-savdo aloqalarni yangi pog'onaga ko'tardi. Gumanitar sohada esa yanada olamshumul ishlar amalga oshirildi, qon-qarindoshlar diydoriga mushtoq insonlarga darvozalar ochildi, bir-birlarini yillar davomida ko'rmaganlar diydorlashdilar, chegaralar ko'ngillarimiz kabi bir-birimizga ochildi. Shuningdek, samolyot va avtobuslar qatnovi yo'lga qo'yildi. Bu tarixiy o'zgarishlar adabiyot, san'at va jurnalistika sohasinida chetlab o'tmadi…

Bu borada O'zbekiston va Tojikis­ton Respublikalari orasidagi yangicha do'stona va qo'shnichilik munosabatlardan ko'p-ko'p misollar keltirish mumkin. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlari kunlari o'zbek jurnalistlari bir qator xorijiy davlatlardagidek, Tojikistonda ham o'zbekistonlik fuqarolar ushbu muhim siyosiy jarayonda faol ishtirokidan muntazam reportajlar   tayyorlab efirga uzatishdi. O'nlab nafar tojik jurnalistlari O'zbekistonga tashrif buyurib, mamlakatimizning turistik imkoniyatlariga oid materiallar tayyorlashdi va hokazo.

Endilikda jurnalistika sohasidagi hamkorlik rishtalarimiz yanada mustahkamlanadi. Ezgu mujda, 5 may kuni O'zbekiston Milliy matbuot markazida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Tojikiston Jurnalistlari ittifoqi o'rtasida   hamkorlik memorandumi imzolandi.

Memorandumning asosiy maqsadi do'stona munosabatlarni yanada mus­tahkamlash va o'zaro tajriba almashish uchun jurnalistlar delegatsiyalarini uyushtirish va pirovardida jurnalistika sohasida amaliy taj­ribalar almashilib, birgalikda xalqaro konferensiyalar va matbuot anjumanlari o'tkazish, press-turlar tashkil etiladi. O'zaro kelishilgan ish rejasiga muvofiq har ikki tomonning yirik tadbirlari, mediaforumlar uyushtiriladi.

Ikki tomondan jurnalistlar malakasini oshirish va xodimlarni qayta tayyorlashda hamkorlik qilish, o'tkaziladigan o'quv seminarlarida qatnashish uchun tajribali jurnalist va ekspertlarni o'zaro qo'llab-quvvatlash nazarda tutilmoqda.

Taassurotlarga boy bo'lgan memorandum imzolanishi doirasida hamkasblar ikki davlat o'rtasidagi do's­tona aloqalar bardavom bo'lishini, o'zaro hamkorlikdan ezgu ishlarni kutishayotganliklarini ta'kidlashdi.

—Eng muhimi esa mazkur memorandum tomonlarga jurnalistlardan tarkib topgan delegatsiyalarini bir yilda kamida bir marta hamkor tomon mamlakatiga ijodiy safarlarini uyushtirishni nazarda tutadi,—deydi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov.—Tajriba almashishga qaratilgan bunday tashriflardan mamlakatlar hamkorlik aloqalarining rivojlanishi, ikki davlat rahbarlari kelishuvi asosida amalga oshirilayotgan ishlar samaralari bilan tanishish va o'z yurti ommaviy axborot vositalarida bu haqda yoritish kabi maqsadlar ko'zda tutilgan.

O'zaro hamkorlik ikki davlatning ommaviy axborot vositalari orasidagi munosabatlarini yanada yuksaltirishga zamin yaratishi shubhasiz.

Memorandum imzolanishi marosimidan avval esa ko'p sonli qalam ahli va tojikistonlik mehmonlar huzurida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O'sarov o'zbek jurnalistikasining bugungi holati va vazifalari xususida to'xtalib o'tar ekan, kasbdoshlarimiz uchun O'zbekiston rahbari   tomonidan so'z erkinligi uchun yaratilgan imkoniyatlarni ta'kidlab o'tdi. Kuni kecha 16- marotaba shukuhbaxsh muhitda o'tkazilgan “Oltin qalam” tanlovi ham bu g'amxo'rlikdan dalolat beradi. Aytish joizki, ikki yildan buyon bu nufuzli tanlovda tojikistonlik hamkasblarimiz ham faol qatnashib, mukofotlarga munosib deb topilmoqdalar.

Tojikiston Respublikasining O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda bu kunlarga ikki davlat rahbarlari Emomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyevlarning oqilona siyosati, siyosiy shijoat va irodalari sharofati o'laroq muyassar bo'lganliklarimiz albatta jurnalistlarga katta imkoniyatlar eshigini ochganini ta'kidladi va bu borada qo'lga kiritilgan bir qator muvaffaqiyatlarni mamnuniyat bilan tilga oldi. U O'zbekistonda qator viloyatlarga safar qilgan chog'ida tojikzabon aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishganini alohida tilga oldi.

Ha, ikki davlat rahbarlarining ezgu niyatlari yor bo'lsa, xalqlarimiz yanada jipslashadi, mushtarak maqsadlar sari intiladi.

Bu haqiqatni Tojikiston Jurnalistlari ittifoqi raisi Zinatullo Ismoilzoda ham o'z so'zida mamnuniyat bilan ta'kidlar ekan, imzolangan hamkorlik memorandumi nafaqat jurnalistlarimizning bordi-keldisi uchun, balki tajriba almashish, kadrlar tayyorlash, malaka oshirish kabi jihatlarni ham qamrab olishini qayd etdi. Keyingi yil “Oltin qalam” tanlovi uchun Tojikiston tomoni ham o'z nominatsiyasini taklif qilishini aytdi.

Do'stona va ijodiy muhitda o'tgan muloqot nihoyasida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi O.O'sarov bir qator tojikistonlik va O'zbekistonda yashab ijod qilayotgan jurnalistlarga, jumladan, “Oltin qalam” tanlovida “Chet ellik jurnalistning O'zbekiston haqidagi eng yaxshi material uchun” nominatsiyasi g'olibi ( 2-o'rin) O'rinboy Usmonga O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a'zolik guvohnomasi va ko'krak nishonini topshirdi.

Ha, O'zbekiston — ochiq mamlakat, ochiq mamlakatda so'z ham erkin, ochiq mamlakat hamkorlik uchun benazir maydon, bebaho imkoniyat. Yangi O'zbekiston yaxshi qo'shnichilik tamoyilini izchil hayotga tatbiq etar ekan, qardosh respublikalar jurnalistlari ham buni e'tirof etmoqdalar. Shunday ekan, ikki do'st, qardosh davlat ijod ahli ham ezgu hamkorlik yo'lida xizmat qilishda ko'ngillari ham ochiq.

Shoqahhor SALIMOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven + nine =