Do'st bo'lsang, yonimda tur! Xush omaded, do'stoni aziz!

Darhaqiqat, o'zbek va tojik xalqining azaliy do'stlik, qardoshlik rishtalari uzoq tarixga ega. Urf-odatlari, dini, hayotga qarashlari, ezgu maqsadlari bir-biriga yaqin, payvastadir.

Ma'lumki, O'zbekiston va Tojikiston davlat rahbarlarining siyosiy irodasi bilan ikki mamlakat o'rtasida o'zaro ishonch va do'stlik muhiti yaratildi va kundan-kun bu muhit mustahkamlanib bormoqda.

Bugun davlatlarimiz o'rtasida hal bo'lmagan masala qolmadi, o'zaro ishonch paydo bo'ldi.

Ikki davlat o'rtasidagi do'stona aloqalar so'nggi yillarda ijobiy tomonga o'zgarib, kundan-kunga yanada mustahkamlanib bormoqda.

Quvonchlisi, O'zbekiston va Tojikiston jurnalistlari o'rtasida ham ijodiy hamkorlik yo'lga qo'yilgani har ikkala mamlakatdagi OAVlarning bir-birlaridan tajriba almashishiga qo'l kelmoqda. Xususan, avval ham bu haqda hikoya qilganimizdek, shu yilning may oyida Toshkentda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon O'sarov va Tojikiston Jurnalistlar ittifoqi raisi Zinnatullo Ismoilzoda o'zaro hamkorlik memorandumini imzolagan edi. Shunga ko'ra shu yilning 12-16 oktyabr kunlari o'zbekis­tonlik bir guruh jurnalistlar Tojikiston Respublikasida ijodiy safarda bo'lib qaytishgani, olam-olam taassurotlarini yurtdoshlarimizga o'z chi­qishlari orqali yetkazishgan edi.

Albatta, tojikistonlik hamkasblarimizni biz ham kutayotgan edik. Mehmon bo'lish — yaxshi, mezbon bo'lish — yanada yaxshi! Ana shu tamoyilga ko'ra kecha yurtimizga bir guruh tojikistonlik jurnalistlar tashrif buyurdi.

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi O.O'sarov boshchiligida Tojikiston Jurnalistlar ittifoqi delegatsiyasi I.Karimov nomidagi Toshkent aeroportida kutib olindi. Ular Tojikiston teleradiokanallari rahbarlari, markaziy nashrlar bosh muharrirlari, Axborot xizmatlari vakillari hamda taniqli jurnalistlar guruhidan iborat.

Mehmonlar kechaning o'zida poytaxtimizdagi Amir Temur va Temuriylar davri tarixini o'rganuvchi, ajdodlarimizning boy moddiy va ma'naviy merosini o'zida mujassamlovchi va ilmiy tadqiq etib kelajak avlodga yetkazuvchi ob'yekt Temuriylar tarixi davlat muze­yiga tashrif buyurishdi.

Tashrif davomida delegatsiya a'zolari Temuriylar tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishdilar. Dastxatlar kitobiga o'zlarining tilaklarini yozib qoldirishdi.

Uchrashuv so'nggida muzey rahbariyati tomonidan mehmonlarga “Temuriylar tarixi davlat muzeyi durdonalari” katalogi sovg'a qilindi.

Shundan so'ng Tojikiston Jurnalistlar ittifoqi raisi Zinnatullo Ismoilzoda boshchiligidagi delegatsiya vakillari O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta'minlash qo'mitasi a'zolari bilan uchrashdi.

Suhbatda O'zbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o'rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlari har tomonlama rivojlanib borayotgani, turli darajalarda, shu jumladan, axborot almashinuvi yo'nalishida ham samarali muloqot va aloqalar faol davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tojikistonlik jurnalistlar bilan samimiy muloqot kech tushib qolganiga qaramay Milliy matbuot markazida davom etdi. Unda O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi O.O'sarov, “Yangi O'zbekiston” va “Pravda vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorov, “Ishonch” va “Ishonch-Doverie” gazetalari bosh muharriri Husan Ermatov, “Xabar” gazetasi va “Xabar.uz” internet nashri rahbari Abdig'ani Abdurahmonov hamda boshqa taniqli jurnalistlar mehmonlarni vatanimizga tashrifi bilan muborakbod etdi. Yurtimizda olib borilayotgan o'zgarishlar, islohotlar haqida so'zlab berildi. Har ikki mamlakat OAVlari o'rtasida ijodiy hamkorlikni yo'lga qo'yish yuzasidan taklif va mulohazalar o'rtaga tashlandi.

Tojikistonlik jurnalistlarning O'zbekiston Respublikasiga tashrifi dasturi juda tig'iz va mazmunli. Ular ertaga kunni poytaxtimizdagi Hazrati Imom maj­muasiga sayohat va ziyorat qilishgach, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga tashrif buyurishadi. Shundan so'ng “Kolorpak” MChJ matbaa korxonasi va “IT Park” majmuasi faoliyati bilan ham tanishadilar. Shubhasizki, mamlakatimizdagi teleradio kanallar, tahririyatlar, ijodiy jamoalarda bo'lishadi.

Aziz mehmonlar 25-27 noyabr kunlari Buxoro va Samarqandda bo'ladilar. Bu haqda gazetamizning kelgusi sonlarida batafsil hikoya qilinadi.

Ha, do'stlik va birodarlikda hikmat ko'p. “Do'st bo'lsang, yonimda tur!”, — deya bejiz aytishmagan. Tojikis­tonlik hamkasblarimizga “Xush omaded, do'stoni aziz” de­yishdan mamnunmiz.

O'z muxbirimiz.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + eighteen =