Kino: do'stlik va qardoshlik ko'prigi

Ozarbayjon Respublikasida “O'zbek kinosi kunlari” o'tkazildi

 

Bir asrdan ko'proq tarixga ega bo'lgan o'zbek kinosi so'nggi yillarda rivojlanishning yangi bosqichiga ko'tarildi. Buni milliy kinematografiya sohasidagi yangi o'zgarishlar misolida ham ko'rish mumkin. Xususan, Vatanimiz tarixi, buyuk ajdodlarimiz hayoti, Yangi O'zbekistondagi o'zgarishlar, xalqimizning bugungi kundagi quvonch va tashvishlari haqidagi filmlari soni va sifati ortmoqda.

 

Qardosh diyorga tashrif

Chorak asr avval to'xtab qolgan Toshkent xalqaro kinofestivali qayta tiklandi, dunyo miqyosida katta nufuzga ega bo'lgan Butunrossiya davlat kinematografiya instituti fi­liali ish boshladi. O'zbekiston kinematografiya agentligi tarkibidagi tuzilmalar bugungi kun talablari asosida qaytadan tashkil etildi. Xorijdan eng so'nggi rusumdagi texnikalar keltirilmoqda. O'zbek kino ustalari ishlagan filmlar xalqaro festivallarda yuqori o'rinlarni qo'lga kiritmoqda. Bu borada uzoq va yaqin o'lkalar kinoijodkorlari bilan hamkorlik aloqalari kengayib borayotgani, turli mamlakatlarda “O'zbek kinosi kunlari” yuqori saviyada o'tkazilayotgani, hamkorlikdagi kinoloyihalar suratga olinayotgani ham alohida ahamiyatga ega.

O'zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi va Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan joriy yilning 7-10 dekabr kunlari Boku shahrida “O'zbek kinosi kunlari” bo'lib o'tdi. Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov rahbarligidagi delegatsiya tarkibidan O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Lola Eltoyeva, kinorejissyorlar Rustam Sa'diyev, Eldor Mamedov, Dilmurod Ma­saidov, kinojurnalistlar Feruza Nodirova,   Shoira Raufboyeva va boshqalar o'rin oldi.

Asrlar sinovidan o'tgan do'stlik

Aytish joizki, dunyoda tili, urf-odatlari, madaniyati, hatto tashqi ko'rinishi jihatidan bir-biriga o'xshab ketadigan millat va elatlar ko'p. O'zbek va ozarbayjon xalqlarini ana shular qatoriga bemalol qo'sha olamiz.

Bu ikki buyuk xalqni asrlar mobaynida bir-biriga bog'lab kelgan rishtalar bisyor. Xalqlarimizning mushtarak yodgorligi hisob­lanmish “Avesto”, “Oshiq G'arib”, “Go'ro'g'li” singari qadimiy yodgorliklar azaliy qardoshlik, do'stlik va birodarlikning yorqin isbotidir. O'zbek maqomlari va Ozarbayjon mug'omlari orasidagi hamohanglik har ikki xalq o'rtasidagi yaqinlikni o'zida ifodalaydi. Nazm mulkining sultoni Hazrat Mir Alisher Navoiy buyuk Sharq mutafakkirlaridan biri Nizomiy Ganjaviyni o'z us­tozlaridan biri sifatida e'tirof etgan. O'z navbatida Muhammad Fuzuliy hazrat Navoiyning izdoshlaridan sanaladi. Shoh va shoir, Zahiriddin Muhammad Bobur va Shoh Ismoil Safaviy orasidagi do'stona munosabatlar ham tarixiy manbalarda o'z aksini topgan.

Quvonchlisi, O'zbekiston va Ozarbayjon davlat rahbarlarining o'zaro tashriflari, uchrashuvlari asnosida o'nlab hujjatlar imzolangan. Ayni paytda madaniyat, san'at, xususan, kinematografiya yo'nalishidagi hamkorligimiz ham rivojlanmoqda.

Qadrdon kinolar, tanish chehralar…

Ozarbayjon kinosining benazir namunalari kirib bormagan o'zbek xonadonini topish mushkul. Ozarbayjon kinoustalari tomonidan yaratilgan “Arshin mol-olon”, “Qaynona”, “Ahmad qaerda?” singari o'lmas filmlarni o'zbek tomoshabinlari bugun ham ayricha zavq-shavq ila tomosha qilishadi. “Tohir va Zuhra”, “Toshkent – non shahri”, “Sen yetim emassan”, “To'ylar muborak” kabi o'zbek kinoasarlari qardosh tomoshabinlar uchun ham qadrdon bo'lib qolgan.

Yaxshi bilamiz, Shukur Burxonov, O'lmas Alixo'jayev, Tamara Shokirova singari o'zbek aktyor va aktrisalari Ozarbayjon kartinalarida rol o'ynagan bo'lishsa, Rasim Balayev, Tariel Qosimov, Nasiba Zeynalova singari ozarbayjonlik san'atkorlar o'zbek filmlarida betakror obrazlar yaratishgan. Ikki davlat kinoustalari hamkorligida yaratilgan “Uchrashuv”, “Qizil poezd”, “Sherali va Oybarchin” badiiy filmlari minglab tomoshabinlar qalbidan joy olgan.

Shu yilning 7 noyabr kuni o'zbek kino­ijodkorlari Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Davlat kino fondiga tashrif buyurishdi. Fond rahbari Jamil Guliyev ikki mamlakat kino fondi ustalari hamkorligi uzoq tarixga ega ekanligi, so'nggi yillarda bu hamkorlik yanada chuqurlashib borayotganini qayd etdi.

— Men butun hayotimni kino san'atiga baxshida qilganman, – dedi Jamil Guliyev. – Fondimizda 20 dan ortiq mamlakat kino tarixi bilan bog'liq o'n minglab   foto va videomateriallar, qo'lyozmalar, rekvizitlar, hujjatlar saqlanmoqda. Ular orasida o'zbek kinosi tarixiga oid qimmatli tarixiy materiallar ham anchagina.

Darhaqiqat, bugungi Ozarbayjon davlat kino fondida o'zbek kino ustalari ijodiga mansub 48 ta film kinotasmalarda saqlanmoqda. Bundan tashqari o'zbek kinosining tarixiy onlari, buyuk san'atkorlarimizning yorqin siymolari aks etgan 3000 dan ortiq fotosuratlar mavjud. Jamil muallim suhbat asnosida Melis Abzalov, Yo'ldosh A'zamov, O'lmas Alixo'jayev, Shuhrat Abbosov bilan bog'liq xotiralarini so'zlab berarkan, ko'z-yoshlarini tutib turolmadi.

O'zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov samimiy qabul va mehmondo'stlik uchun minnatdorlik bildirib, hamkorlik uchun barcha imkoniyatlar safarbar qilinishini qayd etdi. Jamil muallimning o'zbek kinosining tarixiy merosini saqlashdagi fidoyiligi O'zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan munosib taqdirlanishini qayd etdi va Ozarbayjon davlat kino fondi rahbariga “O'zbekiston kino san'ati” kitob-albomini taqdim etdi.

Madaniy hamkorlik yanada rivojlanadi

Shu kuni o'zbekistonlik kinoijodkorlarni Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Anar Karimov qabul qildi.

O'zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki xalq o'rtasidagi madaniy aloqalar uzoq tarixga borib taqalishini qayd etdi.

— Keyingi yillarda O'zbekiston Respub­likasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tashabbuslari bilan mamlakatlarimiz o'rtasidagi madaniy aloqalar ham yangi bosqichga ko'tarilmoqda, — dedi Firdavs Abduxoliqov. — Jumladan, kinematografiya sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, birgalikda yangi loyihalarga qo'l urish, kino muxlislariga ajoyib tuhfalar hozirlash uchun birgalikda harakat qilishimiz lozim.

— Men bir necha bor   O'zbekistonda bo'lib, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz singari qadimiy shaharlar nafaqat O'zbekiston, balki Turk dunyosining madaniy markazlari ekaniga ishonch hosil qilganman, — dedi Anar Karimov. — Ikki mamlakatda milliy kino kunlarini o'tkazish yaxshi an'anaga aylangan. Bundan keyin ham kinoijodkorlarimiz o'rtasidagi madaniy hamkorlikni rivojlantirish, yangi-yangi loyihalarni hamkorlikda amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga tayyormiz.

O'zbekistonlik kinoijodkorlar ham vazir bilan muloqot davomida ikki xalq madaniy hamkorligini mustahkamlashga imkon qadar hissa qo'shishlarini bildirishdi.

Oqqan daryo oqmasdan qolmas…

Kechki payt Boku shahridagi Nizomiy nomli kino markazida O'zbekiston kinosi kunlarining ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekiston Kinematografiya agentligi delegatsiyasi, Ozarbayjon Madaniyat vazirligi, O'zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasi vakillari, kino ixlosmandlari ishtirok etishdi. Tadbirni O'zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov kirish so'zi bilan ochdi.

— Oqqan daryo oqaveradi, degan naql bor. Biz bu holatni keyingi yillarda o'zbek va ozarbayjon kinoustalari o'rtasida hamkorlik tobora rivojlanib borayotganida ham ko'rishimiz mumkin, — dedi O'zbekiston Kinematografiya agentligi rahbari F.Abduxoliqov. — So'nggi olti yilda bir necha bor O'zbekis­tonda Ozarbayjon, Ozarbayjonda O'zbekis­ton kinosi kunlari o'tkazildi. 2021 yilda O'zbekis­ton Respublikasi Prezidenti tashab­busi bilan qayta tiklangan “Ipak yo'li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalida ozarbayjonlik hamkasblarimiz faol ishtirok etib kelishmoqda. Ayni damda ikki davlat kino­ustalari hamkorligida bir qator yangi lo­yihalarni boshlaganmiz. Umid qilamizki, bu hamkorlik tez orada kutilgan samaralarni beradi.

Ochilish marosimida O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Lola Eltoyeva, o'zbekistonlik taniqli kinorejissyor Eldor Mamedov, Ozarbayjon davlat film fondi direktori Jamil Guliyev va boshqalar ikki mamlakat kino­ijodkorlari hamkorligi xususida to'xtalib o'tdilar.

Shundan so'ng tomoshabinlar e'tiboriga ikki xalq do'stligi haqida hikoya qiluvchi “Azaliy do'stlik va qardoshlik” deb nomlangan hujjatli film namoyish etildi.

Xo'ja Nasriddindan Tag'iyevgacha…

“O'zbek kinosi kunlari” doirasida ikki xalq kino ustalari hamkorligidagi kinoloyihalar bo'yicha ham fikr almashildi.

Ayni paytda o'zbek va ozarbayjon kinoustalari tomonidan “Xo'ja Nasriddin: og'ir kunlar hamrohi” badiiy filmini suratga olish bo'yicha muzokaralar davom etmoqda.

— Xabaringiz bor, joriy yilda Xo'ja Nas­riddin latifalari YuNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro'yxatiga kiritildi, — dedi ozarbayjonlik kinorejissyor Vagif Mustafayev. — O'zbek va ozarbayjon xalqlarining umumiy qahramoni bo'lgan Xo'ja Nasriddin haqida suratga olinadigan yangi film nafaqat bizning tomoshabinlarimiz, balki jahon kino muxlislari uchun ham munosib tuhfa bo'lishiga umid qilamiz.

9 dekabr kuni Boku media markazida ham o'zbekistonlik va ozarbayjonlik kinoijodkorlar uchrashuvi o'tkazildi. Mazkur uchrashuvda o'zaro hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Ozarbayjonlik yosh kinoijodkorlar “Ipak yo'li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtirok etishganini faxr bilan yodga olishdi. Ayni paytda ozarbayjonlik kino ustalari taniqli jamoat arbobi, bokulik san'at va madaniyat homiysi, yirik sanoat xodimi Hoji Zaynulobidin Tag'iyev haqida sakkiz qismli badiiy film yaratilayotgani, filmning ma'lum qismi O'zbekiston hududida suratga olinishini ma'lum qilishdi.

Hoji Zaynulobidin   Tag'iyev (1838-1924) Ozarbayjon tarixida katta mavqega ega bo'lgan tadbirkorlardan biri sanaladi. Uning tashabbusi bilan Ozarbayjonning turli hududlarida o'nlab yirik ishlab chiqarish korxonalari ochilgan, minglab kishilar ish bilan ta'minlangan, maktablar, ma'rifat markazlari, matbuot nashrlari tashkil qilingan. Hoji Zaynulobidin Tag'iyev Buxoro amirligi bilan doimiy   aloqada bo'lgan. Amir Abdulahadxon, Amir Olimxon va boshqa davlat arboblari Tag'iyev bilan tez-tez uchrashib turgan. Amir xonadoni vakillari Bokuda, Tag'iyevning xonadonida bir necha marotaba mehmonda bo'lishgan. Ayni paytda Tag'iyevning Ozarbayjon Davlat tarixi muzeyiga aylantirilgan shaxsiy saroyida Buxoro hukmdorlarining bir qancha esdalik sovg'alari saqlanadi.

O'zbekiston delegatsiyasi rahbari Firdavs Abduxoliqov Z.Tag'iyevning hayoti va faoliyati bugungi yosh avlod uchun namuna bo'la olishini, uning Buxoro amirligi bilan aloqalarini chuqurroq o'rganish, kino vositasida bu boradagi ma'lumotlarni tomoshabinlarga yetkazish lozimligini qayd etdi. Mazkur serialning ma'lum qismlarini   O'zbekistonda suratga olinishida zarur yordam ko'rsatilishi, serialni yaratishda o'zbek san'atkorlari ham bevosita ishtirok etishi mumkinligini ta'­kidladi.

“Bizga o'zbek filmlari manzur bo'ldi!”

Kino kunlari doirasida ozarbayjonlik kino muxlislariga rejissyorlar Dilmurod Masaidovning “Ayol qismati”, Yolqin To'ychiyevning “Faridaning 2000 qo'shig'i”, Rustam Sa'diyevning “Baron 2: Sog'inch”, Nurulla Narzullayevning “Maqsud Shayxzoda” singari badiiy va hujjatli filmlari namoyish etildi. E'tiborlisi, har bir namoyishda zallar tomoshabinlar bilan to'ldi. Namoyish tugamay turib, kinozalni tark etish hollari kuzatilmadi. Kinomuxlislar seanslardan so'ng o'z taassurotlari, hayajonlarini biz bilan baham ko'rishdi.

— “Ayol qismati” filmi menda ayricha taassurot qoldirdi, — dedi tomoshabinlardan biri, jurnalist Xolid Kazimli. – Filmda oddiy o'zbek ayoli taqdiri misolida asr fojiasi bo'lgan xalqaro terrorizmning mudhish qiyo­fasi ochib berilgan. Bunday holatlar afsuski bizning mamlakatimizda ham yuz berganidan xabarim bor. Ushbu film tomoshabinni, ayniqsa, yoshlarimizni, xotin-qizlarimizni mushohadaga, ogohlikka chorlaydi. Rejissyorning mahoratiga, topqirligiga qoyil qolmaslikning iloji yo'q.

Ha, “O'zbek kinosi kunlari” yorqin lahzalarga, yoqimli taassurotlarga boy bo'ldi. Ozarbayjonlik kino muxlislari bilan uchrashuvlar ham qizg'in va samimiy ruhda kechdi.

— Ozarbayjonga birinchi kelishim, — dey­di O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Lola Eltoyeva. – Ammo bu o'lkada o'zimizni xorijda emas, o'z Vatanimizda yurgandek his etdik. Har lahzada qardoshlarimizning mehrini, hurmat-ehtiromini his etib turdik. Har bir namoyish so'ngida ular biz bilan uzoq suhbatlashib, filmlarimiz ularga manzur bo'lganini bildirishdi, ijodiy faoliyatimiz bilan qiziqishdi. Umuman olganda, Bokuda kechgan kunlarimiz shaxsan men uchun bir umr esda qolarli xotiralarga boy bo'ldi.

“Bunda har yon guldir, chechakdir…”

Ayni paytda O'zbekiston madaniy merosini asrash, o'rganish va ommalashtirish bo'yicha Butunjahon jamiyati a'zolari ham Ozarbayjondagi kutubxonalar, muzeylar va ilmiy muassasalarda turli uchrashuvlar o'tkazildi. Shaharning diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalari bo'ylab sayohatlar ushtirildi.

Xususan, Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining Fuzuliy              nomidagi Qo'lyozmalar institutida bo'lib, bu yerda saqlanayotgan O'zbekiston madaniy merosiga oid qo'lyozmalar bilan ham tanishishdi. Bu yerda Alisher Navoiyning qator devonlari, “Boburnoma”ning XVII asrdagi qo'lyozmasi, Ibn Sino asarlarining nodir nusxalari, Abdulloh Hotifiyning “Temurnoma”si va boshqa durdonalar o'rin olgan.

Shuningdek, o'zbekistonlik mehmonlar Ozarbayjon tarixi davlat muzeyi, “Icheri shahar” yodgorlik majmuasi, Ozarbayjon davlat san'at muzeyi, Haydar Aliyev markazida ham bo'lishdi. Chindan ham Ozarbayjonda salkam bir hafta davom etgan “O'zbek kinosi kunlari” ikki davlat madaniy hayoti sahifalaridan munosib joy oldi, desak aslo mubolag'a bo'lmas.

Shohira HAMRO

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × one =