Zebiga maktub

Cho'lponning “Kecha va kunduz” romanini o'qib ta'sirlanmagan kitobxon bo'lmasa kerak. Asarni birinchi marta o'qiganimda men ham Zebi qatori qizcha edim chamamda. Kitobni o'qirkanman uning o'rniga o'zimni qo'yib ko'rar, kulsa kular, yig'lasa yig'lar edim. Men uchun Zebi badiiy asar qahramoni emas balki har bir zamonda nohaqlikdan qiynalgan yosh qizlar timsolidir. Afsuski, Zebi kabi achchiq qismat egalari hali-hanuz hayotimizda uchraydi…

Salom Zebijon! Nozik vujudingizni Sibir qahratonlari zirqiratmayabdimi? Hali bola bo'lishingizga qaramay ko'rmagan qiyinchilik­laringiz qolmadi chamamda… Siz do'st deb yurgan kundoshingiz Poshshaxonning hiyla-nayranglari tufayli shu balolar boshingizga tushganini bilasizmi? Yoki haliyam nima uchun jazolanayotganini bilmagan, Nozirlar aybsizligim uchun qo'yib yuboradi” degan umiddamisiz?

Ming afsuski, Zebijon bu dunyoning adolati faqatgina go'zal qizlarning ismida jaranglayapti xolos…

Zebi, xafa bo'lmang-u, bir gap aytaman. Siz otangizni norozi qilganingiz uchun shu tashvishlarga giriftor bo'lgandirsiz balki… O'sha mehmondorchilikka ketayotganingizda otangiz sizga “Ovozingni nomahramlarga eshittirsang sendan rozi­masman demaganmidi? To'g'ri, dugonalaringiz hol-joningizga qo'ymadi va bunday voqealar bo'lishi yetti uxlab tushingizga ham kirmagandir. Lekin hayot yo'lingizdagi barcha sargardonliklar birgina shu Ota noroziligidan so'ng boshlanmadimi? Balki qo'shiq aytmaganingizda Mingboshining nazariga tushmagan, kundosh nayranglariga uchramagan bo'lardingiz. Balki o'zingiz ko'ngil qo'ygan aravakash O'lmasga turmushga chiqardingiz…

Men sizning yosh umringizga juda achinaman. Hayotingizning eng gullagan davrini qandaydir razil insonlarning nayranglari tufayli sovuq o'lkalarda, erkaklar ham chidashi mushkul bo'lgan qiyinchiliklarda o'tkazyapsiz. Lekin hech qachon umidsizlikka tushmang. Bu kunlar hayotingizning qorong'u kechalari xolos. Hali siz uchun ham yorug' kunduzlar keladi. Hali dunyodagi eng baxtli ayol bo'larsiz… Shu qo'ng'iroqdek ovozingiz tufayli san'atkor bo'lib, millionlab muxlislar mehrini qozonarsiz. Balki advokat bo'larsiz. O'zingiz kabi hayot nohaqliklaridan qiynalgan yosh qizlarning huquqlarini himoya qilarsiz… Hali o'zingizga munosib inson bilan oila qurib, shirindan-shakar farzandlar onasi bo'larsiz… Oilangizga qaytib onaizoringiz va padaringiz umrini shod etadigan kunlar ham yaqindir…

Zebi, bilaman siz asar qahramonisiz. Ammo men uchun barhayot insonsiz, sizga o'xshab turli qiyinchiliklarga, xo'rlik va zo'rliklarga duch kelgan tengdoshlaringiz timsolisiz… Shuning uchun siz orqali ularga ham murojaat qilyapman, dadil bo'ling!

Etar, shuncha qora kechalar…

Eski hayotingizni butunlay unutib yuboradigan baxtingiz bo'lishini Allohimdan so'rab qolaman. Sirli sirdoshingiz Dildora!

 Dildora DO'SMATOVA,

O'zJOKU 2-bosqich

harbiy jurnalistika

yo'nalishi talabasi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + 2 =