“O'qimagan”larning “o'qigan” bolalari

Qishki ta'til boshlanish arafasidagi kunlar edi. Uydagilarimni ko'rmaganimga to'rt oy bo'lgan (bu uyidan uzoqqa ketmagan qiz uchun juda ko'p vaqt)i uchun o'qish tugashidan ikki kun avval qishloqqa jo'nadim. Eh-he, ta'lim jarayoni, “Tosh shahar” manzaralarini uydagilarimga hayajonlar bilan so'zlab berdim.  Yuz-ko'zimdan poytaxtda o'qish menga yoqqanligi shundoq ko'rinib turardi. Ota-onamning nigohida quvonch. Havasdan yuzlari porlardi, chunki ular oliygohda o'qishmagan.

Opalarim esa Toshkentda o'qimaganligi uchun menga yengilgina “hasad qilishardi”, buni o'zaro hazil mutoyiba chog'ida sezib qolardim. Ta'tildan foydalanib, dadamdan zarur kitoblarni olish uchun pul olib, shaharga jo'nadim. Bir dunyo kitob bilan uyga avtobusda qaytdim, chunki taksiga pulim yetmasdi. Avvaldan avtobusda uzoq manzilga borishni yoqtiraman. Mazza! Har xil odamlarni kuzatasan, turli mulohazalarni eshitasan. Buyam bir maktab-da.  Toshkentda “Talabalar shaharchasi” bo'lganidek, bizning tumanda  “Abiturientlar shaharchasi”  deb nom olgan “Tamabahrin” qishlog'i bor. Juda ko'pchilik o'quvchilar o'qishga kirish uchun shu yerga repetitorga borishadi. Ba'zilari ijarada turib, ba'zilari uyidan qatnab, qiynalib bo'lsa-da, o'qishadi.

Shu qishloqdan bir o'rta yoshli ayol kichkina qizchasi bilan avtobusga chiqdi. Ko'rinishidan bu yerlik emas,  ancha qiynalganligi ko'rinib turardi, chunki qish bo'lishiga qaramay usti ancha yupun edi. Ayollarni bilasizku, tanishmi, notanishmi, darrov hangomani boshlab yuborishadi. Beixtiyor quloq tutdim. Avtobusga chiqqan ayol tusmollaganimdek chekka qishloqdan ekan. Bu yerga qizidan xabar olib, kurs pullarini to'lash va unga oziq-ovqat tashlab ketgani kelgan ekan. Bu gaplarni eshitgan  yoshi kattaroq bir xotin: “Eh-he, o'zi bir gadoytopmas qishloqdan ekansizu qizingizni shu yerda o'qitishingiz shartmidi? Kamiga qiz bola ekan. Tengi chiqsa erga bervorardingiz, qutulardingiz, qizlarga pul sarflab o'qitishning hech keragi yo'q”, deb qoldi. Bu gapni eshitib g'alati bo'lib ketdim, shunday fikrlaydiganlar hali ham borligiga achindim, maslahatgo'y ayolni… yomon ko'rib ketdim.  Abiturientning onasi esa  shunday javob qaytardi: “Men o'qimadim, shuning uchun tog'lar orasida yashab yuribman. Qizim menga o'xshab savodsiz bo'lishini xohlamayman. O'qisin, dunyo ko'rsin, bir kasbning egasi bo'lsin, erga berish qochib ketmas. To'rt qizim bor. Xudo xohlasa, hammasini o'qitib, odam qilamiz. Otasi ular uchun kechayu kunduz tinim bilmay musofir yurtlarda ishlab yuribdilar. Biz ko'rgan xorlik, zorliklarni bolalarimiz ko'rishmaydi, Xudo xohlasa ”.

Bu mushtipargina ayolning gaplarini eshitib, olti farzandini boshqalardan kam qilmay o'stirayotgan ota-onam ko'z oldimga kelib ketdi. Xotinlarning gapi boshqa mavzularga ko'chib, keta-ketguncha suhbatlashishdi.  Men esa o'zim bilan o'zim bo'lib, dadam va ayam o'qishimning shartnoma pulini to'lash uchun qanchalik qiynalishlari, o'zlari kiymasdan meni “boyning bolasiday” kiyintirib qo'yishlari, hamma-hammasi ko'z oldimdan birma-bir o'ta boshladi. Shunda haligi yoshi katta xotinning keyingi gapi xayollarimni chalkashtirib yubordi. Aytishicha, kichkina o'g'liga kelin izlayotgan ekan, o'qigan, yaxshi joyda ishlaydigan qiz qidirayotgan emish. Jahlim chiqdi.  “O'zingiz boyagina qizlarni o'qitish shart emas, deyayotgandingiz, endi nega o'qigan qiz qidirayapsiz” degim keldi.

Ana shunday o'ylar bilan ikki yarim soatlik yo'l ortda qolib, manzilimga yetib keldim. Qarasam, dadam va ayam meni kutib turishgan ekan. “Do'konga chiqayotgandik, qizim, birato'la seni ham olib ketamiz, deb kutib turibmiz” deyishdi. O'zimni bag'irlariga otib, yig'lab yubordim. Asta pichirlab: “Hammasi uchun rahmat. Yaxshiyam baxtimga sizlar borsizlar” dedim.  Ko'p gaplarim bo'g'zimda qoldi…

Bir kursdoshim: “Sizning ota-onangizga haykal qo'yish kerak, chunki olti farzandni tarbiyalab, o'qitib, elga qo'shish hammaniyam qo'lidan kelmaydi”, degandi. Haqiqatan, munisam volidam, suyangan tog'im padari buzrukvorim men uchun orzuimdagiday  insonlar! Qolaversa, “shaxsiy bankim”  (albatta, hazil).

Shunday qilib, ta'til ham uzayib, bir oycha uyda, ota-onam bag'rida qoldim. Poytaxtga qaytib, musofirchilik kunlarimni o'tkazarkanman, ba'zida qiynalib, o'qish ham jonimga tekkanda beixtiyor ota-onamning menga bildirgan ishonchlarini eslayman: “Bolam, sendan  umidimiz katta, biz senga ishonamiz”.  Men uchun bundan ortiq da'vat  yo'q.

Ammo besh qo'l barobar emas, deganlaridek, ayrim tengdoshlarim ota-­onalarining ne-ne zahmatlar evaziga, orzu-umidlar bilan ularni o'qitishayotganini unutib qo'yishadi. Har birimiz bizni voyaga yetkazganlarning yuzlarini yorug' qilib yuraylik, ilohim. Qishloqda qora mehnat qilib, o'zlari o'qimagan bo'lsa ham farzandini o'qitayotgan ota-onalarga esa tasannolar! Bunday ota-onalar zamonamizning haqiqiy qahramonlaridir!

Sevinch YoQUBOVA

 

O'zbekiston Jurnalis­tika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti tashkil top­ganing besh yilligi munosabati bilan ushbu oliy o'quv dargohida tahsil olayotgan bir guruh talabalarning maqolalari — izlanish namunalaridan e'lon qilmoqdamiz. Ularni o'qib, tanishib yosh ijodkorlarning o'y-kechinmalari, til va uslubi, mahoratini baholash qiyin emas.

Qolaversa, ular misolida ertangi matbuotning egalarini tasavvur qilish, ularning tafakkur tarzini anglash imkoni ham mavjud.

Quyida bo'lajak jurnalistlar qalamga olgan lavhalar bilan tanishing:

 

Ayol faqat turmush qurish uchun yaratilganmi?

 

Hamon to'ylarimiz obro'imizmi?

 

“O'qimagan”larning “o'qigan” bolalari

 

Gullar chayonga aylanmasin

 

Sahifani  O'zJOKU o'qituvchisi O'ktam MIRZAYoROV  tayyorladi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 2 =