Boringizcha borimsiz, ONA!

O'zim jurnalistika sohasida o'qib, anchagina so'zga chechan bo'lsam ham negadir onamga har doim ham yaxshi ko'rishimni aytavermayman. Buning sababini o'zim ham aniq bilmayman. Bir kuni o'qituvchimiz “xohlagan insoningizni portret ocherkida tasvirlang” deya vazifa berdi. Shunda mening ko'z o'ngimda, avvalo, munisam — onajonim gavdalandi. Mehribonimni balandparvoz gaplar-u, tesha tegmagan iboralar bilan alqab yozishni unchalik xush ko'rmadim. Shunchaki onamning xarakterini ko'rsatgim keldi. O'zlarining so'zlarida, mehrida va jonkuyarligida…

Tush ko'ribman. G'alati tush. Astag'furilloh. Tushimda o'z uyimizda ekanman. Qarasam ayamlar yo'q. Izlayman, izlayman topolmayman. Keyin, ne ko'z bilan ko'rayki … yo'q-yo'q buyog'ini aytolmayman. Cho'chib, ko'zimda yosh bilan uyg'onib ketdim. Bo'g'zimga nimadir tiqilar, tanamdan sovuq terlar oqar edi. Xayriyat, tushim ekan… Shu hafta oxirida uyga borib onamni ko'rib kelmasam ko'nglim joyiga tushmaydi…

Axiri, shanba ham keldi. Uyga ketishga otlandim. Ammo borishimni ayamga aytmadim. Syurpriz bo'laqolsin… Avtobusga o'tirib qishlog'im tomon yo'l oldim. Va nihoyat yetib ham keldim. Qarasam ayam darvoza yonida qo'shni ayol bilan suhbatlashib turgan ekan. Gap bilan bo'lib menga uncha e'tibor bermadilar shekilli. Uzoqdan ham biram istarali, chiroyli ko'rinadilar-ki.  Ohho, qoshlariga o'sma ham qo'yibdilarmi?! Yangi ko'ylak tiktiribdilar, avval ko'rmagan edim.

…Ayam meni har doim o'ziga o'xshatardi. Sen mening yoshligimsan derdilar. Shunda aya meni ko'zlarim qisiq-ku, sizniki katta-katta, chiroyli derdim. Yo'q seniki ham katta bo'lsang mening ko'zimga o'xshab ketadi. Men ham yoshligimda bodomqovoq qiz edim deb ko'ng­limni ko'tarardilar… Ehhh, shu gap­larga ham qancha vaqt o'tdi. To'g'ri, men onamga o'xshayman, lekin ular mendan yuz chandon go'zalroq…

Voy, anchagina ozib, ko'zlarining atrofi solg'in bo'lib qolibdimi?

Shu xayollar bilan uyga yaqinlashay deganimda ko'zlari yarq etib menga tushdi. Ko'rishi bilan sevinib, bag'rilariga bosdilar.

— Telefon qilib aytib qo'ymabsanda. Kelinoyilaringga yaxshi ko'rgan ovqatingni pishirtirib qo'yardim.

— Ha aya, bir syurpriz qilay dedimda…

— O'zing qalaysan Dildorjon! O'qish­larda qiynalmayapsanmi? Puling yetyaptimi?

— Ha ayajon, hammasi yaxshi, o'qish­larim zo'r. Yaqinda yangi maqolam chiqdi…

— Alloh martabangni ulug' qilsin. Ishlaringni rivojini bersin har doim.

— Aya, sochlaringiz ancha oqarib ketibdi-ya. Bir bo'yab qo'yaman o'zim…

— Ha o'zim ataylab bo'yamayapman. Ko'p “ximikat” zarar ekan bolam…

— Bunaqa yurmangda, zararsizroq soch bo'yoqda bo'yaymiz.

— Ha, aytgancha, sepingga idishlar olganman yur ko'rsataman. Qara bularni chiroyliligini. Havas qilib oldim…

— Nima qilardingiz ovora bo'lib, baribir hali erga tegmayman-ku…

— Men seni xursand bo'ladi deb o'ylagandim. Aya zo'r ekan ham deb qo'ymaysan-ey…

— Yo'q rosa chiroyli ekan. Menga yoqdi. Faqat hozir shart emas edi-da.

— Iya… Yo'ldan och kelgandirsan. Mana bu sariyog' bilan nonni yeb tur. Tez ovqatga harakatni bosh­laymiz…

— Qornim unchalik och emas ayajon. O'zingiz yaxshimisiz? Yurak doringizni ichyapsizmi?

— Ha, ha ichyapman. Kecha tugadi. Qara-ya dadangga aytish esimdan chiqibdi…

— Buncha sog'ligingizga bee'tiborsiz. Axir doktor u dorini uzmasdan ichasiz deb aytganku… Ertaga o'zim olib kelib beraman.

— …

Aya bir tush ko'ribman… (Eee nimalar deyapman yosh bolaga o'xshab. Ko'ngillari g'ash bo'ladi. Aytmayman).

— Ha, qanaqa tush ekan.

— Eee qo'yavering, tushga nimalar kirmaydi.

— Haaa tushingda menga nimadir bo'libdimi, aytaver…

— Haaa, dedim yig'lamsirab…

— Voy Dildorjoney, haliyam o'zimni erka qizimsanda. Mana ko'rib turibsan ayang otday. E'tibor berma… Qizbolani tushi teskari keladi…

— Joningiz sog' bo'lsin-ey. Baxtimga bor bo'ling Ayajon…

— Senga aytadigan dardlarim bir talay. O'zi o'qishdan ozib-yozib oyda bir kelsang ham bo'lmag'ur gaplar bilan boshingni og'ritaman. Lekin kimgadir aytib yorilishim kerak-ku…

— Aya-ey  qiziq gaplarni gapirasizda. Menga aytmay kimga aytasiz. Nima gap, ayta qoling.

— Shu ikkinchi akang ancha ichkilikka o'rganib qolgan. Ora-sirada uyida janjal ekan. Uchinchisining hayoti o'xshamadi… Kattadan-ku ko'ng­lim to'q. Har doim menga tirgak bo'lib kelgan…

— Ayajon shularga ham siqilasizmi? Bo'lishi kerak bo'lgan narsa bo'ldi. Akamlar ham yosh bola emas. Hayotidagi muammolarni o'zlari hal qilsin-da. Qachongacha yosh boladek ko'tarmalab yurasiz…

— Shunday deysan-u, bolang bo'lgandan keyin hamisha ularga mas'ul ekansanda…

— Ha aya, hali ikkita o'g'lingizning ham esi kiradi. Hammasi yaxshi bo'lib ketadi. Siz umuman siqilmang. Sog'ligingiz bizga kerak. Bo'lar-bo'lmas narsalarga o'ylanavermang-da.

— Ha shuni ayt. Hali sening rohatingni ko'rishim kerak. Yaxshi joylarga uzatishim, bolalaringga beshikto'y qilib borishim kerak… Sendan umidim katta jon qizim. Faqat yaxshi kunlaringni ko'ray. Katta-katta yutuqlarga erishib, baxtli, saodatli qiz bo'lgin iloyim…

— Aytganingiz kelsin volidaginam. Umringiz uzoq bo'lsin. Barcha umidlaringizni oqlab, sizga va dadamga munosib farzand bo'lish menga ham nasib qilsin!

Bir tush bahona kelganim yaxshi bo'lgan ekan. Onajonim bilan uzoq suhbat qurdim. Nurli yuzlariga yuzimni bosib, sira ayrilgim kelmasdi. Ammo ertasi yana o'qishimga qaytishim kerak edi.

Nachora. Ammo onajon, sizni qanchalar yaxshi ko'rishimni bilsangiz edi. Birgina o'tinchim, hamisha bor bo'ling, umringiz juda-juda uzoq bo'lsin,—deyman qo'limni duoga ochib. Ilohim onamni hamisha o'zing asra!

Dildora DO'SMATOVA,

O'zJOKU talabasi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − nine =