“To'ra Sulaymon bir yon…”

Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 9 iyunda e'lon qilingan “O'zbekiston xalq shoiri To'ra Sulaymon uy-muzeyini tashkil etish to'g'risida”gi 321-sonli qarori Sirdaryo viloyatida yana bir tabarruk qadamjoning paydo bo'lishiga turtki berdi. Mirzaobod tumanidagi “Turg'un Ahmedov” mahallasida uzoq yillar xalq shoiri umrguzaronlik qilgan uyda To'ra Sulaymon uy-muzeyi barpo etilmoqda. Garchand hukumat qarorida uy-muzeyi 2022 yilning 31 dekabrida foydalanishga topshirilishi belgilangan bo'lsa-da,   ma'lum sabablarga ko'ra ob'yektning bitishi orqaga surilib ketayotir.

Qarorda uy-muzeyiga kiraverishda xalq shoirining muhtasham haykali o'rnatilishi ham belgilangan.     Taniqli haykaltarosh, “Do'stlik” ordeni sohibi Azamat Xatamov O'zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan e'lon qilingan tanlovda g'olib chiqib, shoir siymosining bir necha variantlarini yaratdi. Biz mashhur haykaltarosh bilan shu haqda suhbatlashdik.

— Azamat aka, shoir siymosini yaratishda qanday manbalarga tayandingiz?

— Shoirning tashrif qog'ozi uning asarlari, degan gap bor. To'ra akaning she'rlarini sevib o'qiyman. Xalqchil, dilga yaqin. Mutolaa qilganingizda ko'ngilga chippa yopishadi. “Oynai jahon”, radio to'lqinlaridan shoir she'rlari bilan kuylanadigan qo'shiqlarni ting­laganimda ichim yorishib ketganday bo'ladi. Birdan ko'z oldimda shoirning muborak siymosi namoyon bo'ladi.

Qolaversa, men Surxon farzandiman. To'ra akaning she'r qurilishida bizning yurt shoirlari bilan ajib o'xshashlikni sezaman. Shundanmikan, shoir siymosini yaratishda ancha emin-erkin harakat qildim. Bu o'z natijasini berdi.

Shu o'rinda yana bir gapni aytib o'tay: yozuvchilarning “Do'rmon” ijod uyida ikki-uch marta To'ra akaning gurungini ham olganman. Eldoshim, O'zbekiston xalq yozuvchisi Shukur Xolmirzayev xonasiga bir gal xabar olishga borganimda Gulistondan mehmon tashrif buyurgan ekan. Shukur aka: “Azamat, bu shoir akang­­ni tanib qo'y. Gulistondan kelgan haqiqiy xalq shoiri To'ra Sulaymon bo'ladilar. “Go'ro'g'li sulton bir yon, To'ra Sulaymon bir yon”, degan qo'shiqni eshitganmisan? Ham haykaltarosh, ham grafik rassomsan. Mana shunday kishilarning obrazlarini yarat. Tarixda qolasan”, degandilar.

Zingil nazar solib Shukur aka va To'ra Sulaymonning tashqi qiyo­falarida ham ajib bir o'xshashlikni kashf etdim. Mana shu ilk uchrashuvdan keyin ham To'ra aka bilan ikki marta muloqotda bo'lganman. Ushbu manbalar menga shoir siymosini yaratishda asqotdi desam, mubolag'a qilmagan bo'laman.

— Siz shoir siymosini bir necha ko'rinishda yaratgan ekansiz. Buyurtmachilarga qay biri ma'qul keldi?

— Xabaringiz bor, Vazirlar Mahkamasining “O'zbekiston xalq shoiri To'ra Sulaymon uy-muzeyini tashkil etish to'g'risida”gi qarorida shoir haykalini yaratish bo'yicha buyurtmachi etib Sirdaryo viloyat hokimligi belgilangan.

Buyurtmachi, ya'ni Sirdaryo viloyat hokimligi shoirning egnida o'zbekcha to'n, boshida qorako'l papoq, qo'lida kitob, viqor bilan uzoqlarga tikilib turgan variantini ma'qulladi.

Biroq haykalni qanday materialdan yasash borasida fikrlar xilma-xilligi paydo bo'ldi. Kamina bir umr turadigan haykalni bronzadan yasash ma'qulligini aytdim. Zero, Adiblar xiyoboniga qo'yilgan shoir va adiblarning haykallari ham bronzadan quyilgan. Mening fikrlarim inobatga olindi. Shoir haykali bronzadan quyiladigan bo'ldi.

O'zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov: “To'ra Sulaymon sof o'zbekcha fikrlardi va yozardi. Suluvlarni ta'riflaganda, ularning bor taqinchoqlari-yu jig'alarini ko'zdan qochirmasdi. O'zini ham unutmas: “Go'ro'g'li sulton bir yon, To'ra Sulaymon bir yon”, deb qo'yardi. Bunday fikrlash yo'sini To'ra akaga g'oyatda yarashardi”, deb yozgandi. Darhaqiqat, To'ra Sulaymon uy-muzeyi va uning oldiga o'rnatiladigan haykal xalq shoiriga bo'lgan yuksak ehtiromdan mujda beradi. O'laymizki, bu maskan nafaqat sirdaryoliklarning, balki butun she'riyat shaydolarining madaniy-ma'naviy markaziga aylanajak. Shoir “Iltijo” she'rida yozganidek:

O'lmaslikka ishora –

           o'langa oshiqligim,

Saodatga ishora –

           zamonga oshiqligim,

Teranlikka ishora –

           ummonga oshiqligim,

Go'zallikka ishora –

           bo'stonga oshiqligim…

Oshiq shoirimizning nomi mangulikka abadiy muhrlanajak.

Suhbatdosh:

Muhammadali AHMAD

 

SURATLARDA: haykaltarosh Azamat Xatamov;

tanlovda g'olib chiqqan

To'ra Sulaymon haykali eskizi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 − 3 =