O'zbekiston — mo''jizaviy yurt ekan…

Kuni kecha poytaxtimizdagi “Wyndham” mehmonxonasida “O'zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi — jahon islom merosini ommalashtirishning muhim bo'g'ini” mavzuida bo'lib o'tgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ishtirokchilari shunday deyishdi.

Xalqaro ilmiy-amaliy davra suhbatida O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, Islom tarixi, san'ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCIKA) direktori Mahmud Erol Qilich, Misr Milliy arxivlar va kitoblar bosh hay'ati direktori Honiy ad-Damur, Ol al-Bayt universiteti rektori Usama Tal'at va shuningdek, AQSh, Buyuk Britaniya, Turkiya, Malayziya, Misr va boshqa xorijiy davlatlardan yurtimizga tashrif buyurgan olimlar, mutaxassislar hamda mamlakatimizda ko'zga ko'ringan olimu ulamolar ishtirok etishdi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O'zbekis­tondagi Islom sivilizatsiyasi markazi (O'zISM) tomonidan o'tkazilgan davra suhbatida, Markaziy Osiyodagi Islom siviliza­siyasi tarixini tadqiq etish bo'yicha chet ellarda katta tajriba to'p­langani e'tirof etildi.

Bu borada O'zbekiston tajribasini xalqaro miqyosda ommalashtirish, chet ellik hamkasblar va respub­likadagi soha mutaxassislari tadqiqotlaridan xabardor bo'lish, ularning ilmiy xulosalari va amaliy tavsiyalarini olish Davra suhbatining asosiy mavzusi bo'ldi.

Ilgari surilgan asosiy maqsad, O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining islom siviliza­siyasini ommalashtirishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy-madaniy infrastrukturadagi o'rni, qo'yilgan vazifalar ijrosi mexanizmlarini yaratish masalalari, O'zbekistondagi islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyini (O'zISTM) Markaziy Osiyo islom merosining ko'p qirrali muassasasi shaklida yaratish yo'llari va O'zbekistondagi Islom siviliza­siyasi markazining ilmiy tadqiqot yo'nalishlarini aniqlashtirishga beqiyos xizmat qilishi nazarda tutildi.

Shuningdek, davra suhbatida O'zbekistondagi Islom siviliza­siyasi markazi tomonidan qo'lyozma manbalarni yig'ish va saqlash masalalari hamda O'zbekistondagi qo'l­yozma manbalar umumiy reestrini yaratish, ommaviy kutubxonasini shakllantirish va fao­liyati xususiyatlari haqida ham so'z bordi. Biz davra suhbatida ishtirok etgan bir nechta olimlardan taassurotlarini so'radik:

Hamidullo LUTFILLAYEV, O'zRFA Sharqshunoslik instituti o'qituvchisi, tarix fanlari nomzodi:

— O'zbekistondagi islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyini shakllantirishda va Markazning ta'limiy va ma'rifiy faoliyati yo'nalishlarini aniq va to'g'ri belgilab olishda, xorijiy tajriba va xalqaro hamkorlikning, xususan, mana shu kabi xalqaro ilmiy-amaliy davra suhbatining ahamiyati katta bo'ldi desam mubolag'a bo'lmaydi.

So'nggi yillarda yurtimizda o'tmishda yashab o'tgan buyuk va mo''tabar ajdodlarimizning ilmiy merosini tadqiq etish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ushbu davra suhbati ham amaldagi ishlarning bir bo'lagidir. Men “Markaziy Osiyo hukmdorlari uchun tayyorlangan qo'lyozma Qur'onlar” deb nomlangan ma'ruzam bilan ishtirok etdim. Aytishim joizki,   O'zbekistonga chet mamlakatlardan kelgan hamkasb do'stlarimiz uchun ham ushbu davra suhbati qiziqarli va esda qolarli, samimiy kechdi.

Suhayl Hanif, Buyuk Britaniya Milliy Zakot fondi vakili (Buyuk Britaniya):

—O'zbekistonga birinchi bor kelishim. Va bu mening eng muhim orzuim edi. Ayniqsa, Buxoroni ko'rishni judayam istardim. Bugungi anjumanda qilgan “Markaziy Osiyodagi mumtoz hanafiylik: o'tmish, bugun va kelajak huquqiy an'analar” deb nomlangan so'zim Buxoro zamini bilan chambarchas bog'liq edi. Va Buxoroni ko'rdim, hayratlarim, anglaganlarim o'zi bir dunyo! O'zbekiston haqidagi taassurotlarimni bir so'z bilan aytib tugatolmayman. Bu mo''jizaviy davlatga yana va yana kelishni istayman.

Fariza Sham, Malayziya milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti direktori (Malayziya):

— O'zbekistonga safarim kutganimdan ham qiziqarli va otashin ruhda o'tdi. Qolaversa, O'zbekistondagi insonlarning baxtiyorligi, ularning ko'zlarida porlab turgan zavq, quvonch menga juda yoqdi. Men davra suhbatida “Musulmon ayollarning islom sivilizatsiyasi tarixidagi o'rni” mavzuida so'zga chiqdim. Aytishim mumkinki, muzey va tarixiy kitoblarda islom sivilizatsiyasida asosan, erkak olimlarning o'rni haqida ma'lumotlar ko'p uchraydi. Men bu borada ayol olimalarning ham munosib o'rni borligini alohida ta'kidlamoqchiman. Yurtingizda yashab o'tgan Fotima Samarqandiy ana shunday olima ayollardan sanaladi.

Xalqaro ilmiy-amaliy davra suhbatida yurtimiz zaminida tug'ilib, yuksak tafakkuri bilan jahon ilm-fan taraqqiyoti ravnaqiga beqiyos hissa qo'shgan va   ilm-fanning barcha sohalarida, jumladan, islomiy ilmlarda ham jahonga dong taratgan buyuk allomalarimizning muborak nomlari qayta-qayta zikr qilindi.

Ozoda BEKMURODOVA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × one =