Qiziriq tumanida Isfara kichik “GES-1” ish boshladi

Zamonaviy taraqqiyot yo'lini tanlagan O'zbekistonda keng ko'lamli islohotlar qatorida milliy iqtisodiyotimizning muhim quvvat manbai hisoblangan gidroenergetika tarmog'i ham izchil rivojlanmoqda.

Yangi O'zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan jadal va keng ko'lamli islohotlar qatorida energetika tarmog'ining ajralmas bo'g'ini hisoblangan gidroenergetika sohasida ham izchil islohotlar bosqichma-bosqich olib borilmoqda. So'nggi yillarda investitsiyaviy lo­yihalar asosida yangi gidroelektr stansiyalarini qurish, uzoq yillardan buyon ishlab kelayotgan GESlarni zamon talablari asosida modernizatsiya qilish yumushlari yuqori sur'atlarda amalga oshirilmoqda.

Xususan, Surxondaryo viloyatining gidroenergetik salohiyatini to'liq ishga solish va bu boradagi ishlarni jadallashtirish borasida so'nggi payt­larda bir qancha yirik loyihalar amalga oshirilayotganidan xabaringiz bor. Bu borada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 17-18 noyabr kunlari To'palang GESda amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari bilan tanishib, Zarchob-3 GESning qurilishi boshlanishiga start berganlaridan yurtdoshlarimiz yaxshi xabardor.

Kuni kecha Surxon vohasining Qiziriq tumani Isfara kollektorida Isfara mikro GES-1 ning ochilish marosimi o'tkazildi.

Mazkur mikro GESning quvvati 230 kVt, o'rtacha yillik 1 076 000,0 kVt-soat elektr energiya ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Isfara-1 mikro GES ishga tushirilishi natijasida mahallabay tizim orqali “Yangikent” mahallasining 460 ta xonadoni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlanadigan bo'ldi va 5 ta yangi ish o'rni yaratildi.

O'zbekistonda ilk bor mazkur GESda barcha uskunalar mahalliy ishlab chiqarish doirasida 100 foiz o'zimizda tayyorlangan. Tizim tashkiloti hisoblangan “Suvsanoatmash” AJda GES uchun zaruriy bo'lgan barcha jihozlar ishlab chiqarildi. Asosiysi, arzon va ekologik toza elektr energiyasi yetkazib berilishi ta'minlanmoqda.

Loyiha doirasida 60 m. uzunlikdagi kanalda rekonstruksiya ishlari, suv to'sish inshooti, suv bo'lish inshooti, bosimli havza inshooti qurilishlari, bosimli quvur (50 m) o'rnatish, quvvat uzatish liniyasi kabi qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi.

Aytish joizki, gidroenergetika sohasining taraqqiyoti mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish bilan birga, yangi GESlar qurilayotgan, modernizatsiya qilinayotgan gid­rotexnik inshootlar joylashgan hududlar aholisining turmush farovonligi oshishiga, ishlab chiqarish sub'yektlarining elektr quvvatlari bilan ta'minlanishiga, tom ma'noda, xalqimiz farovonligi ortishiga mustahkam zamin yaratmoqda.

“O'zbekgidroenergo” AJ axborot xizmati.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 − 6 =