Otasidan voz kechishni talab qilishgan…

“Xalq dushmani”ning qizi tamg'asi ostida ne-ne nohaqliklarga, tuhmatlarga uchragan jadidlik harakatining faol a'zosi, ma'rifatparvar Abdurauf Fitratning qizi Sevargul Karamatullaxo'jayeva bugun tabarruk yoshda

Jadidlar va ularning oilalari, farzandlarining taqdiri ko'pchilikka qiziq.

XX asr o'zbek adabiyoti, fani va madaniyatining yirik vakili, jadidlik harakatining faol a'zosi, qomusiy bilim sohibi, olim, o'tkir tilshunos, betakror dramaturg va shoir, jangovar publitsist, birinchi o'zbek professori Abdurauf Fitrat (adabiy davralarda Fitrat domla deb ham ataladi)ning qizi, ingliz tili bo'yicha yetuk mutaxassis Sevargul Karamatullaxo'jayeva bilan suhbatlashganimda, 90 yoshni qoralayotgan tabarruk onaxonning nafaqat chet tili, balki o'zbek adabiyoti bo'yicha ham bilimdon va hozirjavobligiga guvoh bo'lgandim. Ayniqsa, uning yuksak salohiyat sohibi bo'lgan otasi haqidagi xotiralaridan juda ta'sirlangandim.

Onaxonning aytishicha, Fitrat domla davlat va jamiyat arbobi sifatida juda band bo'lishiga qaramay, oilaparvar bo'lib, qizining tarbiyasiga alohida e'tibor qaratar, bo'sh paytlarida u bilan suhbatlashib, qiziqishlari haqida so'rarkan. Otasi Sevargulning kelajakda zukko, bilimdon, kitobni, adabiyotni suyguvchi bo'lishini, shu bilan birga o'zi kabi chet tillarni o'rganishini istar ekan. Lekin, afsuski, bunday quvonchli damlar uzoqqa bormagan. Davr hukm etgan shum taqdir tufayli qizaloq 7-8 yoshlaridayoq suyukli otasidan ayrildi… Millat faxri bo'lgan, qadim yurtga, elga oydin kelajak yaratishni orzu qilgan ota qatag'on qurboni bo'ldi. Sevargul opa butun umr ana shu armon bilan ota mehrini qo'msab yashadi. Boshqacha qilib aytganda, zamonning beshafqat sinovlari bois erta ulg'aydi.

Sevargul aya otasiz qolgani yetmagandek, “xalq dushmani”ning qizi tamg'asi ostida davrning katta to'siqlariga, nohaqliklarga uchradi. O'sha qiyinchilik­lar tufaylimi, u irodali, bardoshli bo'lib o'sib-ulg'aydi. Suhbatdoshim shu nohaq tamg'ani deb o'sha alg'ov-dalg'ov yillarda oliy ta'limda bilim olishiga, ilmiy ish qilishiga, dissertatsiya yoqlashiga ham qarshilik qilishgani, hatto unga otasidan voz kechish talabi ham qo'yilganini achinish bilan eslaydi. Lekin u sira ortga chekinmadi, otasi vasiyat qilganidek o'qimishli, bilimdon bo'lishga intilib yashadi, oliy ta'lim maskanida o'qidi, ingliz tili bo'yicha malakali mutaxassis bo'lib yetishdi. Chet tillar ins­tituti (hozirgi O'zbekiston Jahon tillari universiteti) prorektori darajasigacha yetdi (garchi ilmiy unvoni bo'lmasa-da, shunday mas'uliyatli vazifaga lozim topishgan ekan). Shunisi e'tiborliki, Sevargul aya pensiyaga chiqqach ham boshqa keksalar qatori uyda bekor o'tirmadi, ko'p yillar (qariyb 90 yoshigacha) AQShning O'zbekis­tondagi elchixonasida yosh mutaxassislarga ingliz tilidan dars berdi. Ishdan so'ng oilada ham ustozligini davom ettirib, nabiralariga saboq berdi.

Sevargul Karamatullaxo'jayevaning 3 nafar farzandi, 4 nafar nabirasi, 8 nafar evarasi bor. Ular ham ziyoli, o'qimishli, aksariyati chet tili mutaxassislari. Ular bobolari Fitrat domlaning vasiyatlariga hamisha amal qilishni o'zlari uchun shior qilib olishgan. Chunki xonadonda ul zotning nomi har kuni tilga olinadi, xotiralari yodlanadi. Hammasi kitobxon, adabiyotni sevishadi. Katta o'g'li Shoahmad aka o'z sohasi bo'­yicha yetuk mutaxassis. Kichik o'g'li Shahzod oilasi bilan Kanadada yashaydi. Nabiralari ham nufuzli dargohlarda faoliyat olib borishadi. Afsuski, onaxonning qizi bir necha yil avval olamdan o'tgan.

— Har yili oyijonimning tavallud kunlarini oilamiz a'zolari, yaqinlarimiz davrasida nishonlaymiz, — dedi kelini — Shoahmad akaning rafiqasi, jurnalist, tarjimon Vasila Nasriddinova (kamina Vasila bilan 70-yillarda ToshDU (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetida birga o'qiganmiz. X.P.) — Imkoni bo'lsa, xorijda o'qiyotgan, yashayotgan farzandlari va nabiralari ham kelishadi. Bundan ikki yil avval ko'pchilik bo'lib o'tkazgandik. Oyijonimning shogirdlari ham tashrif buyurishgandi. Bu yil aprel oyida oyijonim 95 bahorni qarshilaydilar. Salomatliklari yaxshi, bardam. Kitoblar, gazeta va jurnallarni o'qishni kanda qilmaydilar, matbuot nashrlarini, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib, dunyodagi yangiliklardan boxabar bo'lib boradilar. Shu yoshlarida ham kichik nabiralariga ingliz tilini o'rgatadilar. Uzoqroqdagilariga telefon orqali topshiriqlar berib, bilimlarini sinovdan o'tkazadilar. 12 yoshli nabiram tilni juda qunt bilan o'rganayapti. U hazillashib: “Men ingliz tilini o'qituvchimdan yaxshiroq bilaman, chunki buvim menga zo'r o'rgatadilar, ular katta ustozim”, deydi. Farzandlarim va nabiralarim ham oiladagi ilmga intilish borasidagi an'anani davom ettirishmoqda. Eng katta nabiram Behruz Rossiyaning Kemerovo shahridagi universitetning oxirgi kursida o'qiydi. Farangiz nabiram esa Turkiyaning Burdur shahridagi universitetni turizm yo'nalishi bo'yicha bitirdi. Yana bir nabiramiz Farruxbek Amerikaning Kanzas shtatidagi universitet bitiruvchisi. U rejissura, aktyorlik hamda siyosatshunoslik yo'nalishlarida talim olyapti. Mumtoz nabiram Germaniya poytaxti Berlindagi nufuzli universitetni bioinformatika yo'nalishi bo'yicha bitirdi. Uni Germaniyadagi nufuzli ilmiy tadqiqot institutiga ishga taklif qilishgan, yaqinda faoliyatini boshlaydi.

Ha, bilimdon buvining farzandlari, nabira va evaralari ham o'qimishli, bilimga chanqoq, dunyoning qaerida bo'lishmasin, millatning yuzini yorug' qilib, katta jadid bobolarining ruhini shod etib yurishibdi.

Yaqinda poytaxtdagi ko'rgazmalar zalida katta bobomiz, millat faxri bo'lgan inson Abdurauf Fitratga bag'ishlangan bir tadbirda ishtirok etdim, — deb gapini davom ettirdi Vasila hoji ona. — Shu kuni Fitrat domlaga bag'ishlangan ma'ruzalar tingladik. Ayniqsa, Aleksandr Jumayev degan tadqiqotchi olim juda ajoyib fikrlarni aytdi. Tadbirdan olgan taassurotlarim haqida oyijonimga so'zlab berdim. Oilamiz nomidan Prezidentimiz va hukumatimizga jadid olimlar, ijodkorlar, jumladan, Abdurauf Fitratga berilayotgan e'tibor va e'tirof uchun minnatdorchilik bildiraman.

Yaqinda yana Sevargul ayaning huzurida — farzandlari xonadonida bo'ldim. Tabarruk onaxon bilan hol-ahvol so'rashgach, ortiqcha bezovta qilmay, oila a'zolari bilan suhbatlashdim. Abdurauf Fitrat haqidagi yangi ma'lumotlardan boxabar bo'lib, ularga tegishli buyumlar, oilaviy albomdagi suratlarni tomosha qilarkanman, jadid bobolarimiz haqidagi tasavvurlarim yanada boyidi.

Ayni paytda millat taqdiri uchun kurashgan jadid bobolarimizning hayoti va faoliyatiga, Vatan hamda millatimiz taqdiri, kelajagi yo'lidagi sa'y-harakatlariga, amalga oshirgan xayrli va ibratli ishlariga katta e'tibor qaratilmoqda. O'tgan yilning oxirida – 22 dekabr kuni bo'lib o'tgan Ma'naviyat va ma'rifat kengashining kengaytirilgan yig'ilishida Prezidentimiz aynan shu mavzuga to'xtalib, ma'rifatparvar ajdodlarimizning merosi bugun biz qurayotgan huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati uchun poydevor bo'lib xizmat qilishi, jadid bobolarimizning g'oya va dasturlari yangi O'zbekistonni barpo etish strategiyasi bilan har tomonlama uyg'un va hamohang ekanligi haqidagi fikrlarni aytdilar.

Bu borada hukumatimiz tomonidan qabul qilingan qaror jadidchilik harakati asoschilarining hayoti va taqdiri, faoliyati, ijodi ko'proq o'rganilishiga keng yo'l ochdi.

Xolida PARDABOYEVA,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 + four =