“Turonbank”: Samarali mehnat, natija, sarhisob va rejalar
Mamlakatimizda iqtisodiy islohotlar jadal tus olib, aholini kambag'allikdan chiqarish, tadbirkorlikka o'rgatish, bandligini ta'minlash borasida keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda iqtisodiyotning barcha jabhalarida bo'layotgan o'zgarishlar, banklar tizimida ham jadal amalga oshirilmoqda. Iqtisodiyotning globallashuvi jarayonida sohaning qon-tomirlari sanalgan banklarni tez sur'atlarda rivojlantirib borishni davrning o'zi talab etayotgani ham ayni haqiqat.
Ma'lumki, O'zbekiston moliya bozorida 33 yildan buyon samarali mehnat qilib kelayotgan “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki Respublika bo'yicha alohida o'ringa ega. Bank doimiy ravishda o'sib, rivojlanib, barqaror moliya muassasasi sifatidagi obro'-e'tiborini mustahkamlab kelayotgani ham sir emas. U o'zining 21 ta bank xizmatlari markazi va 70 dan ziyod ofislari orqali 622 ming nafardan ortiq yuridik va jismoniy shaxslarga sifatli xizmat ko'rsatib kelmoqda.
O'tgan 2023 yilda tijorat banki fuqarolarning moliyaviy ehtiyojlarini qondirish, biznes egalarining istiqbolli loyihalarini qo'llab-quvvatlash, yangi mahsulotlarni amaliyotga tatbiq etish bo'yicha samarali ishlarni olib bordi. Bu haqda kuni kecha poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida bo'lib o'tgan matbuot anjumanida batafsil ma'lumot berildi.
Anjumanda “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki boshqaruvi a'zolari, xodimlari va OAV vakillari ishtirok etdi. Dastlab, “Turonbank” ATB Boshqaruv raisining o'rinbosari Shahlo Ibragimova moliya muassasasining o'tgan 2023 yil yakunlari va asosiy ko'rsatkichlari haqida ma'lumot berdi.
Qayd etilganidek, 2024 yilning 1 yanvar holatiga bankning jami kapitali 1 trln 897 mlrd so'mni tashkil etgan. Ayni shu davrda aktivlar 15 trln. 939 mlrd. so'mga yetib, 23,8 foizga oshgan. Shuningdek, o'tgan 2023 yilda yuridik va jismoniy shaxslardan jalb qilingan depozitlar miqdori 4 trln 661 mlrd so'mga yetdi. Bu o'tgan yil bilan solishtirganda 33,5 foiz ko'p demakdir. Jami kredit qo'yilmalari esa 11 trln 894 mlrd so'mni tashkil etadi. Bu ko'rsatkich o'tgan yilga nisbatan 26 foizga o'sgani e'tiborga molik.
Shahlo IBRAGIMOVA,
“Turonbank” ATB Boshqaruv raisining o'rinbosari:
– Bankimiz tomonidan hisobot davrida biznes egalarini moliyaviy qo'llab-quvvatlash maqsadida bank tomonidan 3 trln 202 mlrd so'mlik kreditlar ajratildi. Shundan kichik biznes sub'yektlariga 1 trln 437 mlrd so'm, ayollar tadbirkorligiga 86 mlrd so'm, yoshlarning startaplarini amalga oshirish uchun 82 mlrd so'm va boshqa qator yo'nalishlarga mablag'lar yo'naltirildi. Yirik korporativ mijozlarning istiqbolli biznes loyihalarini amalga oshirish uchun esa Osiyo taraqqiyot banki, Jahon banki, Islom taraqqiyot banki, Turkiyaning Eksimbanki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi, Xalqaro qishloq xo'jaligini rivojlantirish jamg'armasi, Xitoyning Eksimbanki, Germaniyaning “AKA” banki, Chexiyaning CSOB banki va boshqa xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik yanada faollashtirildi.
Ular orqali “Qishloq xo'jaligi”, “Chorvachilikni rivojlantirish”, “Oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash”, “To'qimachilik va tekstil”, “Meva-sabzavotchilik tarmog'ini rivojlantirish”, “Turizm”, “Xizmatlar sohasi” hamda “Hunarmandchilik” kabi o'nlab yo'nalishlarga xorijiy kredit liniyalari o'zlashtirildi. Xususan, hozirgi kunga qadar 1000 dan ortiq loyihalarga 270 mln AQSh dollarlik mablag' ajratildi.
Chindan ham bank har vaqt o'z mijozlari uchun eng yaxshisini, unumlisini, bir so'z bilan aytganda, qulay, tezkor, ortiqcha qog'ozbozlikdan xoli xizmatlarni taklif qilishi bilan boshqa banklardan ajralib kelgan. Bu borada so'z ketganda, endigina o'z biznesini boshlayotgan tadbirkorlar uchun bank tomonidan yaratilayotgan qulayliklarni alohida eslab o'tish joiz.
Eldor VAHOBOV,
“Turonbank” ATB chakana biznes departamenti direktori:
– “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki o'tgan 2023 yilda endigina o'z biznesini boshlayotgan yoki kapitallashuv darajasini oshirish istagida bo'lgan kichik biznes sub'yektlari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ham bir qator manfaatli xizmatlarni taklif etdi.
Xususan, “Aylanma mablag'larni to'ldirish”, “Ishlab chiqarishni qo'llab-quvvatlash”, “Mikrokreditlash”, “Invest loyihalarni rivojlantirish”, tender savdolarida qatnashishlari uchun “Bank kafolati”, “Eksport amaliyotlarini bajarish” hamda quyosh panellari uchun “Eko panel” nomli xizmatlar shular jumlasidandir.
Shu bilan birga, yuridik shaxslarning bo'sh turgan sarmoyalarini yuqori foyda bilan xavfsiz ko'paytirish maqsadida milliy valyutada 20 foizdan, xorijiy valyutada esa 7 foizdan depozitlar taklif etilmoqda. Qolaversa, ishbilarmonlarimizning vaqtlari va mablag'larini tejash maqsadida, bank tomonidan ular uchun hisob-raqamlarga masofadan xizmat ko'rsatuvchi maxsus “TuronBusiness” mobil ilovasi, “SMS va Internet banking” xizmati hamda “One Touch” singari innovatsion dasturlar ham ishga tushirilgan. Bugungi kunda mazkur qulaylikdan qariyb 48 ming nafar yuridik mijozlar foydalanishmoqda.
Shuningdek, anjuman davomida o'tgan 2023 yilda jismoniy shaxslarga ko'rsatilgan xizmatlar, taklif etilgan yangi mahsulotlar bo'yicha ham ma'lumotlar berildi. Unga ko'ra, “Turonbank” ATB tomonidan jismoniy shaxslarga umumiy hisobda 1 trln 612 mlrd so'm miqdoridagi kreditlar ajratilgan. Ularning 343 mlrd so'mi 1 598 nafar mijozga ipoteka kreditiga, 8,2 mlrd. so'mi 284 nafar mijozga iste'mol kreditiga, 336 mlrd. so'mi 25 ming 569 nafar fuqaroga mikroqarzga, 906 mlrd so'mi 5 ming 695 nafar mijozga avtokreditga, 18,3 mlrd so'mi 2 ming 41 nafar talabalarga ta'lim kreditiga va 74 mlrd so'mi 13 ming 809 nafar mijozga onlayn mikroqarzga rasmiylashtirilgan.
Bundan tashqari, 2023 yil yakunlari bo'yicha “Turonbank” ATB kassalariga 1 trln 552 mlrd so'mga teng aholi omonatlari jalb etilib, bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 21 foizga o'sgan. Buning natijasida mijozlarga qulay va manfaatli bo'lgan milliy valyutada “Ipoteka”, “Ustivor”, “Imkoniyat plus”, “Maksimum onlayn” hamda xorijiy valyutada “Optimum” omonatlari taqdim etilgani ta'kidlandi.
Qolaversa, naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirish va plastik kartochkalar emissiyasini ko'paytirish bo'yicha 2023 yilda 599 ming 162 dona milliy valyutadagi plastik kartochkalar muomalaga chiqarilgan bo'lib, shundan 371 ming 710 donasi “UzCard” va 227 ming 452 tasi “Humo” tizimidagi plastik kartochkalar hisoblanadi. Shu bilan birga, “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki 3 mingga yaqin “Visa” hamda 15 ming 299 ta “MasterCard” xalqaro plastik kartochkalarini ham fuqarolarga ochib bergan. Mazkur plastik kartochkalardagi pullarni naqdlashtirish, kirim qilish va boshqa amaliyotlar uchun butun Respublika bo'yicha 144 ta “UzCard”, 132 ta “Humo” va 63 dona valyuta ayirboshlash xususiyatiga ega bankomatlar ishlab turgani ham so'zimizning tasdig'idir.
Shu o'rinda yana bir jihatni qo'shimcha qilish lozim. “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda 2022 yilda bankning yangi “MyTuron” mobil ilovasining yangilangan talqinini ishlab chiqqan edi. Yangi dizayn, zamonaviy interfeys va ko'plab bank xizmatlarini o'zida jamlagan ilovani 2023 yakunlari bo'yicha 150 mingdan ortiq foydalanuvchilar yuklab olishgan va identifikatsiyadan muvaffaqiyatli o'tishgan. “MyTuron” mobil ilovasi bir necha daqiqa ichida onlayn mikroqarz olish, “UzCard”, “Humo”, “Visa” va “Mastercard” plastik kartalariga buyurtma berish, “Humo Virtual” kartasini bepul ochish kabi ko'plab qulay vazifalari bilan mijozlarning ishonchiga erishgan.
Anjumanda OAV vakillari bilan savol-javob ham o'tkazildi. Ularning savollariga bank rahbariyati tomonidan atroflicha javoblar berilar ekan, bugungi kunda mijozlar uchun taklif etilayotgan va ommalashib borayotgan bank mahsulotlariga ham to'xtalib o'tildi.
Xususan, birlamchi va ikkilamchi bozordan xonadon xarid qilish istagida bo'lgan mijozlar uchun 10 yildan 20 yilgacha bo'lgan muddatga, yillik 16 foizdan boshlab, hech qanday rasmiy daromadsiz, 416 mln so'mgacha ipoteka krediti ajratilmoqda ekan. Albatta, shartlar siz tanlagan uy va uning boshlang'ich to'loviga qarab o'zgarishi mumkin.
Qolaversa, o'zini o'zi band qilgan fuqarolarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash maqsadida “Biznesga birinchi qadam” nomli kredit turi ham ishlab chiqilganligi aytildi. Uning doirasida fuqarolarga 5 mln so'mgacha bo'lgan moliyaviy ko'makni hech qanday boshlang'ich to'lov va garovlarsiz, shunchaki sug'urta polisi yoki uchinchi shaxs kafilligi bilan olishlari mumkin bo'ladi. Agarda ular o'z bizneslarini yanada kengaytirish istagida bo'lsalar qo'shimcha yana 300 mln so'mgacha mikrokredit ham ajratiladi. Faqatgina bunda ko'char, ko'chmas mulk yoki avtotransport vositasi garov sifatida taqdim etilishi lozim.
Qolaversa, mijozlarga “Iste'mol krediti”, “Mikroqarz”, “Rasmiy daromadsiz mikroqarz”, “Sayohat uchun kredit”, “Sog'liqni saqlash uchun kredit” va “Ta'lim krediti” kabi mahsulotlar ham taqdim etilmoqda. Ular haqida batafsil bankning www.turonbank.uz rasmiy saytida tanishishingiz mumkin.
E'tiborga molik jihati, “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki mamlakat moliya bozoridagi o'z o'rni va imijini yanada mustahkamlab, jismoniy va yuridik shaxslarga ko'plab yangi xizmat va mahsulotlarni taqdim etayotgan ishonchli moliya muassasalaridan biridir. Aytish mumkinki, eng ilg'or va yaxshilaridandir.
Islom ASILBEKOV,
“Hurriyat” muxbiri.
Reklama huquqi asosida