Singapurda O'zbekiston sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi

Yil oxirigacha Singapurdan O'zbekistonning qadimiy shaharlariga to'g'ridan-to'g'ri charter reyslarini tashkil etish to'g'risida kelishib olindi
Singapurda “O'zbekiston: sivilizatsiyalar chorrahasi” deb nomlangan keng ko'lamli roud-shou taqdimoti bo'lib o'tdi.
Mamlakatimizning yangi sayyohlik dasturlari namoyish etilgan tadbir O'zbekiston Turizm qo'mitasi, Milliy PR markazi va yurtimizdagi yetakchi sayyohlik kompaniyalari tomonidan uyushtirildi. Unda Singapur sayyohlik sohasining 60 dan ziyod vakillari, jumladan, turizmni targ'ib qilish va islom turizmiga ixtisoslashgan tashkilotlar, yetakchi turoperatorlar va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Singapur tomonining alohida e'tibori O'zbekistonning tarixiy, madaniy, ziyorat, qishki, gastronomik va ishbilarmonlik turizmi imkoniyatlariga qaratildi.
O'zbekiston san'at ustalari ijrosidagi mumtoz o'zbek kuy va qo'shiqlari hamda raqslar ishtirokchilarga betakror o'zbek milliy madaniyatini his qilish imkoniyatini taqdim etdi.
Roud-shou taqdimoti davomida, shuningdek, ikki davlat sayyohlik kompaniyalari vakillari o'rtasida B2B shaklidagi muzokaralar o'tkazildi. Muzokaralar natijasida singapurlik sayyohlar uchun O'zbekistonga yangi turlarni tashkil etish bo'yicha aniq kelishuvlarga erishildi. Shuningdek, yil oxirigacha Singapurdan O'zbekistonning qadimiy shaharlariga to'g'ridan-to'g'ri charter reyslarini tashkil etish to'g'risida kelishib olindi.
“Dunyo” AA