Bir o'lkaki, qishlarida shivirlar bahor…
O'zbekiston o'zining boy tarixi, madaniy merosi va betakror tabiati bilan nafaqat mahalliy, balki xorijiy turistlarni ham o'ziga jalb qilmoqda. Keyingi yillarda mamlakatda turizm sohasini rivojlantirish, xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun qulay imkoniyatlar yaratishga qaratilgan keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda.
Ha, so'nggi yillarda mamlakatimizda turizm infratuzilmasini yaxshilashga katta e'tibor qaratilmoqda. Zamonaviy mehmonxonalar, xostellar va turizm xizmatlarini ko'rsatuvchi markazlar barpo etilmoqda. Shuningdek, tarixiy shaharlarda restavratsiya ishlari amalga oshirilib, madaniy ob'yektlar ko'rkamlashtirilmoqda.
Ayniqsa, Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Termiz kabi tarixiy shaharlar milliy va xalqaro sayyohlarni o'ziga jalb etmoqda. Xususan, 2022 yilda Samarqandda “Ipak yo'li” xalqaro turizm markazining ochilishi ushbu yo'nalishdagi muhim qadam bo'ldi. Bu markaz nafaqat tarixiy obidalarni ko'rish, balki madaniy tadbirlarda ishtirok etish imkonini bermoqda.
Xorijiy turistlarni jalb qilish maqsadida vizalar siyosati yengillashtirildi. Bugungi kunda 90 dan ortiq davlat fuqarolari O'zbekistonga vizasiz tashrif buyurish imkoniyatiga ega. Shuningdek, elektron viza tizimi joriy etilib, vizalarni olish jarayoni tezlashtirildi.
Bundan tashqari, transport infratuzilmasi ham takomillashtirilmoqda. Samarqand va Toshkent shaharlari o'rtasidagi yuqori tezlikda harakatlanuvchi poezdlar xorijiy mehmonlar uchun qulaylik yaratdi. Xalqaro aeroportlar rekonstruksiya qilinayotgani ham xorijiy sayyohlarning tashrifini osonlashtirmoqda.
Shuningdek, o'tgan 2024 yilda O'zbekiston turizm salohiyatini Yevropa, Shimoliy Amerika, Osiyo-Tinch okeani, Yaqin Sharq, Xitoy va Markaziy Osiyo mintaqalarida keng targ'ib qilish maqsadida “World Media Group” va “Blue Sky”, “Sky one”, “Wanderlust”, “Euronews”, “BBC”, “National Geographic”, “CNN” “Travel Tomorrow”, “Warner Bros. Discovery”, “Saga travel Group” xalqaro mediakorporatsiyalari, shuningdek, “Ctrip.com”, “Holiday factory”, “Voyage Prive” onlayn sayohat platformasi kabi bir qator xorijiy tashkilotlar va televidenielar bilan shartnomalar asosida xalqaro miqyosda mamlakatimiz imiji ilgari surildi.
Quvonarlisi, dunyoning yetakchi 16 ta mamlakatida bo'lib o'tgan 18 ta xalqaro yarmarkada yurtimiz vakillari milliy turizm stendi bilan ishtirok etishdi. 12 ta xorijiy davlat (Xitoy, Eron, Tojikiston, Buyuk Britaniya, Malayziya, Singapur, Indoneziya, Quvayt, Belarus, Vengriya, Koreya, Rossiya)da madaniy va taqdimot tadbirlari o'tkazildi.
Mahalliy sayyohlar uchun ham bir qator qulayliklar yaratilmoqda. O'zbekistonning har bir viloyatidagi sayyohlik maskanlari va kurort zonalari yangi qiyofa kasb etmoqda. Masalan, Chorvoq, Qumqo'rg'on va Bo'stonliq kabi hududlarda ekologik turizm darajasi rivojlandi.
Shu bilan birga, mahalliy aholi uchun ichki turizmni targ'ib qilish maqsadida transport va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar joriy etildi. Milliy madaniyat va an'analarga bog'liq festivallar, ko'rgazmalar va bayramlar mahalliy sayyohlarning e'tiborini tortadi.
Biroq sohada ayrim muammolar ham mavjud. Birinchi navbatda, ayrim infratuzilma ob'yektlari zamonaviy talablarga javob bermaydi. Qishloq turizmi va ekologik yo'nalishlarga yetarli darajada e'tibor qilinmayapti.
Bundan tashqari, turistik xizmatlarning sifatini oshirish uchun kadrlar tayyorlashga alohida e'tibor qaratish zarur. Turizm bilan bog'liq bilim va ko'nikmalarga ega bo'lgan yosh mutaxassislarni jalb qilish muhim ahamiyatga ega.
Echim sifatida infratuzilmani modernizatsiya qilish, qishloq turizmini targ'ib etish va kadrlar malakasini oshirish bo'yicha yangi dasturlarni ishlab chiqish mumkin. Shuningdek, mahalliy va xalqaro reklama kampaniyalarini kuchaytirish orqali O'zbekistonning sayyohlik salohiyatini yanada kengroq yoritish lozim.
Islom Egamberdi o'g'li.