“O'zbekiston – 2030”: Davlat va fuqarolik jamiyati o'rtasidagi hamkorlik kengaymoqda
Kuni kecha poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “O'zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish va uning ijrosini ta'minlashda nodavlat notijorat tashkilotlarning o'rni” mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi.
“Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbirda davlat organlari, vazirlik va idoralar, NNTlar, xalqaro tashkilotlar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Qayd etish joiz, “O'zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyotining asosiy yo'nalishlarini belgilab beruvchi, inson manfaatlari va jamiyatning barcha qatlamlarini qamrab olishga qaratilgan muhim hujjat hisoblanadi. Prezidentimiz tomonidan 2023 yil 11 sentyabr kuni qabul qilingan “O'zbekiston – 2030” strategiyasi to'g'risida”gi Farmonda mazkur strategiyaning amalga oshirilishiga fuqarolik jamiyati institutlarini keng jalb etish, monitoring jarayonida ularning ishtirokini ta'minlash alohida qayd etilgan.
Shu munosabat bilan NNTlarning jamiyatdagi faol, mustaqil, tashabbuskor institut sifatidagi o'rni yanada ortmoqda. Davra suhbatida mazkur hamkorlikni mustahkamlash, hamkorlik mexanizmlarini aniq belgilash va kelgusi qadamlar bo'yicha amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov “O'zbekiston – 2030” strategiyasi — xalq strategiyasi ekani, islohotlarning markazida inson manfaati turishi lozimligi, jamiyat fikri, fuqarolar nazorati va NNTlar faoliyati strategiya ijrosini baholashda muhim mezon ekani, davlat va jamiyat o'rtasidagi ochiq muloqotni kuchaytirish bugungi kunning eng muhim talabi ekani yuzasidan fikr yuritdi.
— Islohotlar markazida inson turgan joyda strategiya muvaffaqiyatli bo'ladi. Hozirgi global sharoitda hech bir davlat islohotlarni yolg'iz amalga oshira olmaydi. Davlat va jamiyat o'rtasidagi hamjihatlik, ochiq muloqot va o'zaro ishonch — samarali boshqaruvning asosiy mezoniga aylandi. Shu bois, fuqarolik jamiyati institutlarining roli bugun amaliy davlat siyosatining o'zagidir.
Huquqiy demokratik davlat qurishda fuqarolik jamiyatining o'rni — zamon talabi. Davlat boshqaruvining samaradorligi endi faqat ichki jarayonlarga emas, balki davlatning qay darajada eshitishi, tushuntirishi va hisobdor bo'lishiga bog'liq, — dedi Eldor Tulyakov.
Tadbir davomida strategiyadagi maqsad va ko'rsatkichlarning izchil, sifatli va o'z vaqtida bajarilishi yuzasidan samarali jamoatchilik nazoratini o'rganish maqsadida ishga tushirilgan maxsus onlayn portal — “uzbekistan2030.uz” haqida ham ma'lumot taqdim qilindi.
Ta'kidlanganidek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan yuritiladigan ushbu platforma orqali aholi Strategiya va Davlat dasturlarining ijrosi, shuningdek, har bir maqsad va ko'rsatkichlar yuzasidan o'z fikr-mulohazalari hamda takliflarini bildirish imkoniyatiga ega. O'z navbatida, Markaz xodimlari barcha taklif va tashabbuslarni umumlashtirib, har oyda Respublika komissiyasiga taqdim etib boradi.
Shuningdek, har yili BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg'un holda strategiyaning amalga oshirilishi tahlil qilinib, jamoatchilikka e'lon qilinadi. Tadbirda mazkur platforma taqdimoti o'tkazilib, uning imkoniyatlari, jamoatchilik fikrini taqdim etishi, Strategiya va Davlat dasturlari ijrosi haqidagi ochiq ma'lumotlar, fuqarolar fikrini to'plash mexanizmi va loyihalarning batafsil statistik ma'lumotlarini e'lon qilib borilishi tartiblari haqida ma'lumotlar berildi.
Davra suhbatida ishtirok etgan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o'rinbosari Mavludaxon Xodjayeva o'z nutqida “O'zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosini ta'minlash, qonunlar sifatini oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va ijtimoiy faollikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar haqida to'xtalib o'tdi.
— Parlament va fuqarolik jamiyati institutlari o'rtasidagi konstruktiv muloqot va hamkorlikni kengaytirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda bu borada faoliyatimizning tashkiliy-amaliy mexanizmlari yaratilgan.
Jumladan, Qonunchilik palatasining har bir qo'mitasi huzurida Jamoatchilik kengashlari tashkil etilgani fuqarolik jamiyati institutlarining norma ijodkorligi va parlament nazorati jarayonlaridagi ishtirokini yanada kengaytirdi, — dedi Spiker o'rinbosari.
Davra suhbati yakunida NNTlar uchun yangi grant mexanizmlarini shakllantirish, davlat organlari bilan o'zaro axborot almashinuvini takomillashtirish, jamoatchilik nazoratining huquqiy asoslarini yanada kuchaytirish, ekologik va ijtimoiy dasturlarda NNTlar ishtiroki samaradorligini oshirish, O'zbekistonning milliy strategiyalarini amalga oshirishda xalqaro tajribadan foydalanish bo'yicha fikrlar ilgari surildi.
O'z muxbirimiz.
